Amir Temur sulolasi. Muhammad Tarag’ay xonadoni

Chingizxon vafotidan keyin u qoldirgan Yasoqqa qat’iy amal qilish asta-sekin susaya boradi. Ayniqsa, 1251 yilda Qoraqurumda bo’lib o’tgan uning vorislari qurultoyidan keyin markaziy hokimiyatni boshqarish, uluslar daxlsizligi masalalarida nizolar yuz berib, Chig’atoy ulusi ikki qismga bo’linib ketdi. Chig’atoy ulusining ishlariga Oltin O’rda borgan sari kuchliroq aralasha boshlaydi. Bu yillarda, xususan, Qarochor no’yo vafot etgan 1254 yildan so’ng, uning farzandlari taqdiri qanday kechgan, mufassil ma’liumotlar yo’q. Arg’una Xotun Chig’atoy ulusini kichik yoshli o’g’li Muborakshoh nomidan boshqarib turgan yillarda Qarochor no’yonning to’ng’ich o’g’li amir Eyjilning otasi egallab kelgan sipohsolorlik mansabiga ko’tarilganligi tarixlarda zikr etilmaydi. Ulusga Olg’u ibn Poydor xon bo’lgan davrda (1261-1266 yillar) amir Eyjilning xon saroyida o’rin tutilganligi ayon bo’ladi.

Chig’atoyning nabirasi Olg’u Chingizxonning kenja o’g’li To’luyning o’g’li Ariq Bug’o bilan hokimiyat talashishni avjga chiqaradi. Olg’u janglardan birida mag’lubiyatga uchraydi. Amir Eyjil ibn Qarochor no’yon Olg’uga katta qo’shin bilan yordamga keladi. G’alabaga Musharraf bo’lgan Olg’u amir Eyjilni o’z amirul-umarosi vazifasiga tayinlaydi. Bundan ko’rinadiki, amir Eyjil otasi bir umr qattiq amal qilib kelgan Yasoqqa rioya qilgan – Chig’atoy avlodi haq-huquqi uchun kurashgan. Bu xildagi qat’iyat norasida xon Muborakshohning voyaga yetishi va taxtga chiqishida amir Eyjilning quvvatlashida ham voqe bo’ladi. Muborakshoh xonlik masnadiga 1264 yilda ko’tariladi. Uning xonlik davrida amir Eyjilning mavqei baland bo’ladi. Biroq, bu holat uzoqqa cho’zilmaydi. Taxtning yana bir da’vogari Baroqxon Muborakshoh hukmronligiga barham beradi. Amir Eyjil tabiatan sulhparvar, kayvoni kishi bo’lgan. Ulusning tinchligini o’ylab, kurashayotgan shahzodalarni murosaga keltirish uchun hatto ularni iltijo bilan bo’lsa-da, totuvlikka keltirishga intilgan. Mirzo Ulug’bek amir Eyjilning bu sifati to’g’risida, “Amir Eyjil no’yon ibn Qarochor no’yon barlos iltijosi bilan Chig’atoy ulusining barcha amirlari va shahzodalari kelib”, hokimiyatni kuch bilan olgan Baroqxonga itoat qilib, tiz cho’kkanligini aytadi. Holbuki, bungacha Baroqxon qilmishidan ularning aksariyati norozi edi.

Baroqxon, o’zining taxtda mustahkamlanishiga katta hisssa qo’shgan amir Eyjldan qutulish harakatiga tushadi. O’rdada ta’siri kuchli va gapi ikki bo’lmaydigan amir Eyjil saroydan qancha uzoq bo’lsa, u o’zini shuncha erkin tutardi. Amir Eyjil Ozarbayjonga, Baroqxonning ukasi To’guzor xizmatiga jo’natib yuboriladi. Amir Eyjilga “Lashkardan ogoh bo’lib turish” vazifasi yuklatiladi. Bu arzimas nazorat xizmati edi. Shu tariqa 1264 yildan keyingi tarixlarda amir Eyjil ism-sharifi uchramaydi. Hokimiyat talashuvlari esa mufassil davom etadi. Baroqxondan keyin ulus toju taxtini Bekxon, To’qtemirxonlar bir muddat idora etib turadi. Qachonki, Hokimiyat jilovi Baroqxonning o’g’li Chechanga tekkach, u “Amirlik va mulk madoriylik” mansabini amir Eyjilning o’g’li amir Elangizga beradi.

