O’ZBEKISTON YOSHLAR TEATRI

O’ZBEKISTON YOSHLAR TEATRI — bolalar, o’smirlar va yoshlar teatri. 1928 yil Toshkentda vrach S.Eten va rassom S. Malt tomonidan rus yosh tomoshabinlar teatri sifatida tashkil etilgan. 1998 yil may oyidan hozirgi nomda. Teatr “Tom tog’aning kulbasi” (B.Stou) spektakli bilan ochilgan. “Zolushka”, “Qor malikasi”, “Oppoqoyim va yetti gnom” kabi ertaklardan tashqari kata yoshdagi bolalar uchun ham spektakllar (“Don Kixot”, “Ikki boyga bir malay”, “Gorkiyning yoshligi” va boshqalar) qo’yilgan. Teatrda turli yillarda rejissyorlardan A. Ginzburg, N.Ladigin, Ya. Lobach, I.Radun, aktyorlardan V. Sultonova, T.Tsinkoburov va boshqalar ishlagan. “Kaltakesak” (A.Volodin), “Azizim Yelena Sergeyevna” (L. Razumovskiy) kabi spektakllar Shuhrat qozongan. Teatrning ijodiy yo’nalishi milliy an’analar, shuningdek, rus va Yevropa sahna san’atiga asoslangan. Teatr spektakllari ikki til (o’zbek va rus)da ko’rsatiladi. “Zo’raki tabib”, “Kaftdagi yulduz” (“Zumrad va qimmat” ertagi asosida) kabi spektakllarda o’zbek xalq masxarabozlik va qiziqchiliklaridan keng foydalanilgan va ular zamonaviy sahna topilmalari bilan boyitilgan. “Teatr zinapoyalari” turkumi ostida qo’yilgan spektakllarda jahon teatri tarixi yoritib borilmoqda. Teatr repertuaridagi spektakllar yangi g’oyalar, ijodiy fantaziyalar sintezi va yangi ifoda vositalari bilan sug’orilgan. “Umar Xayyom burji”, “Sharora doimiy raqqosa”, “Gugurt ushlagan qiz”, “Tomdagi skripkachi”, “Iblis ayol”, “Malikai Turandot”, “Tuhfa qilingan sevgi hikoyasi”, Navoiy dostonlari asosida yaratilgan “Qushlar tili” va boshqalar shular jumlasidan. Teatr truppasi ko’pgina xalqaro festivallar (Qohira, 1992; Moskva, 1992, 1998; Samara, 2000; Isroil, 2002 va boshqalar) qatnashchisi. Teatrning xalqaro faoliyat diapazoni keng. Teatrning o’zi “Humo” nomi bilan yoshlar teatri, raqs va musiqa xalqaro festivalini o’tkazdi. Teatrda rejissyor O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist G. Mustafin, baletmeyster M.Iskandarova; O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar F.Rejamatova, J. Yusupov; artistlardan A. Milchakova, A. Xolmirzayev, A. Kartayev, D. Kuprey, B. Yo’ldoshev, V. Vasileva, O. Qayumov, L. Saido’g’li, A. Bekmurodov, V. Vladimirova, A. Trenina va boshqalar faoliyat ko’rsatmoqdalar. Teatr o’z vazifasini o’sib kelayotgan yoshlarni tarbiyalash, ularni sog’lom fikrlash, zamonga mos inson bo’lib yetishishiga xizmat qilishda deb biladi. Teatrning badiiy rahbari va bosh rejissyori — O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi N. Abdurahmonov. Muhabbat To’laxo’jayeva.