O’ZBEK TILI
O’ZBEK TILI — turkiy tillarning qorluq guruhiga mansub tillardan; yangi uyg’ur tili bilan birgalikda qorluq-xorazm guruhchasini tashkil etadi. O’zbekiston Respublikasining davlat tili (1989 yil 21 oktyabrdagi “Davlat tili haqida”gi qonunga muvofik, o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan). Asosan, O’zbekistonda, shuningdek, Afg’oniston, Tojikiston, Qirg’iziston, Qozog’iston, Turkmaniston, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy, AQSh, Germaniya va boshqalar mamlakatlarda tarqalgan. O’zbek tilida so’zlashuvchilarning umumiy soni 25 million kishidan ortiqroq (O’zbekistonning o’zida 18 milliondan, Tojikistonda 1,2 milliondan ziyodroq, Afg’onistonda esa, turli manbalarga ko’ra, 2,5 milliondan 4 milliongacha, Qirg’iziston va Saudiya Arabistonining har birida 550-600 mingdan ortiq, Qozog’iston va Turkmanistonning har birida 320-330 mingdan ortiq) kishini tashkil etadi (2000). O’zbek tili qipchoq, o’g’uz, qorluqchigiluygur kabi 3 ta til birligi sifatida shakllanib, murakkab dialektal tarkibi bilan ajralib turadi. Unda 3 ta asosiy lahja guruhi bor. Bular: 1) qorluqchigiluyg’ur lahjasi; 2) qipchoq lahjasi; 3) o’g’uz lahjasi. Bu lahja guruhlari tarkibidagi ko’plab shevalar o’zaro fonetik, leksik va qisman morfologik jihatdan o’zaro farqlansada, ularning barchasi ham milliy O’zbek tilining, adabiy O’zbek tilining shakllanishida u yoki bu darajada ishtirok etgan. O’zbek tilining lahjalari orasida, odatda, qorluqchigil lahjasi hamda uning tarkibiga kiruvchi shevalar (Toshkent, Andijon, Farg’ona, Namangan, Qo’qon, Jizzax, Samarqand, Kattaqo’rgon, Buxoro, Qarshi, O’sh, Marg’ilon. Jalolobod va boshqalar shaharlarning shevalari) o’zbek adabiy tilining tayanch shevalari deb hisoblanadi. O’zbek adabiy tilining me’yorlarini belgilashda Toshkent shevasi fonetik jihatdan. Farg’ona, Andijon shevalari esa morfologik jihatdan tayanch shevalar deb olingan. O’zbek tilining asosiy fonetik belgilari: tayanch shevalarda, shuningdek, boshqa turkiy tillarda 8-9 unli bo’lgani holda, adabiy O’zbek tilida 6 unlining mavjudligi; ayrim shevalarga, boshqa bir qancha turkiy tillarga xos bo’lgan lab va tanglay ohangdoshligi (singarmonizm)ning adabiy O’zbek tilida yo’qligi, urg’uning, asosan, so’zning oxirgi bo’g’iniga tushishi va boshqalar morfologik belgilari: otlarning kelishik (6 ta kelishik mavjud), egalik, son (birlik va ko’plik) kategoriyalariga egaligi va shular bo’yicha o’zgarishi, jins kategoriyasining yo’kligi; singarmonizm yo’qligi tufayli so’z va shakl yasovchi qo’shimchalarning bir variantligi; sifatlarda daraja kategoriyasining (ozaytirma va kuchaytirma shakllarning) mavjudligi; olmosh va son turkumlarida so’z yasalishining yo’qligi; ko’plab ravishlarning o’ziga xos qo’shimchalar bilan hosil bo’lishi; fe’llarda mayl, nisbat, shaxsson, zamon kategoriyalarining mavjudligi va boshqalar. Sintaktik belgilari: so’zlar teng va tobe aloqada bo’lib, tobe aloqaning 3 turi (boshqaruv, moslashuv, bitishuv) mavjud; so’z tartibida aniqlovchi aniqlanmishdan, to’ldiruvchi va hol kesimdan oldin keladi. O’zbek tili so’z yasalishida affiksatsiya ustunlik qiladi. Leksik tarkibi o’z va o’zlashgan qatlamdan iborat: o’z qatlam umumturkiy va sof o’zbekcha so’zlardan tashkil topgan bo’lsa, o’zlashma qatlamda ko’plab Arabcha, forscha, tojikcha, mo’g’ulcha, ruscha va rus tili orqali kirgan baynalmilal so’zlar bor. Terminologiya, asosan, baynalmilal leksika hisobiga boyib bormoqda. O’zbek tiliga so’z o’zlashtirish majburiylik asosida emas, tillar rivojlanishining ob’yektiv qonuniyatlariga mos holda amalga oshmoqda. Turkiy xalqlar uchun mushtarak obida hisoblangan urxunenisey tosh bitiklari, O’rta Osiyo turkiy xalqlarining umumiy adabiy tili namunalari bo’lgan “Devonu lug’otit turk”, “Qutadg’u bilig” kabi o’lmas asarlar o’zbek xalqi tilining ham dastlabki yozma