YOSH TOMOSHABINLAR TEATRI
YOSH TOMOSHABINLAR TEATRI, Yo’ldosh Oxunboboyev nomidagi O’zbek davlat respublika yosh tomoshabinlar teatri — bolalar teatri. Toshkentda rus yosh tomoshabinlar teatri tarkibidagi o’zbek qo’g’irchoq truppasi zamirida 1929 yilda milliy studiya sifatida tashkil etilgan. Teatrning birinchi rejissyor va aktyori Nurxon Eshmuhamedov, birinchi rassomi Shonazir Shorahimov. 1930 yil studiyachilar bir necha pyesalarni sahnalashtirib professional teatr darajasiga ko’tarildi. 1943 yildan Yo’ldosh Oxunboboyev nomida. 1968 yil teatr rus yosh tomoshabinlar teatridan ajralib chiqdi. Teatr asosini A. Ismoilov (asosiy rejissyor), N. Eshmuhamedov, S. Qobulova, H. Abdullayev, M. Usmonova, M. Soliyev, I. Odilov, Z. Soqiyev, A. Mavlonov, Q. Mavlonova, O. Ibrohimov, J. Tojiyev, Q. Siddiqov, R. Sirojiddinov, U. Rahmon, Sh. Shorahimov va boshqalar tashkil etganlar. Dastlabki yillar teatr repertuari yosh tomoshabinlar qiziqishidan yiroq, asosan tashviqot va targ’ibot asarlaridan iborat bo’lgan. 1931 yil truppa Buxoro teatriga birlashtirilib F. Xo’jayev nomidagi Buxoro o’zbek davlat drama va birinchi o’zbek yosh tomoshabinlar teatri deb atalgan. Ya. Bobojonov badiiy rahbar va bosh rejissyor qilib tayinlangan. Jamoa qiziqarli spektakllar qo’yishiga qaramay, o’z tomoshabiniga ega bo’la olmadi, natijada aktyorlar tarqab ketdi va 1933 yil teatr vaqtincha o’z faoliyatini to’xtatdi. 1934 yil Toshkentda Yosh tomoshabinlar teatrining faoliyati qayta tiklandi va teatr jamoasi yangi aktyorlar hisobiga kengaydi. Qisqa vaqt ichida “Qutqarish”, “Kurash bolasi” (A. Ismoilov) kabi to’laqonli spektakllar sahnalashtirildi. 1937 yilda teatr truppasi Lohutiy nomidagi Toshkent teatr studiyasini bitiruvchilari hisobiga to’ldirildi. Bu davrda teatrda I. Axmedov, T. To’la, O. Tolipov, S. Bayazitova, K. A’zamova, Y. Husanboyev, V. Usmonov, N. Do’stxo’jayev, M. Qoriyev, M. Yo’ldosheva, M. Hamidova kabi aktyorlar, H. Ismatullayev, U. Ismoilov, T. Sachakova, T. Ibrohimova, J. Obidov (badiiy rahbar), Y. A’zamov, A. Turdiyev, A. Ismoilov, B. Xo’jayev, A. Grigoryan kabi rejissyorlar ijod qilganlar. Teatr repertuari “Zo’raki tabib”, “Veronalik ikki yigit”, “Rashkchi chol”, “Ikki sergak”, “Men kurash bolasi”, “Yoriltosh”, “Revizor” singari spektakllar bilan boyidi. 1947 yilda alohida san’at asarlari va arboblari faoliyatiga nisbatan sub’ektiv yondashuv hamda iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli truppa faoliyatini vaqtincha to’xtatib Toshkentdan gastrol safariga jo’nab ketadi. Faqat 1948 yilning oxirida qayta tashkil qilingan jamoa faoliyat ko’rsata boshladi. Teatr oldingi eng yaxshi spektakllarni tiklash bilan bir qatorda, e’tiborni asosan ertak janriga va mumtoz asarlarga qaratdi. “Semurg'”, “To’g’ri va egri”, “Skapenning nayranglari” va boshqalar shular jumlasidan. 50 yillarning oxirlaridan teatr oliy ma’lumotli rejissyor va aktyorlar (V.Qodirov, K. Xonkeldiyev, B. Nurmuhamedov va boshqalar) bilan ta’minlanadi. 