“YOSH TURKISTON”
“YOSH TURKISTON” (“Yas Turkistan”) — xorijda nashr etilgan ijtimoiy-siyosiy jurnal. Parijda turkiy tilda, Arab alifbosida chop etilgan (1929-39). 117 ta soni (ba’zilari qo’shma son) nashrdan chiqqan. U muxrjirotdagi turkistonliklar mablag’i bilan nashr etilgan. Jurnalga Mustafo Cho’qay muharrirlik qilgan. Tohir Chig’atoy, Abduvahob O’qtoy, A. Toshkentli, Usmon Xo’ja va Validiy faol qatnashdi. Jurnalni tashkil etishdan maksad sovet mustabid tuzumi kirdikorlarini fosh etish, mustamlakachilik siyosati oqibatida Turkistonda yuz berayotgan fojialar xususida oshkora so’z yuritish, shu yo’l bilan jahon afkor ommasining e’tiborini o’lkaga qaratishdan iborat bo’lgan. Jurnal sahifalaridan o’rin olgan maqolalarda o’sha kezlari o’lkada dolzarb bo’lgan qator ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammolar haqida so’z yuritilgan. Xalqni yurt ozodligi uchun kurashga da’vat etilgan. Jurnada adabiy-badiiy asarlarga ham keng o’rin ajratilgan. Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho’lpon, Mag’jon Jumaboy, Elbek, Abduvahob O’qtoy kabi adiblar va havaskor shoirlar ijodidan namunalar berilgan. hozirgi “Yosh Turkiston” ning to’liq taxlami Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti, Berlin universiteti, Anqaradagi Ayoz Tohir Turkiston Idil O’rol vaqfi kutubxonalarida saqlanadi. Usmon Xo’janing o’g’li Temur Xo’ja “Yosh Turkiston”ning 1929-30 yillarga oid qismini bir kitob shaklida qayta nashr qildirdi (Istanbul, 1997, 1jildi). Norali Ochilov.