YOQUBOV G’ULOMIDDIN TOSHPO’LATOVICH
YOQUBOV G’ULOMIDDIN TOSHPO’LATOVICH (1950.1.3, Toshkent) — xonanda, O’zbekiston (1987) va Qoraqalpog’iston (1991) xalq artisti. Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1973). Jizzax musiqali drama teatrida (1973-74), O’zbek davlat filarmoniyasi (1967-68 va 1974 yildan) da yakkaxon xonanda. Kuchli, jarangdor va yoqimli ovozga ega. Ijrochilik uslubi emosional ko’tarinki ruhi bilan ajralib turadi. Repertuari muhabbat, go’zallik, Vatan mavzuidagi, shuningdek, raqsbop qo’shiq va ashulalardan iborat. Sozanda va bastakor A. Ismoilov bilan hamkorlikda yaratgan qo’shiqlari ommaviylashgan: “Zilola”, “Sen o’zing”, “Qaraysan”, “Oshiqnoma” va boshqalar. Repertuaridan turli xalqlar (Ozarbayjon, Eron, turk, hind, uyg’ur va boshqalar) qo’shiqlari, shuningdek, “Segoh”, “Dugoh”, G’. Yoqubov ommaviy sahnada. “Guluzorim”, “Feruz 1—II” kabi o’zbek mumtoz ashulalar o’rin olgan. 1990-yillardan boshlab kompozitor A. Rasulov bilan hamkorlikda zamonaviy estrada qo’shiqchiligi uslubida ijod etmoqda: “Dilorom”, “Begoyim”, “Qomat”, “Ketolmaysan”, “Elim deb”, “Xush kelding, muborak sarvarim Navro’z” va boshqalar. Ba’zi qo’shiqlar kuylarini Yoqubov o’zi yaratgan: “Muhabbat”, “Unutilmasin”, “Majnuntol”, “O’ylasam”, “Sening kulishlaring”, “Parvardigor asrasin”, “Bir qarasam” va boshqalar. “Majnuntol” gramplastinkasi “Melodiya” gramyozuv firmasining “Oltin disk” mukofotiga sazovor bo’lgan (1985). “Do’stlik” (1996), “El-yurt hurmati” (1999) ordenlari bilan mukofotlangan.