YOG’-MOY SANOATI
YOG’-MOY SANOATI — oziq-ovqat sanoatining o’simlik moyi ishlab chiqarish, yog’larni tozalash, gidrogenlash, dezodoratsiyalash, gliserin, margarin, mayonez, xo’jalik sovunlari, sintetik moy kislotalari asosida kir yuvish vositalari, aliflar va boshqa mahsulotlar tayyorlashni o’z ichiga oladigan tarmog’i. O’zbekistonda Yog’-moy sanoati oziq-ovqat sanoatining yetakchi tarmoqdaridan hisobanadi. Mamlakatda ishlab chiqariladigan oziqovqat sanoati umumiy mahsuloti hajmining 40% ga yaqinini beradi. O’zbekiston Respublikasida Yog’-moy sanoati rivojlanishi paxta yetishtirishning o’sishi bilan bog’liq bo’lgani sababli yog’-moy korxonalari xom ashyoga yaqin yerlarga qurilgan va respublikaning hamma viloyatlarida (Navoiy viloyatidan tashqari) mavjud. O’zbekistonning zamonaviy Yog’-moy sanoatida yiliga 3,5 million tonna chigit va boshqa moyli o’simliklar urug’larini qayta ishlash quvvatiga ega bo’lgan 21 korxona ishlaydi (2001).Korxonalar “Yog’moytamakisanoat” uyushmasi tarkibiga kiradi, tarmoqdagi eng yirik korxonalar: “Yangiyo’l yog’-moy”, “Kattaqo’rg’on yog’-moy”, “Buxoro yog’ekstraktsiya”, “Qarshi yog’ekstraktsiya”, “Qo’qon yog’-moy”, “Farg’ona yog’-moy”, “Andijon yog’-moy”, “Asaka ekstraktsiya”, “Uchqo’rg’on yog’ekstraktsiya”, “Namangan yog’ekstraktsiya”, “Toshmargyog'” (Toshkent shahri), “Surxon oziqovqatsanoat” (Denov shahri), “Guliston yog’ekstraktsiya”, “Kogon yog’ekstraktsiya”, “Urganch yog’-moy”, “Koson yog’ekstraktsiya”, “Xo’jaylimoy”, “Yog’gar” (Qoraqalpog’iston Respublikasi Beruniy shahri), “Chimboymoy” aktsiyadorlik jamiyatlari. Korxonalarda jami 227 ming tonna o’simlik moyi ishlab chiqarildi (2000). O’rta Osiyoda juda qadimdan turli o’simliklar, moyli ekinlar urug’laridan yog’olish bilan shug’ullanib kelingan. Yog’ asosan juvozpatsha olingan. Xom ashyo sifatida paxta chigiti, kunjut, zig’ir, mahsar, yer yong’oq, danaklar va boshqalardan foydalanilgan. Turkiston o’lkasida temir yo’l qurilishi va tashqi bozorlar bilan aloqaning yaxshilanishi natijasida Yog’-moy sanoati ham rivojlandi. O’zbekistonda paxta chigitidan moy oluvchi gidravlik pressli birinchi zavod 1884 yilda Qo’qonda ishga tushirilgan, 1896 yilda Kattaqo’rg’on shahrida (Samarqand viloyati) yog’ zavoi qurildi. 1913-14 yillarda 30 ta yog’ zavodi bo’lib, 57 ming tonna o’simlik yog’i ishlab chiqarilgan. Oktyabr to’ntarishidan keyin Sho’rolar hukumati barcha sanoat korxonalari kabi, yog’ zavodlarini ham natsionalizatsiya qilishi natijasida zavodlar faoliyati to’xtab qolgan. 1922 yil boryo’g’i 2 ta yog’ zavodi ishlab turgan. O’zbekistonda paxta maydonlarining kengayishi va paxta yetishtirishning ko’payib borishi bilan bog’liq holda 30-yillardan boshlab Yog’-moy sanoati sezilarli taraqqiy etdi, 1929-33 yillarda 1612 ming tonna chigit qayta ishlandi va 247,3 ming tonna o’simlik yog’i tayyorlandi. 1971 — 75 yillarda 11 million tonnaga yaqin chigit qayta ishlanib 1549,6 ming tonna o’simlik moyi tayyorlandi. 