BALIQ O’STIRISH

BALIQ O’STIRISH – hovuz va boshqa suv havzalarida baliqlarga ozuqa berib boqish. Zog’ora baliq, xonbaliq, o’txo’r baliq, sudak, ilonbaliq va boshqa baliqlarni boqish tartibi ishlab chiqilgan. Issiqsevar baliqlar (zog’ora baliq, tovonbaliq, leshch, amur va boshqa) boqiladigan hovuzlar o’tloqi va botqoqli hududlarda barpo etilib, ularga daryo, kanal, kollektorlardan hamda ko’llardan suv olinadi. Salqinsevar baliqlar (xonbaliq, sulaymonbaliq va oqbaliq) boqiladigan hovuzlar organik moddalar kam bo’lgan hududlarda qurilib, ularga buloq va ariqdan suv olinadi. Baliq o’stirish hovuziga begona baliqlar kirmasligi va hovuz ichidagi baliqlar chiqmasligi uchun suv kiradigan va chiqadigan joyiga maxsus panjara qo’yiladi. Baliq o’stirish hovuzi kelajakda undan boshqa maqsadda foydalanishni hisobga olib, kichik daryo qirg’oqlariga quriladi. Baliq o’stirish hovuzini uzoq muddat yaxshi saqlash maqsadida, uning meliorativ holatini yaxshilovchi tadbirlar amalga oshiriladi. Bu tadbirlar hovuzdan tashqarida va hovuzda o’tkaziladi. Birinchisiga suv yig’iladigan maydoncha qiyaligini zinapoyalarga bo’lish, hovuzga tushadigan suvni tozalash va uni kislorod bilan boyitish, toshqin suvlarni g’amlash, hovuz ichini loyqa bosishdan saqlash ishlari kiradi. Hovuzni vaqt vaqti bilan quritib, zarur suv-havo tartiboti yaratish, qamish, qo’g’a, lux kabi o’tlar bosishining oldini olish, hovuzda torf qatlamlari hosil bo’lishiga yo’l qo’ymaslik, hovuz tubini loyqa va boshqa cho’kindilardan tozalash ishlari ikkinchi guruhdagi tadbirlardir. Baliq o’stirishda kunjara, arpa, bug’doy va javdar kepagi, baliq uni, go’sht uni va hokazolar ishlatiladi. Baliq ovqati maxsus stolchada beriladi (stolcha suvga 0,5 — 0,75 metr botirib qo’yiladi) yoki hovuz tubiga qurilgan maxsus ovqat maydonchasiga solinadi. Baliq o’stirishda suvning harorati ham hisobga olinadi. Masalan, zog’ora baliq suvning harorati 20 — 26 gradus, xonbaliq 15 — 18 gradus bo’lganda yaxshi ovqatlanadi. Baliq o’stirishda hovuzning meliorativ holati yaxshilanadi.