50—80 yillar teatr sahnasidan bolalarga bag’ishlangan “Chiranma g’oz…”, “Alivali”, “Qovoqvoy va Chanoqvoy”, “Doktor Hakimning g’aroyib ixtirosi”, yoshlar qayotiga bag’ishlangan “Dil tortsa”, “O’n sakkiz yoshligim”, qahramonlik, tarixiy-biografik mavzuda “Abdulla Nabiyev”, “Amu qahramonlari”, “Toshkent — non shahri”, “Donishmandning yoshligi”, mumtoz asarlardan “Uch mushketyor”, “Gavrosh”, “Revizor”, “Noraso”, “Oltin tulpor”, shuningdek, “Shum bola” kabi spektakllar sahnalashtirildi. Yosh tomoshabinlar teatrining faoliyati respublikada bolalar teatriga asos solib, bu sohada taraqqiyot yo’lini belgilab berdi. Teatrda turli yillarda R. Pirmuhamedov, A. Ismatov, M. Kuznesova, Ya. Bobojonov, I. Ladigin, A. Ginzburg, N. Ivanov, Q. Xo’jayev, X. Sa’diyev va boshqalar ijod qilgan. “Ot kishnagan oqshomda” spektaklidan ko’rinish. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so’ng teatr ijodiy hayotida garchand keskin burilishlar ro’y bermagan bo’lsada, uning ijodiy yo’nalishi qayta ko’rib chiqildi. Asosiy e’tibor milliy dramaturgiyani rivojlantirish, yosh tomoshabinlar ongida milliy mafkurani shakllantirish, ruhan oziklantirishda milliy dramaturgiyaga tayangan holda ish olib borish asta-sekin yo’lga qo’yila boshlandi. “Kecha va kunduz” (Cho’lpon), “Mehr ko’p ko’rgazdim” (M. Hazratqulov), “Ming bir kecha” (M. Tursunov), “Hasan Kayfiy” (G’. G’ulom), “Osmondan tanga yoqqan kun” (J. Mahmud), “Eski jo’va gavroshlari” (Sh. Boshbekov) kabi spektakllar birinchidan o’tmish tariximizga yangicha nazar bilan qarashga undasa, ikkinchidan milliy qadriyatlar, urf-odatlar, Vatanga muhabbat, mustaqillik g’oyalariga sadoqatni tarbiyalaydi. Keyingi yillar ijtimoiy, axloqiy masalalarni yorituvchi, yosh tomoshabinlar idroki va tafakkurini rivojlantirishga qaratilgan, erkin fikrlashga o’rgatadigan spektakllar teatr repertuaridan o’rin oldi: “Oq kema” (Ch. Aytmatov), “O’z uyingdasan” (M. Boboyev), “Donishmandning yoshligi” (I. Sulton), “Beozor laylaklar” (S. Sirojiddinov), “Qaldirg’ochlar” (M. Hazratqulov), “Qorinbotir” (A. Obidjon), “Essiz umr” (Yo. Mirzo, O. Sharipov), “Hayotbaxsh tomchi” (J. Mahmud), “Ot kishnagan oqshomda” (Tog’ay Murod, Respublika festivalida Gran Pri mukofoti, 1994), “Alpomish” (N. To’laxo’jayev), “Boz masxaraboz” (O. Salimov), “Advokatlik osonmi” (A. Avloniy) va boshqalar. Teatrda M. Yo’ldosheva, T. Hamdamova, Lutfulla va Gulchehra Sa’dullayevalar, D. Abdulazizova, Yo. Ziyomuhamedova, V. Saf’yanova, X. Toshpo’latov, F. Aminov, A. Ismoilov, A. Islomov, B. Fozilov, F. Umarova, Z. Askarov, A. Jo’raboyev, X. Otaxonova, H. Abdullayev, M. Qodirov, R. Mahkamov, Sh. Mansurova, Z. Yo’ldosheva va boshqa aktyorlar ijod qilmoqda. Rejissyorlardan (turli yillarda ishlagan) N. Do’stxo’jayev, A. Turdiyev, I. Ahmedov, E. Masofayev, O. Salimov, M. Boboyev, O. Soliyev, M. Mahametov, O. Sharipovlarning teatr ravnaq topishida xizmatlari katta. Teatrning badiiy rahbari — Olimjon Salimov (2001). Hamidjon Ikromov, Jo’ra Maxmudov.