O’ZBEKISTON JAHON TILLARI UNIVERSITETI

O’ZBEKISTON JAHON TILLARI UNIVERSITETI — filolog- o’qituvchilar, lingvist, tarjimon va jurnalist kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasasi. 1992 yil 15 mayda Toshkent chet tillar ped. Institut (1948) va Respublika rus tili va adabiyoti instituti negizida Toshkent shahrida tashkil etilgan. Untda 9 fakultet (1 ingliz filologiyasi, 2 ingliz filologiyasi, nemis filologiyasi, frantsuz filologiyasi, ispan filologiyasi, rus filologiyasi, tarjimonlik, xalqaro jurnalistika, malaka oshirish), 51 kafedra, 16 o’quv laboratoriya, 10 ta kompyuter sinfi, 5 internetsinf va biznesmaktab faoliyat ko’rsatadi. Shuningdek, universitet qoshida 888 o’quvchisi bo’lgan ixtisoslashgan akademik litsey ham mavjud. Untda 7 ta ixtisoslik bo’yicha (ingliz, nemis, fransuz, ispan, rus tillari, tarjimonlik, xalqaro jurnalistika) mutaxassislar tayyorlanadi. Untda ilmiy kadrlar tayyorlash ham keng yo’lga qo’yilgan. Bu jarayon magistratura (lingvistika, tarjima nazariyasi va amaliyoti, xalqaro jurnalistika), aspirantura (milliy tillar, umumiy tilshunoslik, roman tillari, tarjima nazariyasi, german tillari, adabiyot nazariyasi, milliy adabiyot tarixi, hozirgi milliy adabiyot, jurnalistika, folklorshunoslik, pedagogika nazariyasi va tarixi, o’qitish nazariyasi va metodikasi), doktorantura (qiyosiy-tarixiy, tipologik va chog’ishtirma tilshunoslik, tarjima nazariyasi, adabiyot nazariyasi, hoz. milliy adabiyot) yo’li bilan amalga oshirilmoqda. German tillari (umumiy tilshunoslik, Sosiolingvistika, psixo- lingvistika mutaxassisliklari) hamda o’qitish nazariyasi va metodikasi (rus tili va adabiyoti, ingliz, frantsuz, nemis tillarini o’qitish metodikasi) bo’yicha 2 ta ixtisoslashgan kengash bor. Untda 2004-05 o’quv yilida 6730 talaba tahsil oldi; 582 o’qituvchi, jumladan, 16 fan doktori va professor, 97 fan nomzodi va dotsent ishladi. Universitetning kichik bosmaxonasi, “Filologiya masalalari” ilmiy jurnal hamda “Til va dunyo” ko’p nusxali gazeta, 930 o’rinli yotoqxonasi, 1 million 300 ming asarga ega bo’lgan kutubxonasi, sport majmuasi bor. Universitet qoshidagi Respublika til va madaniyat markazida 20 ga yaqin til o’rgatiladi. Untning avvalgi va hozirgi faoliyati, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashdagi yutuqlari V.V.Reshetov, G’.Abdurahmonov, A. Rustamov, J. Bo’ronov, D.O’.Ashurova, V.A.Chinnova, E.S. Aznaurova, I.A.Abutolipov, A.A.Abduazizov, G’.B.Shoumarov, G.H. Boqiyeva, O’.Q.Yusupov, A.S.Sodiqov, M.M.Irisqulov, M.I.Rasulova, M.J.Jusupov, I.P.Varfolomeyev, N. O. Ortiqov, M.N. Nishonov, M. Po’latov, H.G’ulomov, T.Z. Mirsoatov, K.Rahmonberdiyev, G.Sh.Abdullayeva, N.M.Qambarov, J.A.Yoqubov va boshqalar professor o’qituvchilar nomi bilan bog’liq. Unt jahonning yetakchi oliy o’quv yurtlari, jumladan, AQShdagi shim.Sharqiy universitet, Germaniyadagi Rur, Berlin universitetlari va Gyote instituti, Misrdagi Qohira universiteti, Xitoydagi Pekin chet tillar universiteti, Yaponiyadagi Tokio universiteti, Frantsiyadagi Strasburg jurnalistika maktabi kabi 20 dan ortiq bilim dargohlari bilan hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’ygan. Durdona Xudayberganova, Go’zal Ergasheva.