YOMG’IRLATIB SUG’ORISH

YOMG’IRLATIB SUG’ORISH qishloq xo’jalik ekinlariga suvni yomg’ir shaklida berish usuli; sun’iy yomg’ir hosil qilishda ko’chma yoki ko’chmas yomg’irlatish mashinalari va qurilmalari ishlatiladi. Yomg’irlatib sug’orish bo’yicha tadqiqotlar bir necha mamlakatlarda 19 asrda o’tkazilgan, 20 asr boshlaridan ishlab chiqarishda qo’llanila boshladi. Ko’pgina chet mamlakatlarda (AQSh, Italiya, Germaniya, Vengriya, Bolgariya., Chexiya va boshqalar) Yomg’irlatib sug’orish keng miqyosda qo’llaniladi. Qozog’istonda va Qirg’izistonda ekin maydonlarining katta qismi shu usulda sug’oriladi. Yomg’irlatib sug’orish ayniqsa namlanish beqaror bo’lgan maydonlarda sabzavot, yemxashak, g’alla, texnika ekinlari, meva va rezavorlar yetishtirishda ko’p qo’llaniladi. Sug’orma dehqonchilik zonasida chuchuk va qisman minerallashgan grunt suvlari yer yuzasiga yaqin joylashgan o’tloqi va bo’zo’tloqi tuproqlarda hamda suv o’tkazish qobiliyati yuqori bo’lgan tuproqlarda Yomg’irlatib sug’orish qo’llaniladi. Egatlar orqali yoki tuproq sirtidan sug’orishning boshqa turlariga qaraganda Yomg’irlatib sug’orish qator afzalliklarga ega: o’simlik rivoji uchun qulay sharoit yaratadi, faqat tuproq namini oshiribgina qolmay, qavoning yer yuzasiga yondosh qatlamida ham namlikni ko’paytiradi, havo haroratini pasaytirib, bug’lanish va o’simlik transpirasiyasi sarfini kamaytiradi. Yomg’irlatib sug’orish o’simlikdagi changni yuvib, ularning nafas olishini, organic moddalar to’planishini kuchaytiradi, o’simlik rivojlanishini yaxshilaydi, barcha fiziologik jarayonlarni faollashtiradi. Yomg’irlatib sug’orish relefi murakkab hamda suv o’tkazuvchanligi yuqori bo’lgan jinslarda joylashgan yerlarda, tuproq qatlami yupqa joylarda, suvni oqizib sug’orish katta hajmdagi tuproq tekislash ishlarini talab etadigan yoki suv filtrasiyasi sarfi katta bo’lgan dalalarda o’simlik uchun qulay namlikni saqlashga imkoniyat yaratadi. Yomg’irlatib sug’orishda muvaqqat sug’orish shoxobchalariga ehtiyoj qolmaydi, natijada yer maydonida to’laroq foydalaniladi. Yomg’irlatib sug’orishda oqizib sug’orishga nisbatan grunt suvlari yer yuzasiga yaqin (1-2 metr) chuqurlikda joylashgan o’tloqi tuproqlarda sug’orish normasi 1,5—2,0 marta, tipik sur tuproqlarda 15-20% ga kamayadi. Yomg’irlatib sug’orish suvni sarflashda tejamkorlik ta’minlash bilan birga suv bilan birga o’g’it berishga imkon beradi, mehnat unumdorligini oshiradi. DDAYUOM markali bitta yomg’irlatish mashinasi sutkasiga 8-10 gektar yerni sug’orib, 12 15 suvchining ishini bajaradi. Yomg’irlatib sug’orishni galla—g’o’za—beda almashlab ekish kompleksiga kiruvchi beda, jo’xori, sudano’t va shu kabi o’simliklar ekilgan maydonlarda ham qo’llash mumkin. Yomg’irlatib sug’orish samarasi asosan suv tomchilarining jadalligi va o’lchamlariga bog’liq. Tomchilar diametrik 1,5—2,0 millimetr atrofida, yomg’ir jadalligi tuproqning suv o’tkazish qobiliyatidan kichik bo’lganda sug’orishda yaxshi sifatga erishish mumkin. Muayyan sharoit uchun bu ko’rsatkichlar, odatda, tajriba yo’li bilan aniqlanadi. Mexanik tarkibi og’ir bo’lgan (masalan, tipik sur) tuproq sharoitida yomgir tezligi minutga 0,1 dan 0.2 millimetrgacha, o’tloqiallyuvial, o’tloqibotqoqi tuproqlarda 0,25—0,3 millimetr, o’rta va yengil tuproqlarda 0,3—0,4 millimetrni tashkil etadi. Sug’oriladigan maydonda suvning bir tekis tarqalishini, Ko’lob va oqim hosil bo’lmasligini ta’minlash lozim. Yomg’irlatib sug’orish uchun daryo, kanal va boshqa suv manbalaridan foydalanish mumkin. Suv keltirgich (kanallar, doimiy suv quvurlari) va tarqatgich (ochiq, yopiq va aralash) tarmoqlari orqali sug’oriladigan uchastkadagi yomg’irlatish mashinalari va qurilmalariga beriladi. Yomg’irlatib sug’orish usuli qo’llanilganda suv keltirgich va tarqatgich tarmoqlarni joylashtirishda sug’oriladigan uchastka shakli mumkin qadar to’g’ri burchakli bo’lishi, uning kengligi yomg’irlatish mashinasining qanoti uzunligidan 2 marta katta bo’lishi kerak. Ariq va suv quvurlari birbiriga parallel joylashtiriladi. Ad.: Sattarov F.M.,Mednis M. N., Sostoyaniya i perspektivi mexanizasii i avtomatizasii poliva xlopchatnika, T., 1976; Ahmedov X. A., Sug’orish melioratsiyasi, T., 1977. Masharif Boqiyev.