Beton
Beton – bog’lovchi ashyolar, to’ldirgichlar va maxsus qo’shilmalar aralashmasidan hosil qilingan sun’iy tosh. Betonlar quyidagi asosiy xususiyatlar: vazifasi, o’rtacha zichligi, bog’lovchi turi, to’ldiruvchilar turi, to’ldiruvchi donalar yirikligi, tuzilishi va qotirish shart-sharoitlari bo’yicha tasniflanadi. Bajaradigan vazifasiga ko’ra betonlar quyidagi: oddiy, gidrotexnik, transport qurilishi, yo’l, issiqqa chidamli, konstruktiv issiqlik izolyatsiyalovchi, korroziyabardosh, dekorativ va shu kabi turlarga bo’linadi. O’rtacha zichligiga bog’liq holda betonlarning o’ta og’ir, og’ir, yengil va o’ta yengil turlari mavjud. Bog’lovchi turiga ko’ra betonlar tsementli, ohakli, shlakli, gipsli va maxsus turlar (masalan, polimerbeton, magneziya bog’lovchili beton)ga bo’linadi. Qo’llaniladigan to’ldiruvchilarning turiga ko’ra betonlarning zich, g’ovakli va maxsus to’ldiruvchilar (masalan, sochiluvchi metall, ko’piklashtirilgan granulali polistirol)ga turlari mavjud.