O’ZBEKISTON DIZAYNERLAR UYUSHMASI
O’ZBEKISTON DIZAYNERLAR UYUSHMASI — professional dizaynerlarni birlashtirgan ijodiy jamoat tashkiloti. 1988 yilda Toshkent shahrida tuzilgan. Oliy rahbar organi — S’yezd; s’yezdlar oralig’ida har 5 yilda saylanadigan Kengash (rais, rais o’rinbosari, Kengash a’zolari) boshqaradi. Uyushmaning asosiy vazifasi: Respublikada dizaynerlik faoliyatini rivojlantirish, dizaynni, milliy dizayn yutuklarini aholi orasida va sanoatda (O’zbekiston sanoatini tashqi bozorga muvofiqlashtirish, raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish) keng targ’ib qilish, dizaynerlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga yordam berish. Uyushma Respublikada ko’rgazmalar (“O’zbekistonda dizayn”, “dizayn va to’qimachilik”, “Sharq libosi — dizaynerlar ijod manbai” va boshqalar), Festivallar (“bolajonlar — shirintoylar”, “moda — 2005” va boshqalar) uyushtiradi; xalqaro ko’rgazmalarda ishtirok etadi. Turli sohalarda xizmat qiluvchi uyushma a’zolari interer (M.Fozilov), sanoat grafikasi (A.Eroshevskaya, E.Gurov, I.Dmitriyeva va boshqalar), libos (X. H.Komilova, A.Ashurboev, A. Allaberganova va boshqalar), me’morlik (D. Nozilov), zargarlik (E.Gostev) va boshqalar sohalar dizayni bo’yicha samarali ijod qilmoqda. 1991 yildan rais — X.H.Komilova.