yodgorliklari hisoblanadi. Eski o’zbek adabiy tilining shakllanishi 14-asr oxirlari va 15 asrga to’g’ri keladi. Bu davr adabiy tilining shakllanishi va rivojlanishida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning ham ilmiy, ham amaliy xizmatlari, adabiy ijodi muhim o’rin tutadi. O’zbek adabiy tili Lutfiy, Sakkokiy, Navoiy, Bobur ijodi bilan boshlanib, Ogahiy, Furqat, Muqimiylar ijodida davom etdi, sayqal topdi. Hozirgi o’zbek adabiy tili, eski o’zbek adabiy tilining davomchisi sifatida 20-asrning 1-choragida qarluqchigil lahjasining Toshkent va Farg’ona shevalari bazasida shakllanadi. Sho’ro davrida olib borilgan noto’g’ri til siyosati va turli tazyiqlar oqibatida O’zbek tilining turli sohalardagi vazifalari nihoyatda cheklanib qoladi. O’zbek tiliga davlat tili maqomi berilgandan keyin, ayniqsa, O’zbekiston mustaqillikka erishgach, O’zbek tili shakllanishining yangi davri boshlandi: O’zbek tili xo’jalik hayotining barcha sohalarida to’liq amal qiladigan polifunktsional til sifatida rivojlanmoqda. O’zbeklarning ajdodlari, barcha turkiy xalqlar qatori, 5-8-asrlarda urxun-yenisey yozuvidan va boshqalar qadimiy yozuvlardan foydalanganlar. 11-asrdan 1929 yilgacha Arab grafikasi asosidagi, 1929-40 yillarda lotin grafikasi asosidagi yozuvdan foydalanilgan. 1940 yildan rus grafikasi asosidagi yozuv joriy etilgan. 1993 yil 2 sentyabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi “Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida” qonun qabul qildi. Ushbu qonun 1995 yil 6 mayda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tegishli o’zgartishlar bilan qayta qabul qilindi va “Davlat tili haqida”gi qonun bilan bir qatorda, uning davomi sifatida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. O’zbek tilini ilmiy-qiyosiy o’rganish asosan Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug’atayn” asaridan boshlangan. Hozirgi O’zbek tilini atroflicha, chuqur o’rganishga esa 20-asrning 20-yillaridan kirishilgan. Bu sohadagi dastlabki tadqiqotlarni Fitrat, Elbek, Ashurali Zohiriy, E.D. Polivanov, G’ozi Olim Yunusov va K.K.Yudaxinlar boshlab berishgan bo’lsa, 30-70-yillarda S. Ibrohimov, O.Usmonov, A.G’ulomov, A.K.Borovkov, V.V.Reshetov, U.Tursunov, Z. Ma’rufov, I.Qo’chqortoyev, A.N.Kononov, F.Abdullayev, Faxri Kamol, Sh.Shukurov, I. Rasulov o’zbek tilshunosligi rivojiga munosib hissa qo’shdilar. Hozirgi kunda o’zbek tilshunosligini rivojlantirish, O’zbek tilini yangicha metodlar asosida har tomonlama o’rganish o’tgan asrning 50-yillaridan boshlab fanga kirib kelgan Sh. Shoabdurahmonov, G’.Abdurahmonov, M.Asqarova, A. Hojiyev, A.Rustamov, A.M. Shcherbak, E.Fozilov, Sh.Rahmatullaev, M.Mirtojiev, M.Sodiqova, E. Begmatov, Q.Mahmudov, A.Nurmonov, H.Ne’matov va boshqalar tilshunoslar tomonidan amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Germaniya, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqalar mamlakatlarda ham O’zbek tilini o’rganishga katta e’tibor berilmoqda. Ad.: Polivanov E.D., Vvedenie v Izuchenie uzbekskogo yazmka, ch. 1, T., 1925; Hozirgi zamon o’zbek tili [Leksikologiya. Fonetika. Morfologiya], T., 1957; Kononov A.N., Grammatika sovremennogo uzbekskogo literaturnogo yazmka, M.—L., 1960; G. Derbak A.M., Grammatika starouzbekskogo yazmka, M.—L., 1962; G’ulomov A., Asqarova M., Hozirgi o’zbek adabiy tili [sintaksis], T., 1965; Baskakov N.A., Vvedenie v Izuchenie tyurkskix yazmkov, 2 izd., M., 1969; Abdurahmonov G’., Shukurov Sh., O’zbek tilining tarixiy grammatikasi, T., 1973; O’zbek tili grammatikasi, 2jildli [1 J. — Morfologiya, 2 j. — Sintaksis], T., 1975-76; Reshetov V.V., Shoabdurahmonov Sh., O’zbek dialektologiyasi, T., 1978;hozirgi o’zbek adabiy tili, 1-qism,T., 1980; Tursunov U., O’rinboev B., O’zbek adabiy tili tarixi, T., 1982; Nurmonov A., O’zbek tilshunosligi tarixi, T., 2002. Abduvahob Madvaliev.