YOZISHMA SIRLIGI

YOZISHMA SIRLIGI — insonning konstitutsiyaviy huquqlaridan biri. Yozishma sirligi pochta va telegraf orqali barcha jo’natmalar (xatlar, telegrammalar, posilkalar, o’tkazmalar), telefonda so’zlashuv va boshqa xabarlarning daxlsizligini; yozishma va xat-xabarlarni ochib ko’rish va ular mazmunini oshkor etish taqiqlanishini bildiradi. O’zbekistonda jinoyatchilikka qarshi kurash, jamoat tartibotini va davlat xavfsizligini ta’minlash maqsadlarida qonunda ko’zda tutilgan hollardagina Yozishma sirligini cheklashga yo’l qo’yiladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 27-moddasiga binoan, qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari, hech kim yozishmalar va telefonda so’zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.