BAKTERIOLOGIK QUROL

BAKTERIOLOGIK QUROL, biologik qurol — odamlar, hayvonlar va o’simliklarda kasalliklar qo’zg’atuvchi, sun’iy ko’paytirilgan mikroorganizmlar, hasharotlardan iborat ommaviy qirg’in vositasi. Bakteriologik qurol asosan kasallik tarqatuvchi mikroorganizmlar (bakteriya, virus, zamburug’ va boshqalar) yuqtirilgan pashsha, chivin, kemiruvchi hayvonlardan yoki suspenziya va kukunlardan iborat. Chet el harbiy mutaxassislari odamlarga shikast yetkazadigan bakterial vositalarga toun, chin chechak, kuydirgi, tulyaremiya, manqa, sariq, isitma, brusellyoz, vabo va boshqa kasallik qo’zg’atuvchilarini; hayvonlarga shikast yetkazuvchi bakterial vositalarga oqsil kasalligi, o’lat, cho’chqalarning Afrika chumasi kasalligi, brusellyoz va boshqalarning qo’zg’atuvchilarini; o’simliklarni zararlantiruvchi bakterial vositalarga bug’doy zang kasalligi, kartoshka fitoftorasi, sholi pirikulyariozi va boshqa kasallik qo’zg’atuvchilarini kiritadi. Bakteriologik qurol mikroblari aviabomba, raketa, snaryad va boshqa qurollar orqali tarqatiladi. Bakteriologik qurollarning bir guruhi odamlarda, ba’zilari esa hayvonlarda yuqumli kasalliklar tarqatadi, o’simliklarni zaharlab quritadi. Odamlarda kasallik tarqatishda vabo, chechak, kuydirgi mikroblari, hayvonlarda esa manqa melioidoz kasalligini tarqatuvchi mikroblar va ularning zaharli moddalari qo’llaniladi. Bu mikroblar quyosh nurlariga, kimyoviy moddalar ta’siriga chidamli bo’lib, odamlar va hayvonlar orasida qisqa vaqt ichida kasallik tarqatadi. Tezda qarshi chora ko’rilmasa, epidemiya boshlanib, aholi va hayvonlarni nobud qilishi mumkin. Zamonaviy tibbiyot Bakteriologik qurollar qo’zg’atadigan kasalliklarning oldini olishga qodir. Har qanday yuqumli kasallikning xususiyatlarini o’rganib, ularga qarshi doridarmonlar tayyorlanadi. Organizmda yuqumli kasalliklarga qarshi immunitet hosil qilish uchun butun aholi ichida, harbiy qismlarda har yili emlash tadbirlari o’tkaziladi. Yuqumli kasalliklarni davolash uchun antibiotiklar ham ishlatiladi. Germaniya 1-jahon urushi (1914 — 18) da rus, frantsuz frontlarida har xil kasallik mikroblarini tarqatgan edi. Xabarovskdagi sud (1949) dan ma’lum bo’lishicha, Yaponiya Bakteriologik qurolni Xitoy va Mongoliya xalqlari orasida sinab ko’rgan. Amerika ham Vetnamdagi urushi (1966 — 68) da Bakteriologik qurolning ayrim turlarini (masalan, sholini quritish uchun) ishlatgan. Bakteriologik qurol 1925 yil Jeneva protokoli va 1972 yil BMT Konventsiyasi bilan ta’qiqlangan.