BAKUNIN MIXAIL ALEKSANDROVICH
BAKUNIN MIXAIL ALEKSANDROVICH (1814.18.5, Tver gubernyasi — 1876.19.6, Bern) — inqilobchi, anarxizm nazariyotchilaridan biri. 1848 — 49 yillardagi Yevropa (Parij, Drezden, Praga) inqilobiy harakatlarining ishtirokchisi. 1849 yil mayida Bakuninni Drezden qo’zg’oloni rahbarlaridan biri sifatida Saksoniya va Avstriya hukumatlari o’limga, so’ng umrbod qamoqqa hukm qildi. Keyinroq Bakunin Rossiya hukumati qo’liga topshirilgach, Nikolay I buyrug’i bilan Sibirga surgun etildi. 1861 yilda Bakunin u yerdan qochib, Yaponiya va Amerika orqali Londonga keldi. Turli inqilobiy tashkilotlar, nashrlar, maxfiy jamiyatlar ishida faol qatnashdi. 1868 yilda 1-Internasionalga kirib, Marks va safdoshlariga qarshi kurash boshladi. Bakunin “Davlat tuzumi va anarxiya” (1873) asarida tarix — evolyutsion jarayon, u insoniyatning “hayvonot dunyosidan” “ozodlik dunyosi” sari harakatidan iborat, degan g’oyani ilgari surdi. Uning fikricha, taraqqiyotning yuqori bosqichida zulm-istibdodga asoslangan har qanday davlat barham topadi, insonning barcha qobiliyatlari kamolga etishi uchun imkon yaratiladi.