1930 yillarda hozirgi quvvati 810-950 t/sutka chigit bo’lgan Qo’qon va Kattaqo’rg’on yog’-moy kombinatlari, 1980 yilda quvvati 1200 t/sutka chigit bo’lgan Koson va Guliston yog’ ekstraktsiya zavodlari qurilib, ishga tushirildi. Yog’-moy sanoati taraqqiy etishi natijasida yangi xil mahsulotlar ham tayyorlana boshladi. Avval faqat tozalanmagan (qora) paxta yog’i tayyorlangan bo’lsa, keyinchalik yog’ni tozalash yo’lga qo’yildi va oliy navli tozalangan yog’ishlab chiqarildi, oziqovqat uchun va texnikada ishlatiladigan salomas, gliserin, moy kislotalari, margarin, mayonez, sovunlar, sintetik kir yuvish vositalari, turli loklar, bo’yoq moddalari ishlab chiqarish o’zlashtirildi. Yog’-moy sanoati chiqindilarsiz ishlash sxemasida ishlaydi. O’simlik moyi presslash va ekstraktsiya yo’li bilan olinib, ketma-ket tozalanadi va dezodoratsiyalanadi. Ayrim korxonalarda keying yillarda kungaboqar pistasi va mahsar urug’laridan yog’ ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Ishlab chiqarish quvvatlaridan to’liq foydalanish va ishlab chiqarilayotgan mahsulot turini ko’paytirish maqsadida import bo’yicha soya dukkagi olinmokda. Ularni qayta ishlashdan chiqqan soya shrotlari chorva mollari va parrandalar uchun to’yimli ozuqa hisoblanadi. Iste’mol moylarining qimmatli turlarini ishlab chiqarishda konserva zavodlarining chiqindilari bo’lgan meva-sabzavot va poliz ekinlarining danak va urug’laridan foydalaniladi. Ishlab chiqarilayotgan o’simlik moyi turlari ko’paytirilmoqda. “Qo’qon yog’-moy” aktsiyadorlik jamiyatida meva-sabzavot danaklaridan, shu jumladan, shaftoli, o’rik, uzum, bodom, tarvuz, qovun, pomidor va boshqa urug’laridan ishlab chiqarilayotgan yog’-moy mahsulotlari attorlik va oziq-ovqat sanoatida katta talab bilan foydalanilmoqda. 90 yillarning 2-yarmidan yog’-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, iste’mol va saqlash uchun qulay idishlarga qadoqlash bo’yicha yangi texnologiyalar keng miqyosda o’zlashtirilmoqda. Margarin mahsulotlari “Tashmargyog'” aktsiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilmoqda (ishlab chiqarish yillik quvvati 22,4 ming tonna). Buxoro shahrida O’zbekiston-Isroil “BuxTel” mayonez ishlab chiqaradigan zamonaviy qo’shma korxonasi tashkil etildi. Kirsovun va atirsovun tarmoqdagi 10 ta korxonada — Farg’ona, Yangiyo’l, Andijon, Urganch, Kattaqo’rg’on, Keles shahridagi korxonalarda ishlab chiqariladi (yalpi yillik quvvati 103,7 ming tonna). 1996 yildan respublikada sovun ishlab chiqarish korxonalarini yuqori sifatli xom ashyo bilan ta’minlash uchun “Urganchyog” aktsiyadorlik jamiyatida chigit soapstoki asosida yog’kislotalari (palmitin va olein kislotalari) ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Tarmoq korxonalarida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, xorijiy firmalar uskunalari bilan jihozlash ishlari davom ettirilmoqda. Korxonalarni texnikaviy jihatdan qayta jihozlashda “Krupp”, “SKET” (Germaniya), “Alfalaval” (Shvesiya), “Jon Braun”, “Karver”, “Kraun” (AQSh), “Mossoni”, “Bollistra” (Italiya), Polsha, Ukraina, Rossiya firmalari bilan hamkorlik yaxshi samara bermoqda. 1996 yildan boshlab Yog’-moy sanoati tarmog’iga to’g’ridan-to’g’ri chet el investitsiyalari jalb qilinmoqda. Buning natijasida tarmoqda 9 qo’shma korxona tashkil etildi va faoliyat yuritmoqda. Xorijiy mamlakatlardan Italiya, Germaniya, Rossiya, Ukraina, Frantsiya va AQShda Yog’-moy sanoati rivojlangan. O’z xom ashyo bazasida ishlaydi, asosan kungaboqar, zaytun va boshqa o’simlik moylari, margarin mahsulotlari, sovun va sintetik yuvish vositalari katta hajmlarda ishlab chiqariladi. Ad.: Bakirov A., El cho’michini moy qilayotganlar, T., 1996; Sotvoldiev A., Navqironlik sari qadam, T., 2000. Azamat Jamolov, Nuriddin Musayev.