O’ZBEKISTON BADIIY IJODKORLAR UYUSHMASI

O’ZBEKISTON BADIIY IJODKORLAR UYUSHMASI — respublikadagi rassom, haykaltarosh, amaliy bezak san’ati ustalari va san’atshunoslarni uyushtirgan ijodiy jamoat tashkiloti. 1932 yilda O’zbekiston rassomlar uyushmasi nomi bilan tashkil etilgan; 1997 yildan hozirgi nomda. Uyushmaning asosiy vazifalari: milliy tasviriy san’atning tarixiy qadriyatlarga asoslangan o’ziga xos an’analarini, ko’rgazmalar tashkil etishni rivojlantirish, yuksak saviyadagi badiiy asarlar yaratilishi uchun shartsharoitlar yaratish. Uyushmaga o’z iste’dodini namoyish etgan rassomlar, haykaltaroshlar, amaliy bezak san’ati ustalari, tasviriy san’atga doir ishlari bilan ko’zga ko’ringan san’atshunoslar a’zolikka qabul qilinadi. A’zolarining g’oyaviy-siyosiy va professional saviyasini oshirish, ular ijodini ommalashtirish (yig’ilishlar, ilmiy anjumanlar o’tkazish, ko’rgazmalar uyushtirish va boshqalar) ga oid ishlar olib boradi, ijodiy faoliyatini uyushtiradi va moddiy ta’minlaydi. Oliy rahbar organi — S’yezd, s’yezdlararo davrda — boshqaruv. Uyushmada 1256 a’zo bor, 14 ta sho’ba (rang-tasvir, mahobatli rang- tasvir, grafika, haykaltaroshlik, xalq amaliy san’ati, amaliy bezak san’ati, plakat, bezash san’ati, miniatyura, san’atshunoslik, televideniye, kino va teatr rassomligi, dizayn, badiiy foto, yosh rassom va san’atshunoslar hamda faxriy ijodkorlar kengashi) ishlab turibdi (2005). Uyushmaga turli yillarda O’zbekiston xalq rassomlari I. Ikromov, R. Axmedov, J. Umarbekov, B. Jalolovlar rahbarlik qilganlar. 1997 yildan uyushma boshqaruvi raisi Tursunali Qo’ziyev.