BANDI TURKISTON

BANDI TURKISTON – Paropamiz tog’larining old tizmalaridan biri, Afg’oniston shimolda. Uzunligi 300 kilometr. Eng baland joyi 3809 metr (Havzi Kaud cho’qqisi). Bandi Turkiston bilan Safidko’h tizmasi orasidagi bo’ylama botiqdan Murg’ob daryosi oqadi. Bandi Turkiston shimoli-g’arbda Qorabel qirlariga qo’shilib ketadi. Tog’lar asosan ohaktosh va slaneslardan tashkil topgan, granit jinslar ham uchraydi; ko’plab daralar bilan o’yib yuborilgan, qurumlar keng tarqalgan. Iqlimi subtropik, kontinental iqlim. Yog’in yiliga 100 — 350 millimetr, asosan qish va bahorda yog’adi. Tog’ oralig’idagi vodiylarda vohalar bor. Etaklarida cho’l, tog’ dashti o’simliklari o’sadi, yuqori qismi siyrak archazor.