YOMG’IR CHUVALCHANGLARI

YOMG’IR CHUVALCHANGLARI, yer chuvalchanglari — kam tukli halqalilar sinfiga mansub chuvalchanglar bir necha oilasining umumiy nomi. Tanasining uzunligi bir necha santimetrdan tropik turlari 2,5 metrgacha. O’zbekistonda uchraydigan turlari 15-20 santimetrdan oshmaydi. Tanasidagi halqalar soni 80 dan 450 gacha. Har bir halqasida 4 juftdan yoki undan ko’proq tuk bor. Tuklar Yomg’ir chuvalchanglari o’rmalaganida tayanch bo’ladi. Maxsus sezgi organlari rivojlanmagan, biroq terisida juda ko’p sezgir hujayralari bor. Terisi orqali nafas oladi. Qon aylanish sistemasi tutash, yuragi bo’lmaydi. Qoni qizil, uning tarkibida gemoglobin bor. Nerv sistemasi bitta halqum usti nerv tugunidan va qorin nerv zanjirini hosil qiluvchi birmuncha mayda qorin nerv tugunlaridan iborat. Chiriyotgan organik qoldiklar bilan oziqlanadi. Tuprokda yashaydi, yomg’irdan so’ng tuproq yuzasiga chiqqanligi sababli “Yomg’ir chuvalchanglari” nomini olgan. Germafrodit, tuxumini pillaga qo’yadi. Yomg’ir chuvalchanglari in qazib tuproqni yumshatadi, uning chuqur qatlamlariga havo o’tishi va suv shimilishiga imkon beradi; tuproq qatlamlarini aralashtiradi; o’simlik qoldiklari chirishini tezlashtiradi; tuproqni gumusga boyitib, unumdor qiladi. Yomg’ir chuvalchanglari aralasho’rmon, o’rmoncho’l va qora tuproqli nam iqlimli mintaqalarda ayniqsa ko’p (1 metr kvadrat tuproqda 300 dan ortiq) bo’ladi. Yomg’ir chuvalchanglari O’rta Osiyo mintaqasida asosan ariqlar yaqinida, sug’oriladigan nam tuproqli yerlarda uchraydi. Yomg’ir chuvalchanglarining 1500 ga yaqin, jumladan O’zbekistonda 20 dan ortiq turi ma’lum. Sug’oriladigan yerlarda Nicodrilus caliginosus, Oxtolasium lacteum keng tarqalgan. Ayrim Yomg’ir chuvalchanglari biologik gumus olish maqsadida ko’paytiriladi. Yomg’ir o’lchagich atmosfera yog’inlari (shu jumladan, yomg’ir) miqsorini o’lchash uchun mo’ljallangan asbob.