BALLISTIKA

BALLISTIKA (Yunoncha ballo — irg’itaman) — artilleriya snaryadlari, boshqarilmaydigan raketalar, mina, bomba, o’q va boshqalarning otilgan mahaldagi harakatini o’rganadigan fan. Ichki, tashqi va eksperimental (tajriba) xillariga bo’linadi. Ichki Ballistika o’q otilganda porox gazlarining ta’siri bilan o’qning stvol ichidagi harakatini, poroxning yonishi oqibatida hosil bo’ladigan bosimini o’rganadi. Tashqi Ballistika o’qning havodagi harakatini va uning mo’ljallangan nishonga tegish qonunini o’rganadi. Eksperimental Ballistika tajriba, tekshirish va sinash qonuniyatlari bilan shug’ullanadi. Ichki va tashqi Ballistika fizika-matematika fanlariga suyanadi. Tashqi Ballistika uchun asos fanlar: nazariy mexanika, meteorologiya va aerodinamika. Ichki Ballistika uchun muhim fanlar — nazariy mexanika, molekulyar fizika, termodinamika, gaz dinamikasi va portlash nazariyasi fanlari. Ballistika fanining yuzaga kelishi N. Tartali, G. Galiliey, N. Nyuton, L. Eyler va A. N. Kro’lov nomlari bilan bog’liq.