BALIQ
BALIQ — o’zbek xalq amaliy san’atida keng tarqalgan naqsh. Ustalar qadimdan buyumlarga turli hayvon va jonivorlarni yoki ular tanasi qismlarining (“Mol ko’zi”, “Bulbul ko’zi”, “Qush qanoti” kabi) shaklini chizish, naqsh berishni rasm qilgan. Baliq nomi bilan bog’liq naqshlar ham shular jumlasidandir. Kulollar Baliq dumini eslatuvchi “Baliq dumi”, Baliq tumshug’ini eslatuvchi “Baliq tumshuq” kabi naqshlarni sopol idishlarga tushiradilar. Pichoqsozlar esa pichoq dastasini, asosan Baliq ko’zini eslatuvchi “Baliq ko’zi” naqshi bilan bezaydilar: bunda pichoq dastasi o’yilib, unga oq, ko’k yoki qizil ko’zlar qadab, atrofiga jez va mis halqachalar o’rnatiladi. Baliq naqshlar buyumga ko’rk bag’ishlaydi.