O’ZBEKISTON ME’MORLAR UYUSHMASI

O’ZBEKISTON ME’MORLAR UYUSHMASI — respublika me’morlarini birlashtirgan ijodiy jamoat tashkiloti. 1934 yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan. O’zbekiston me’morlar uyushmasining asosiy vazifalari: me’morlikni rivojlantirish, me’morlar malakasini oshirish, yosh iste’dodlarni qo’llab-quvvatlash, faxriy me’morlar bilan ishlash, tanlovlar (shahar markazlari, yirik jamoat binolari, monumental haykal va monumentlar, eng yaxshi loyiha va qurilishlar, nashr etilgan kitob va albomlar bo’yicha), ko’rgazmalar (yosh me’mor va talabalar ijodiga bag’ishlangan, tarixiy shaharlar yubileyi va turli tarixiy sanalar munosabati bilan tanlovlar o’tkazish va boshqalarga oid) uyushtirish, xalqaro anjumanlarda ishtirok etish, xalqaro aloqalarni yo’lga qo’yish va boshqalar uyushmada 1000 ta a’zo bor (2005); uning qoshida ijodiy loyiha ustaxonalari, ko’rgazma zali mavjud. Uyushmaga malakali, oliy ma’lumotli, e’tiborga sazovor. loyihalari, qurilgan binolari, nashr etilgan ilmiy asarlari bilan tanilgan me’morlar a’zolikka qabul qilinadi. Oliy rahbar organi — Qurultoy; ular orasida Qurultoy tomonidan har 5 yilda saylanadigan Plenum (rais, rais o’rinbosari va Plenum a’zolari) boshqaradi. O’zbekiston me’morlar uyushmasining Qoraqalpog’iston, Toshkent va barcha viloyatlarda bo’limlari mavjud bo’lib, ular shaharlarni qayta qurish, tarixiy me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash sohasida ilmiy tekshirish va loyihalash ishlari olib boradi. O’zbekiston me’morlar uyushmasiga turli davrlarda G.M.Svarichevskiy, L.N.Voronin, V.O.Jahongirov, A.T.Shaxov, M.S.Bulatov, F.Yu. Tursunov. T.F.Qodirova, F.M. Ashrafiylar rahbarlik qilgan; 1998 yildan raisi A.R.To’xtayev.