Amir Temur tanbehlari

  • Avval tevarak-atrofga ko’z tashlanglar, keyin dushman ustiga ot solinglar.
  • Agar biron ishni qilmaslikka so’z bergan bo’lsang, uning yaqiniga ham borma.
  • Agar dushmaning mehr-shafqat, muruvvat, xayr-ehsoningni ko’rsa-yu, keyin yana dushmanlik yo’lini tutsa, uni Parvadigori olamning hukmiga topshir.
  • Agar dushmaning panohingga bosh urib kelguday bo’lsa, unga yaxshilik qil, muruvvat ko’rsat.
  • Agar mamlakat hokimsiz qolsa, unga zarar-ziyon yetdi. Hol-ahvolida fahsh (buzuqlik) yuz beradi.
  • Agar podshoh zolim bo’lib, vaziri odil bo’lsa, podshohning jabru zulmini to’xtatish chora-tadbirlari ko’radi. Agar vazir zolim bo’lsa, unda saltanat ishlari tez orada zavollikka yuz tutadi.
  • Agar sizlar tarqoq holda bo’lsalaringiz, dushmanlaringiz xuddi hovuzga sho’ng’iganday, qon daryolaringizga sho’ng’iydilar.
  • Agar fikringiz ittifoqqa kelib, orzu-havasingiz bir bo’lsa, farzandlaringiz ulg’ayib, dushmanlaringiz mag’lub bo’ladilar.
  • Agar insof bilan jahon gulshani obod bo’lur.
  • Adovat emas, adolat kerak.
  • Adolatu insof bilan Tangri bandalarinig o’zingdan rozi qil.
  • Ajal – qo’rqoqqa bahona.
  • Aslida davlat Tangri taoloning fazlu inoyatidandir, ammo sababchisi bandasi bo’ladi.
  • Donolar aytganlar: aqlli dushman johilu nodon do’stdan yaxshiroqdir.
  • Aqlli kishi uchun to’la baxt-saodat bilan kelgan xursandchilikdan ko’ra, azobu uqubatdan keyin kelgan xursandchilik afzaldir.
  • Aqli raso va xushyor kishilardan kengashu tadbir so’rab, fikrini ol.
  • Ahliga vafo qilmagan kishi oxiri jazoga mubtalo bo’ladi.
  • Bekorchi, fisqu fasodchi va ishyoqmas kishilarni viloyatu shaharingda tutma.
  • Belgilab qo’yilgan ishingni to’g’ri tadbir, qat’iy jazm, sabr-toqat va ehtiyotkorlik bilan, keyinini o’ylab qil.
  • Baxt-saodat va mulk eshiklarining menga ochilishi Seiston o’qi sababidan bo’ldi.
  • Bir yerda turaverish qo’shinning tarqalib ketishiga sabab bo’ladi.
  • Bilgan va tanigan odamlaringni unutma.
  • Bir ishga kirishmay turib, undan qutulib chiqish yo’llarini belgilan qo’y.
  • Bir ishni qilish qaror bergan bo’lsang, qilmaguncha qo’yma.
  • Bir gunohkorning o’rniga boshqasiga jabr-zulm qilma.
  • Bir kalima shirin so’z qilichni qiniga solidi.
  • Bir kunlik adolat yuz kunlik toat-ibodatdan afzaldir.
  • Bir kun keladiki, zolimlar barmoqlarini tishlab qolishadi.
  • Bilagi zo’r birni yiqar, bilimi zo’r mingni.
  • [Odamlar to’g’ri aytadilar:] bir g’ilofga ikki qilich sig’mas.
  • Birliksiz kuch bo’lmas.
  • Birovdan yomonlik axtarma, Ig’vo gapni aytsalar, eshitma.
  • Biron voqea, kor-hol bo’lmasdan turib, oldindan chora-tadbirini ko’rib qo’y.
  • Biron ishni qilishga qasd qilgan bo’lsang, butun zehning, vujuding bilan tirishib, bitirmaguncha undan qo’l uzma.
  • Biron ishni qilmoqchi bo’lsang, amirlaring bilan kengashib olgan keyin, Qur’ondan fol ochib ko’r.
  • Biron kimsaning haqi bo’lsa, haqini hech qachon unutma.
  • Biron kimsa bilan tanishgan bo’lsang, uni hech vaqt nazaringdan uzoq tutma.
  • Botir jangda bilinear, dono mashvaratda.
  • [To’g’ri aytganlariday:] botir qal’a ochadi.
  • Boshingga kulfat tushganda ham haqgo’y bo’l.
  • Boshliqsiz mamlakat – jonsiz tanadir.
  • [Juda to’g’ri aytadilar:] bugungi ishni ertaga qo’yma.
  • Bo’lib o’tgan ishga aziyat chekma, hosil bo’lgan yutuqdan ortiqcha quvonib ketma.
  • Vazirlar va amirlar xususida yaxshi-yomon gap qilsalar eshit, lekin hukm chiqarganda tamom haqiqat ochilmaguncha shoshilma.
