BALIQCHILIK ASBOBLARI
BALIQCHILIK ASBOBLARI – baliq ovlashda ishlatiladigan asbobuskunalar. Baliq ovlash usuliga qarab suzib oladigan, Ilintiradigan, tuzoq va qarmoq tipidagi Baliqchilik asboblari bo’ladi. Suzib oladigan Baliqchilik asboblari bilan baliq suv havzalarida suzib ovlanadi. Bu xildagi Baliqchilik asboblariga nevodlar, dengiz loyqalatgichi, xalta to’r, yoyma to’r, ko’tarma to’r va boshqalar kiradi. Ilintiradigan Baliqchilik asboblariga ingichka ipdan to’qilgan to’rlar kiradi. Ular ham o’rnatib qo’yiladigan va suziladigan xillariga bo’linadi. O’rnatib quyiladigan turlar suv havzasining ma’lum bir yeriga qoziqlar bilan mahkamlab qo’yiladi. Suziladigan xillarining bir uchi qayiq yoki kemaga biriktirilib, ikkinchi uchi suv oqimiga yoki shamol yo’nalishiga qarab sudraladi. O’rnatiladigan to’rning uzunligi 150 metr, suzadigani 30 — 35 metr, eni 18 metr. Tuzoq tipidagi Baliqchilik asboblariga Venter, mereja (gardishga tortilgan to’r) tipidagi suvga qo’yiladigan turlar kiradi. Ularning ichiga baliq kiradi, lekin qaytib chiqolmaydi. Bu xildagi tuzoqlar ilgari qamish, novda va boshqa materiallardan to’qilardi. Hozir faqat to’rdan qilinadi. Qarmoq tipidagi Baliqchilik asboblariga turli xildagi qarmoqlar kiradi. Bu xildagi Baliqchilik asboblarini havaskorlar va baliq ovlash xo’jaliklari ishlatishadi.