BALZAM
BALZAM, balzamlar (Yunoncha balsamon — xushbo’y smola) — efir moylari va ularda erigan smolalar, xushbo’y birikmalar, aldegidlar, ketonlar, murakkab efirlar va boshqa moddalardan tarkib topgan tabiiy moddalar. Odatda Balzam xushbo’y shiraga uxshash, ta’mi o’tkir, quyuq suyuqliklardan iborat bo’lib, suvda deyarli erimaydi, ammo spirt, efir, xloroform, benzin va boshqa organik erituvchilarda eriydi. Aksarisi o’simliklarda normal moddalar almashinuvi mahsuloti sifatida hosil bo’lib, po’stloq yo’llarida yoki hujayralararo kamtaklarda yig’iladi; boshqalari o’simliklarda bo’lmay, po’stlog’i shikastlanganda vujudga keladi. Igna bargli daraxtlar (masalan, qarag’ay, oqqarag’ay) tanasi shikastlanganda chiqadigan shirani ham Balzam deb atashadi. Bulardan Kanada balzami optikada va mikroskopik preparatlarni montaj qilishda, oq qarag’ay balzami optikada ishlatiladi. Balzam tarkibiga qarab antiseptik, balg’am ko’chiruvchi, siydik haydovchi va mahalliy ta’sir ko’rsatuvchi xususiyatlarga ega. Balzamdan tibbiyotda dori vositasi sifatida foydalaniladi. Terpentin moyi, skipidar mazlari va linimentlari mahalliy ta’sir ko’rsatuvchi dori; skipidar bug’lari havoni ozon bilan boyitib, o’pka kasalliklariga davo bo’ladi; kopay balzami dezinfektsiyalovchi dori bo’lib, qovuq yallig’lanishi, ekzema, so’zakni davolashda qo’llaniladi. Vinilin jarohatga va yallig’langan teriga qo’yiladi, me’da va o’n ikki barmoq ichak yarasi bo’lgan bemorlarga ichiriladi.