  • Vazirning aslligi va toza naslligi ruxsat etuvchi va ta’kidlovchi farmonlaridan ko’rinib turadi.
  • Vaqt o’tgandan keyin qilichingni toshga chop.
  • Vahima dushmanga yo’ldoshdir.
  • Garchi dushman ko’rinishida o’zini do’st tutib, ichida hasad va dushmanlik turgan bo’lsa-da, u bilan murosayu madorada bo’l.
  • Goh qattiqqo’llik bilan, gohida muloyimlik bilan ish tut.
  • Gunohkorga ham, gunohsizga ham shafqat qilib, haqiqat yuzasidan hukm chiqar.
  • Davlat agar dinu oyin asosiga qurilmas ekan, tura-tuzukka bog’lanmas ekan, unday davlatning tartibi va qudrati bo’lmaydi.
  • Davlat ishlarining to’qqiz ulushini tadbir va mashvarat bilan, qolgan bir ulushini esa qilich bilan qildim.
  • Davlat lashkar va fuqroning sadoqati va fidoiyligi bilan qudratlidir.
  • Davlat to’rt narsa bilan: saltanat, xazina, sipoh va xalq bilan tirikdir.
  • Davlatni saltanat tartib-qoidalariga asoslangan holda idora qil.
  • Davlatu ne’mat martabasiga erishganingda qavm-qarindosh, tanish-bilish va boshqalarning yaxhiligini unutma.
  • Davlat va siyosat ishlarida layoqati bo’lmagan kishi zulm va sitamga barham berishga ojizdir.
  • Dorug’alar va hokimlar xalqqa zulm qilib, uni xarob qilgan bo’lsa, qilmishlariga yarasha jazolanishlari kerak.
  • [To’g’ri aytadilar]: dushmaningga ham jabr-zulm qilma.
  • Dushman ustiga lashkar tortmoqchi bo’lsang, urush-yarash xususida amirlaring bilan kengashib ol. Agar urushga moyil bo’lsalar, uning foydasini yarash ziyoniga solishtirib ko’r. Qaysi biri foydaliroq bo’lsa, o’shani ixtiyor qil.
  • [Odamlar to’g’ri aytadilar:] do’stlik imtihonda sinaladi.
  • Do’stu dushman tarafdan kimki huzuringga iltijo qilib kelsa, do’stlarga shunday muomalada bo’lginki, do’stligi ortsin. Dushmanga esa shunday muomala qilginki, dushmanligi do’stlikka aylansin.
  • Yem-xashaksiz ot dovon osholmas.
  • Yozilgan kitob avlodlar xotirasi uchun qilingan barcha narsalardan ko’proq va uzoq yashaydi.
  • Johil rahbaring bo’lganidan ko’ra rahbarsiz o’tgan yaxshi.
  • Zinodan tug’ilgan kishi unga yaxshilik qilgan kishiga yomonlik qilmaguncha, yorug’ jahondan ko’z yumolmaydi.
  • Zolimlardan mazlumlar haqini undirib ber.
  • Zulmda davot obi hayotga aylanib, senga rahnamolik qiladi.
  • Mamlakatda zulmdan nom-nishona qoldirma.
  • Ishbilarmon odam mardlik va shijoat sohibidir.
  • Kengash ikki turli bo’lur: biri til uchida aytilgani, ikkinchisi yurakdan chiqqani. Til uchida aytilganini shunchaki eshitib, yurakdan aytilganini qalbing qulog’iga quyib ol.
  • Kengash egalari birlik, ittifoqlik bilan so’zda sobit, ishda chidamli bo’lishlari lozim.
  • Kimki oqilona gapni er kishiga xos shiddat bilan aytsa unga quloq sol…
  • Kimki Muhammad Mustafoning, unga Tangri taoloning marhamatlari va salomlari bo’lsin, dinini qo’llab-quvvatlasa, sen ham uni qo’llab-quvvatlasa, kimki uni xor qilsa-sen uni zor qil.
  • Kim senga do’stlik qilsa, do’stligi qadrini unutma, unga mehr-muruvvat, xayr-ehson, izzatu ikrom ko’rsat.
  • Kimning aqlu shijoatini imtihon tarozusida tortib ko’rgan bo’lsang, uni tarbiya qil.
  • Kunduzlari tajribali va dono kishilar bilan mamlakatlarni zabt etish shatranji ustida bosh qotirdim, kechalari esa mamlakat ishlarini yurgizish xususida fikr qildim.
  • Kurashmay erishilgan g’alaba – ga’laba emas.
  • Ko’p narsani bilib, sezib tursang ham, o’zingni bilmaslikka sol.
  • Lashkarni atrofingga to’plash uchun ba’zilariga muruvvat, mehribonlik ko’rsat. Boshqalari bilan esa kelishishga intil.
  • Maslahat, kengash, tadbirkorlik – faollik va xushyorlik bilan ish tutishni talab qiladi.