Chig’atoy ulusining poytaxti Qashqadaryo vohasi quyi qismidagi Qarshi bo’lib turgan (1318-1326 yillar) yillarda yoxud Kunjakxon, Tolikuxon, Esonbo’g’oxon, Elchig’iday, Buzan, Durar Temur va Tarmashirinxonlar xonlik masnadida bo’lgan paytlarda Karochor no’yon o’g’illari va nabiralari nechog’lik mavqe tutganligi haqida tarixlarda sukut bor. Akademik V.V.Bartold, Keshda Qarochor avlodidan bo’lgan Hoji Barlosning hokimiyatga qanday kelib qolganligidan ajablangan edi. U, bu xususda, “Barloslar va ularning amirlarining Qashqadaryo vodiysida yashovchi Kebek, Tarmashirin va Qozonxon bilan qanday munosabatda bo’lganligi haqida hech qanday ma’lumot yo’q”, degan edi.

Kesh va Nasaf hududlari Qarochor no’yon va uning avlodlariga mulk qilib berilganligi tarixiy asarlarda zikr etiladi. Gap Hoji Barlosning Kesh hokimiyatiga qanday kelganligi to’g’risida boradigan bo’lsa, XIV asrning birinchi yarmiga kelib, Chig’atoy xonlarining ichki nizolari kuchayib, saltanatning bir qadar zaiflashganligi, mahalliy turkiy amirlarning mustaqillik harakatiga tushganligi bu bobda muhim sabablar edi. Bunda, tag’in Qarochor no’yon avlodining Hoji Barlos mansub bo’lgan tarmog’i hali Qarochor no’yon va Chingizxon tirik bo’lgan paytlarda Kesh hududlariga kelib o’rnashganligini e’tiborga olishga to’g’ri keladi. Kesh hokimiyatining Yasu Munko o’g’illari, jumladan, Hoji Barlos qo’liga o’tishi shu jihatlar bilan uzviy bog’liq edi.

Amir Temur mansub bo’lgan Eyjil avlodining Qashqa vohasida o’rnashuvi nisbatan keyinroq amalga oshadi. Eyjil ham, uning o’g’li Elangiz ham Ilida, markaziy hokimiyatda sipohsolorlik ishlarida bo’lganligi sababidan to Baroqxon hokimiyatga kelgunga qadar Qarochor no’yonga suyurg’ol etilgan mulklarga ko’chib o’tmagan edilar. Baroqxon Eyjilni Ozarbayjonga badarg’a qilgandan so’ng, uning o’g’li Elangiz bir muddat Batqonning o’g’li Chechan davrida otasi ishini davom ettiradi. Eyjil urug’larining Qashqadaryo vohasiga kelib o’rnashuvi XIII asrnign 70-80-yillarida yuz berganligini taxmin qilish mumkin. Elangizning o’g’li, Amir Temurning bobosi Barqul ismi sharifi manbalarda tilga olinmasligi sabablari ham Kesh hokimiyatiing Hoji Barlos avlodi tomonidan oltinroq egallanishi bilan bog’liq edi. Hoji Barlosning bobosi Namula va otasi Burla’y davrida Barqul va uning o’g’li Muhammad Tarag’ayga Shahrisabz tevarak-atroflaridan tegishli yerlar, mulklar ajratib berilganligi dalili bu joyda ularning merosiy huquqi bo’lganligini ko’rsatadi. Bu mulklar Qalqamada, Ochig’iyda, Niyoziy va Hoja Ilg’or kabi joylarda bo’lganligini manbalar dalolat etadi.

Barlos qavmi – Qarochor no’yonning urug’-aymoqlari, tabiiyki, Chingizxon Qashqa vohasini istilo etgan, Movarounnahrni Chig’atoy ulusiga aylantirgan XIII asr birinchi choragi oxirlaridan boshlab bu joyda o’rnashgan edilar. Biroq, ayrim tarixiy asarlarda Amir Temur avlodining – barloslarning bunga qadar ham Qashqadaryoda ko’p asrlar davomida hukm surganligi, xususan, Shahriabzning avloddan-avlodga barlosiya merosi bo’lganligi qayd etiladi. Muarrix Muiniddin Natanziyda uchraydigan bir ishorat barloslarning Qashqadaryo bilan bog’lanishini XI-XII asrlar sarhadlariga eltib qo’yadi.

