O’ZBEKISTON ADVOKATLAR UYUSHMASI (ASSOTSIATSIYASI)
O’ZBEKISTON ADVOKATLAR UYUSHMASI (ASSOTSIATSIYASI) — respublikada advokatlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi shaxslarni birlashtirgan mustaqil nodavlat notijorat tashkilot. 1997 yil ta’sis etilgan. Assosiasiya o’z faoliyatini O’zbekiston Respublikasining “Advokatura to’g’risida”, “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to’g’risida”, shuningdek, “Jamoat birlashmalari to’g’risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlar to’g’risida” qonunlariga hamda advokatura va advokatlik faoliyatini tartibga soluvchi boshqa me’yoriy hujjatlarga asoslangan holda yuritadi. Assosiasiyaga a’zolik ixtiyoriydir. Belgilangan tartibda advokatlik maqomiga ega bo’lgan hamda muayyan advokatlik tuzilmasi tashkiliy shaklida faoliyat ko’rsatayotgan har bir advokat unga a’zo bo’lishi mumkin. Assotsiatsiyaning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy bo’limlari mavjud bo’lib, ular 24 ta advokatlar hay’ati, 200 dan ortiq advokatlar firmasi va 300 dan ortiq advokatlik byurosidagi 2000 ga yaqin advokatni o’zida birlashtirgan. Mamlakatda kuchli mustaqil advokatura tizimini barpo etishga ko’maklashish, advokatlarni o’z vazifalarini amalga oshirish jarayonida ularning kasbiy faoliyatini himoya qilish, advokatura faoliyati, shaxs huquq va erkinliklariga taalluqli qonun loyihalarini tayyorlash va muhokama qilishda ishtirok etish, advokatlarga kasb malakalarini oshirishda amaliy yordam ko’rsatish, aholi orasida huquqiy bilimlarni targ’ib qilish, xorijiy davlatlar advokatlari va ularning uyushmalari bilan, shuningdek, inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro nodavlat tashkilotlari bilan aloqalar o’rnatish va hamkorlik qilish O’zbekiston advokatlar uyushmasining asosiy maqsad va vazifalaridir. Assotsiatsiyaning oliy boshqaruv organi 4 yilda bir marta chaqiriladigan Advokatlar assosiasiyasining s’yezdi hisoblanadi. S’yezdlar oralig’ida assosiasiya boshqaruvi faoliyat ko’rsatadi. Boshqaruv a’zolari (har bir hududiy bo’limdan 2 tadan) s’ezd tomonidan saylanadi. Assotsiatsiyaga s’yezdda saylanadigan rais rahbarlik qiladi. Uning vakolat muddati 4 yil u shu davrda saylanadigan yoki tayinlanadigan boshqa lavozimlarda ishlashi mumkin emas (ilmiy-pedagogik va advokatlik faoliyati bundan mustasno). Assotsiatsiyaning nashriy organi “Advokat press” ijtimoiy-huquqiy ommabop gazetadir (2004 yil avgusdan chiqa boshlagan). Bahrom Salomov.