  • Nonu tuz haqqini unutgan navkarni huzuringga yo’latma.
  • [Qur’oni Karimda to’g’ri aytilgan:] nusratu zafar Parvardigori olam fazlu fayzining in’omidir.
  • Odamlar tarqoq va rahbarsiz bo’lsalar, ular biror ishga yaroqsizdirlar.
  • Otang yo’lini tut, oyog’ingni jabr-zulmdan tor.
  • Ochiq yuz, rahm-shafqat bilan ish tut. O’shanda hammasini o’zingga qaratib olasan.
  • Sayyodning sehri bo’lmasa, domiga ov ilinmaydi.
  • Saltanatning barqarorligini ta’minlash uchun xazinadagi naqd aqcha va qimmatbaho matolarni sipohiylarcha taqsimlab ber.
  • Sen xalqning mustahkam va azmat daraxti erursan, chunki xalqing tuyalar kabi senga suyanadilar.
  • Sizga adovat qilganlarga qarshi bir jon-bir tan bo’lsalaringiz, dushmanlaringizni mahv etasizlar.
  • Sipohni ikkilantiradigan kengashdan qoch.
  • Sodiq va vafodor do’st ulkim, do’stidan ranjimaydi, do’stining dushmanini o’z dushman deb biladi, kerak bo’lsa, do’st uchun jonini fido qiladi.
  • [Odamlar to’g’ri aytadilar:] so’zlashuvchi garchand nodon bo’lsa ham, tinglovchi dono bo’lsin.
  • Tangri taolo sizdek zolim hokimlar va fuqaroga jabr-zulm qiluvchi podshohlar ustidan hukm yuritish uchun saltanatni bizga berdi.
  • Tangri taoloning g’azabiga duchor bo’lmayin desang, hech kimga g’azab qilma va u bilan dag’al muomaladan bo’lma.
  • Toy mingan-ot minadi.
  • Tuzingni ichib turib yomonlik qilgan odamni Tangri taoloning hukmiga topshir.
  • [To’g’ri gap:] to’qayga o’t tushsa, ho’lu quruqqa qaramay, hammasini yondiradi.
  • Uyquda yotgan fitnani uyg’otib qo’yma.
  • Ulkan meros hamma vaqt ulkan muxoliflik tug’diradi.
  • Endi tutay desam-qo’l, chopay desam-qilich yo’q.
  • Fath etilgan mamlakat xalqini qatlu g’oratdan, asiru bandilikdan himoya qil.
  • Fuqaroning mol-mulkini talon-tarojdan saqla.
  • Xalq fikrini bitta qilib, yagona ittifoqqa to’plash lozim.
  • [Qur’oni Karimda aytilganidek:] Xudo bitta, uning sherigi yo’qdir. Shunday bo’lgach, uning mulkiga egalik qiluvchi podshoh ham bittadir.
  • Chin do’st ulkim, hech vaqt do’stidan ranjimaydi, ranjiganda ham uzrini qabul qiladi.
  • Yaxshini yomon kunda imtihon qil [deganlar ulug’lar].
  • O’z begiga ixlos qo’yib xizmat qilgan navkarning boyligu davlati, noz-ne’matlari kun sayin ortib boradi.
  • O’rnida qo’llanilgan tadbir bilan son-sanoqsiz lashkarning qilichi ojizlik qilgan har qanday mamlakatni va uning hisobsiz lashkarini yengib, o’zini fath etsa bo’lur.
  • O’zing tarbiyalagan kishi xarob qilma.
  • O’ylab ish tutsang, tadbiring taqdirga to’g’ri keladi.
  • Qabih xatti-harakat va yomon ishlardan Tangri taolo mulkini saqla.
  • Qaysi navkar begiga ixlos qo’ymay, ko’nglida kina-qudurat saqlasa, bir kuni baxtsizlikka uchraydi.
  • Kuch-qudratimizga shak-shubhang bo’lsa, qurdirgan imoratlarimizga boq.
  • Qo’shilgan-qutilur, qo’shilmagan tutilur [deganlar keksalar].
  • G’azab o’tini tadbir suvi bilan o’chir.
  • Dushman tarafdan tushgan asairni o’ldirmanglar. Ixtiyorini o’ziga qo’yinglar. Agar navkarlikni ixtiyor qilsa, navkarlikka qabul qilinglar, yo’q desa, uni ozod qilinglar.
  • G’animni chuchuk so’z, shirin hikoyalar bilan o’z tarafingiz og’darib olinglar.
  • Har neki degan bo’lsang, unga amal qil.
  • Hasad qilib, seni o’ldirmoqchi bo’lsa, o’sha kishiga ham sovg’a-salomlar, in’omlar berib, muruvvat ko’rsat, toki yaxshiliklaringni ko’rib xijolat teriga g’arq bo’lsin.
  • Har ishda tanglik qilma.
  • Hech kimdan o’ch olish payiga tushma.

Leave a Reply