Shu narsa aniqki, Amir Temurning bobosi Barqul harbiy ishlarda otasi va bobolari darajasiga ko’tarila olmagan, sulolaning odatdagi beklari qatorida Kesh navohisida hayot kechirgan. Uning o’g’li amir Muhammad Tarag’ay ham Keshni idora qilish ishlaridan chetda bo’lgan. O’z mulklarida yashab, ma’lum miqdorda sipohlar saqlagan, xo’jaligini yuritgan. Shu boisdan ham, G’arb tarixlarida uni va otasini shunchaki bek, tanilmagan, boylikka ega bo’lmagan, o’rtahol, hatto kambag’al tariqasida talqin etish hollari uchrashini inkor etib bo’lmaydi. Tarixlar tabiiyki, faqat katta mulklar boshliqlarini tan oladi. Muhammad Tarag’ay va uning otasi Barqul singari, kelib chiqishi asilzoda – Chingizxondan keyingi ikkinchi shaxs bo’lgan Qarochor no’yon urug’lari bo’lgan, hokimiyat ishlariga aralashmagan, aniq mulklarni idora qilmagan kishilarning bundan ortiq tavsiflanishini kutib bo’lmaydi.

Otasi Barqulga nisbat qilganda, Muhammad Tarag’ay anchayin harakat qiluvchi, zamon voqea-hodisalariga faol aralashuvchi, hayotda o’z o’rni bo’lgan tarixiy shaxs sifatida namoyon bo’ladi. Buni, uning Qozonxon bilan voqe bo’lgan munosabatlaridan anglash mumkin bo’ladi. “Zafarnoma”da Muhammad Tarag’ay, bek yoki sipohiylikdan ko’ra, fozil va orif kishi sifatida ta’riflanadi. Sharafiddin Ali Yazdiy bilan Ibn Arabshoh ta’riflarini muqoyasa etganda, “Zafarnoma” muallifi haq so’zni aytganligi amir Tarag’ayning keyingi hayoti maromida o’z tasdig’ini topadi Yazdiy. “Amir Tarag’ayning butun e’tibori musulmonchilikni mustahkamlashga va takomillashtirishga qaratilgan edi. Davlati hududi doim ulamo fuzalo hojatlarining ado etilish qiblasi va oliy majlisi yig’ingohi bo’ldi. Qadrli shayx Shamshiddin Kulolga sidqidildan ixlos qilardi va uning muborak qabriga tez-tez borib turardi”, deydi.

Tarixiy asarlarda Muhammad Tarag’ay haqida ma’lumotlar juda kam. Tug’ilgan yili, sipohiyligi yoki amirligi haqida dalillar uchramaydi. Hatto, uning ismi faqat “Tarag’ay” tarzida zikr etilib, ko’pincha “Muhammad” unutiladi. Birgina Fasix Xavofiy “Muhammad Tarag’ay” deb ko’rsatadi. V.V.Bartold, “Temurning na otasi, na bobosi, aqalli, o’zi tug’ilgan shahri hayotida ham ko’zga tashlanarli darajada ishtirok etmaganlar. Temurning bobosi musulmon bo’lganligi ham noma’lum”, deydi. Bu so’zlarni yuqorida keltirilgan Qarochor no’yonning islom diniga bo’lgan munosabati bilan qiyoslaydigan bo’lsak, olimning xulosasida xolislik darajasi bir qadar pasaytirilganligi ayon bo’ladi.

Hokimiyat Amir Qazag’on qo’liga o’tib, Movarounnahr turkiy amirlar tomonidan idora qilina boshlangan davrda Muhammad Tarag’ay va uning navqiron farzandi Temurbekning siyosiy hayotdagi faoliyati manbalarda aks etmaydi, deganda muarrix haq. Bunda, ehtimol, Muhammad Tarag’ayning Qozonxon davrida mavqe tutganligi, uning ishonchli kishilardan bo’lganligi, shu boisdan Amir Qazag’on uni yoqtirmasligi, chetlatib qo’yganligi ta’siri bo’lgandir. Bundan tashqari “Temurnoma”da Amir Qazag’on va Amir Tarag’ay shaxsiy munosabatlai haqida bir ishorat bor. Amir Tarag’ay Tegina begim Mohni nikohiga olish harakatida bo’lganida Amir Qazag’on ham uni qo’lga kiritishga intilgan. Bu bir tomoni. Ikkinchi jihati shundaki, Amir Qazag’onning qizi Yo’qun Xonim Amir Tarag’ayning xotini edi. “Temurnoma” tasavvufiy, naqliy va tarixiy-badiiy asar bo’lganligi sababli, unda zikr etilgan dalillarni ayni haqiqat ifodasi deyish mushkulroq. Shunga qaramay, turkiy amirlarning quad-andachilik munosabatlari keng taomilda edi. Amir Tarag’aynin Amir Qazag’on davrida hokimiyat ishlaridan chetlashtirishi sabablaridan biri Yo’qun Xonim ustiga xotini olish bilan bog’liq bo’lishi ham mumkin edi.

