BANDLIK XIZMATI

BANDLIK XIZMATI, aholini ish bilan ta’minlash davlat xizmati — mamlakat miqyosida aholini ish bilan ta’minlash siyosatini amalga oshirish va fuqarolarga tegishli kafolatlarni ta’minlab berish uchun tashkil etilgan davlat xizmati. O’zbekistonda 1992 yildan O’zbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan ta’minlash to’g’risida”gi qonuni (13.1.1992) asosida tashkil etilgan. Bandlik xizmati ishsizlikning oldini olish va ishsizlik oqibatlaridan ijtimoiy muhofaza qilish maqsadlarida respublika miqyosida va mahalliy darajada ish bilan ta’minlash dasturlarini amalga oshiradi, jumladan, mehnat bozoridagi holatni tahlil hamda taxmin qiladi, tegishli axborot tarqatilishini ta’minlaydi; bo’sh ish joylarini va ishga joylashtirish masalasida murojaat qilgan fuqarolarning hisobini yuritadi, ularni ishga joylashtiradi, ishlamayotgan fuqarolarni kasbga o’rgatish, qayta o’qitish va malakasini oshirishni tashkil etadi, ishsizlarni ro’yxatga olishni ta’minlaydi, ularga yordam ko’rsatadi va boshqalar. Bandlik xizmati faoliyatini pul bilan ta’minlash uchun ish bilan ta’minlashga ko’maklashish Davlat fondi tashkil etilgan. Bu fond mulkchilik va xo’jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, kooperativlar va boshqa ish beruvchilar mehnatga haq to’lash fondining 3% dan kam bo’lmagan miqdorda majburiy ajratmalari, hukumat va mahalliy boshqaruv organlari dotatsiyalari, ixtiyoriy xayriyalar va boshqalardan tashkil topali. Mamlakat miqyosida Bandlik xizmati tizimi O’zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va uning hududiy organlarini hamda mahalliy bandlik markazlari — mehnat birjalarini qamraydi. Dilfuza Rahimova.