O’ZBEKISTON MUSULMONLARI IDORASI

O’ZBEKISTON MUSULMONLARI IDORASI — O’zbekiston musulmonlariga rahbarlik qiluvchi Diniy tashkilot. 1943 yil 20 oktyabrda Toshkentda bo’lib o’tgan O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari qurultoyida ta’sis etilgan. Toshkentdagi Baroqxon madrasasida joylashgan. Bu tashkilot 1992 yildan Movarounnahr musulmonlari idorasi, deb yuritilgan, 1996 yildan hozirgi nomi bilan ataladi. U davlatdan ajralgan mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritadi. Idora O’zbekistondagi musulmonlar o’rtasida diniy ishlarni boshqarib turadi, Fatvolar beradi, masjidlarga Imom-xatiblar tayinlaydi, diniy xodimlar tayyorlaydi. Moddiy jihatdan Musulmonlardan masjidlarga tushadigan xayr-ehson, yordamchi xo’jaliklar va boshqalar hisobiga ta’minlanadi. Idora rahbar organi — Oliy hay’at. Uning raisi muftiy hisoblanadi. Idoraning huquqshunoslik, xalqaro aloqalar, ta’lim va kadrlar tayyorlash, masjidlar va fatvo bo’limlari bor. Toshkentdagi Imom Buxoriy nomidagi Islom institutida (1971) va o’nta o’rta maxsus Islom bilim yurti (shulardan 2 tasi xotin-qizlar bilim yurti)da kadrlar etishtiriladi. Idora muassisligida “Hidoyat” jurnali va “Islom nuri” gazetasi nashr etiladi. Idora tasarrufidagi “Movarounnahr” nashriyoti diniy adabiyotlar, diniy taqvim va boshqalarni chop etadi. Musulmonlar idorasi xorijiy mamlakatlardagi ko’pgina diniy tashkilotlar bilan aloqa qiladi. Har yili 3,5—4 ming kishining haj safarini uyushtirishda faol ishtirok etadi. Idora o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunga rioya qiladi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Din sohasidagi ma’naviy-ma’rifiy, ta’lim ishlarini va faoliyatini yanada takomillashtirishda ijtimoiy ko’mak va imtiyozlar berish to’g’risida”gi 2003 yil 22 avgustdagi 364-son qaroriga asosan idora qoshida maxsus jamg’arma tashkil etildi. U Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini asrash, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni diniy aqidaparastlik va ekstremizm xataridan himoya qilish, mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog’lomlashtirish hamda din sohasidagi ma’naviy-ma’rifiy va ta’lim ishlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Idoraga turli yillarda Eshon boboxon Abdumajidxon o’g’li (1943— 1957), Ziyovuddinxon Boboxonov (1957-1982), Shamsuddinxon Boboxonov (1982-1989), Muhammadsodiq Muhammadyusuf (1989— 1993), Muxtorjon Abdullayev (1993— 1997) raislik qilgan. Abdurashid qori Bahromov 1997 yildan raisdir.