YOQILG’I SANOATI
YOQILG’I SANOATI — har xil yoqilg’i turlarini qazib olish va qayta ishlash bilan band bo’lgan sanoat tarmoqlari majmui; neft qazib olish, neftni qayta ishlash, gaz, ko’mir, torf, slanes sanoatlarini o’z ichiga oladi. Yoqilg’i sanoati energetikaning yetakchi tarmoqlaridan biri. Texnika taraqqiyoti va u bilan chambarchas bog’liq holda xalq xo’jaligida energiya iste’molini jadal ko’paytiradigan ishlab chiqarishni mexanizatsiyalash, avtomatlashtirish, elektrlashtirish, issiqlik bilan ta’minlashning rivojlanishi yoqilg’ining ahamiyatini tobora oshirib boradi. Yoqilg’i moddalari, ayniqsa neft va gaz kimyo sanoatida xom ashyo sifatida ishlatiladi. Turkiston o’lkasida sanoat asosida neft qazib olish 19 asrning 80 yillariga to’g’ri keladi (1870-72 yillarda Farg’ona vodiysida 200 dan ziyod manbalari aniqlangan va hisobga olingan). 1885 yilda rus neftchisi D. P. Petrov Farg’ona vodiysi (Chimyon neft koni) da ikkita quduqdan neft qazib olishga va uni Vannovsk (hoz. Oltiariq) temir yo’l stansiyasidagi o’zining shaxsiy kichik zavodida qayta ishlashga muvaffaq bulgan. Qayta ishlash natijasida olingan kerosin aravalarga va tuyalarga yuklanib, Andijon, Toshkent, Qo’qon paxta zavodlariga, moyjuvozlarga va aholiga sotilgan. Neft qoldiqlari esa temir yo’l transportida yoqilg’i sifatida ishlatilgan. O’zbekistonda 1913 yilda 13 ming tonna neft olingan. O’zbekistonda gaz sanoatining tarkib topishi va rivojlanishi tarixi asosan 1953 yilda Qizilqum cho’lida Setalontepa hududida birinchi gaz koni ochilishi bilan boshlangan. Buxoro viloyatining gazneftli hududlarida katta hajmda ishlar olib borildi. 1956 yilning 17 oktabrda Gazli maydonidagi 600 metrlik quduqdan kuchli gaz favvorasi otilib chiqdi. Bu bilan O’zbekiston neftgaz sanoatida yangi davr boshlandi. O’zbekistonda kumirni sanoat usulida qazib olish 1930 yillar oxirida boshlangan. Kumir Toshkent viloyati Ohangaron vodiysida Angren qo’ng’ir kumir, Surxondaryo viloyatida Sharg’un, Boysun tog’ toshko’mir konlaridan qazib olinadi. 21 asr boshida O’zbekiston birlamchi yonilg’i—energetika manbalari bilan o’zini o’zi ta’minlaydigan davlatlar sirasiga kiradi. 2000 yilda 7533,6 ming tonna neft (gaz kondensati bilan birga), 56401,1 million metr kub tabiiy gaz, 2500 ming tonna ko’mir qazib olindi. Neftni qayta ishlash zavodlarida 1,7 million tonna benzin, 1,9 million tonna dizel yoqilg’isi, 0,4 million tonna kerosin, 1,7 million mazut ishlab chiqarildi. Mustaqillik yillarida O’zbekistonda neftgaz sanoatining kelgusi taraqqiyoti uchun o’ta muhim bo’lgan noyob inshootlar bunyod etildi. Ko’kdumaloq neftgaz kondensat koni jadal sur’atlar bilan o’zlashtirildi. Bu yerda 1997 yil 14 iyulda 500 atmosfera bosimda gazni haydash kompressor stansiyasi ishga tushiriddi. Ko’kdumaloq konining neft va gaz kondensatini qayta ishlash uchun Buxoro viloyatida yiliga 2,5 million tonna mahsulot ishlab chiqaradigan zamonaviy Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qurildi, Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi to’liq ta’mirlandi (2000). Umuman O’zbekistonda qazib olinayotgan gazning asosiy qismi muborak gazni qayta ishlash zavodi va Sho’rtan gaz kondensati majmuasining oltingugurtdan tozalash inshootlarida qayta ishlanmoqda. O’zbekistonda tabiiy gaz 12 ming kilometrdan ziyod magistral gaz quvurlari orqali tashilmoqda va taqsimlanmoqda. Respublikaning gaz uzatish tarmog’i MDH mamlakatlari yagona gaz tizimiga ulangan. O’zbekistonda aholini tabiiy gaz bilan ta’minlashning ishlab chiqilgan dasturi izchil amalga oshirilmoqda. O’zbekistonda qazib olinayotgan tabiiy gazning 85% idan xalq xo’jaligi tarmoqlari va aholi ehtiyoji uchun foydalanilmoqda. Uning 15% qo’shni mamlakatlarga eksport qilindi. Gazning 25% elektr stansiyalariga, 10% tarmoqning o’z texnologiya ehtiyojlariga, 19% sanoatga va 30% dan ziyodi kommunal-maishiy ehtiyojlarga yo’naltirilgan. Yoqilg’i sanoati chet mamlakatlardan AQSh, Rossiya, Kanada, GFR va boshqalarda rivojlangan. Yoqilg’i qazib olishda AQSH jahonda birinchi o’rinda turadi. Lekin shunga qaramay ayrim rivojlangan mamlakatlarda ham energiya xom ashyosi yetishmasligi bilan bog’liq bo’lgan energetika tangliklari uchrab turadi. Ad. Karimov I. A., O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, T., 1997; Djurakulov A. D., Razvitie gazovoy promishlennosti O’zbekistona, T., 1976; Livitin 3. S, Xodjimatov A. X., Istoriya neftyanoy promishlennosti O’zbekistona, T., 1985. Asror Obidov.