Charxiy (1900-1979)
Mumtoz adabiyotimizning eng yaxshi an’analarini yangi tarixiy davrda davom ettirgan shoir Asqarali Hamroali o‘g‘li Charxiy Qo‘qonda 1900 yil 23 fevralda tavallud topdi. Boshlang‘ich ma’lumotni eski maktabda olgan Asqarali otasidan husnixat mashq qilishni, onasidan she’r yozishni o‘rgandi. Bo‘lg‘usi shoir Hofiz, Sa’diy, Navoiy, Bedil g‘azallarini mehr bilan o‘qidi. Sulaymonqul Rojiy, Mirza Ho‘qandiy kabi qo‘qonlik shoirlardan aruz qoidalarini o‘rgandi, ko‘proq hajviyotga moyillik ko‘rsatdi. Asqarali Oktyabr to‘ntarishidan keyin Charxiy taxallusi bilan she’rlar yozib yurgan bo‘lsa-da, ularni uzoq vaqtgacha matbuotda e’lon qilmadi.
Charxiy 1938—1939 yillardan boshlab Qo‘qonda chop etilgan «Yangi Farg‘ona» gazetasida, «Mushtum» jurnalida faol qatnashdi. Shoir «Shirin va achchiq» (1959), «She’rlar» (1966), «Alixo‘ja va Xo‘jali» (1970), «Devon» (1972) nomli kitoblarini o‘quvchilarga taqdim etdi.
Charxiy ijodida lirik she’rlar bilan bir qatorda, hajviy she’rlar ham alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, u yaratgan qo‘shiqlar o‘zining ohangrabosi va nafisligi, hayo va andishaga limmo-limligi bilan tinglovchi qalbini o‘ziga rom etadi.
Charxiy mumtoz adabiyotimizning asosiy vazni — aruz sistemasida va she’riyatimizning turli janrlarida muvaffaqiyatli ijod etgan va uni rivojlantirgan iste’dodli shoirdir. U ko‘p yillar davomida Qo‘qondagi Muqimiy uy-muzeyida ilmiy xodim bo‘lib ishlab, Muqimiy adabiy merosini to‘plash va avaylab asrash ishiga munosib hissa qo‘shgan.
1975 yilda Charxiyga O‘zbekiston xalq shoiri degan faxriy unvon berilgan.
Charxiy iste’dodli g‘azalnavis, ajoyib qo‘shiqchi-shoir, jonkuyar ma’rifatchi sifatida ixlosmandlari xotirasida o‘chmas iz qoldirgan.
U 1979 yil 18 dekabrda Qo‘qonda vafot etgan.