BALANOGLOSSLAR
BALANOGLOSSLAR (Balanoglossus) –ichak bilan nafas oluvchilar sinfiga mansub chala xordalilar urug’i. Gavdasi chuvalchangsimon, uchta qismdan — xartum, yoqa va tanadan iborat, uzunligi 2,5 metrga yetadi. Boshlang’ich xordasi va nevroseli bo’ladi, lekin tuzilishi haqiqiy xordalilardan farq qiladi. Balanoglosslar dengizning uncha chuqur bo’lmagan joylarida qumga ko’milib yashaydi. Uzun muskulli xartumi qumni kavlab kirib olishga yordam beradi. Gavdasining xartumdan keyingi yoqa deb ataladigan qismi halqa shaklida tanasini o’rab oladi. Gavdasi sirtdan bir qavat kiprikli epiteliy bilan qoplangan. Epiteliy ostida tashqi halqasimon va ichki bo’ylama muskullar joylashgan. Og’iz teshigi qorin tomoniga Xartum bilan yoqa o’rtasiga ochiladi. Balanoglosslar suv tubidagi balchiqni yutib, undagi organik qoldiqlar va mayda organizmlarni ajratib olib oziqlanadi. Bir necha turi ma’lum. Shimol va uzoq Sharq dengizlarida 3 turi tarqalgan.