Amir Tarag’ayning oilaviy hayoti xususida manbalarda yo’l-yo’lakay aytilgan fikrlar uchraydi, xolos. Uning birinchi ayoli, “Temurnoma”larda aytilgani kabi, Amir Qazag’onning qizi Yo’qun Xonim edi. Amir Tarag’ay bu xotindan farzand ko’rmagan. Tegina begim Mohga uylanish farzand ehtiyoji bilan bog’liq bo’lib, chamasi, bu nikohga Buxoro va Qashqa vohasida ta’siri katta ruhoniylar fatvo bergan. Tegina begim Moh vafotidan keyin Amir Tarag’ay Qadoq Xotunga uylanadi. Bu ayol 1290 yilgacha hayot bo’lgan va farzand ko’rmagan.

Amir Tarag’ayning Sadr ash-shari’a Ubayduloh al-Buxoriyning qizi Tegina begim Mohga uylanishi turkiy va forsiy “Temurnoma”larda naqliy tarzda zikr etiladi. Amir Temur ona tomondan bobosi vafot etganda, 10-11 yoshlarda bo’lgan. Ayrim fikrlarga qaraganda, Amir Temurning opasi Qutlug’ Turkon Og’o undan besh yosh katta bo’lgan, ya’ni 1331 yilda tug’ilgan. Shundan kelib chiqiladigan bo’lsa, Amir Tarag’ayning Tegina begim Moxga uylanishi 1329-1330 yillarda bo’lganligini taxmin qilish mumkin. Tegina Xotun Buxoroning taniqli din arboblari oilasidan edi. Sharafiddin Ali Yazdiy aytganidek, u “pokiza xulqli ayol” bo’lgan. Amir Tarag’ayning ikki qizi va bir o’g’li bo’lganligi XIV-XV asrlarga taalluqli barcha tarixiy kitoblarda etirof etiladi. To’ng’ich qiz Qutlug’ Turkon Og’o, Temurbek va singil Shirinbeka Og’oning onalari Tegina begim Moh edi.

“Zafarnoma”da Shirinbeka Og’o bir o’rinda opa, bir joyda esa, singil deb ko’rsatiladi. O’sha davr udumlariga binoan, qizlar ham, yigitlar ham erta turmush qurganlar. Qutlug’ Turkon og’o Amir Dovud Do’g’lotga, Shirinbeka Og’o esa Amir Muayyadga uzatilgan. Amir Tarag’ay qizlarining tavallud yillari aniq emas. Muarrix Ashraf Ahmedov “Zafarnoma”ga yozgan izohida Qutlug’ Turkon Og’oning Amir Temurdan besh yosh katta ekanligini aytadi. “Malfuzoti Temuriy”da quyidagi so’zlarni o’qiymiz: “Chun o’n sakkiz yoshga yetushtum. Bu vaqtda onam haq rahmatiga vosil bo’ldi. Xoharim Turkon uy ishiga mutasaddi bo’ldi va man uy ishin anga topshurub, o’z ishim bila bo’ldum”. Agar shunday bo’lsa, Qutlug’ Turkon Og’o bu vaqtda 23 yoshga kirgan bo’ladi. Yana bilamizki, Amir Temurning singlisi Shirinbeka Og’o “Malfuzot”da eslaitilmaydi. “Malfuzot”da, yuqorida keltirilgan jumlalarda, chamasi, Qutlug’ Turkon Og’o bilan Shirinbeka Og’o yanglishtirilgan Qutlug’ Turkon Og’o emas. Uy ishlari Shirinbeka Og’o zimmasida qolgan bo’lsa kerak.

Muhammad Tarag’ayning birinchi ayoli “Temurnoma”larda qayd etilganidek, Amir Qazag’onning qizi Ququn Xonim bo’lgan. Bu ayoldan farzand bo’lmagani shu manbalarda ochiq aytiladi. Buning ustiga Amir Qazag’on bilan Amir Muhammad Tarag’ay o’rtasidagi ixtilof ta’siri Yuqun Xonim shaxsida ham namoyon bo’lganligi naql etiladi. U Tegina begimni chiqishtirmagan. Tegina begim vafotidan keyin (1354 yil) Amir Muhammad Tarag’ay Qadoq Xotunga uylanadi. Bu ayoldan ham farzand bo’lmagan. Tegina begim vafotidan keyin, uning yili o’tgach, Amir Tarag’ay nikohiga kirgan Qadoq Xotun reining farzandlariga mehribonlik ko;rsatgan, oqila ayol bo’lgan. Qadoq Xotun 1389-1390 yilga qadar hayot bo’lgan. Amir Temur Qadoq Xotunga farzand yanglig’ mehr qo’ygan, u hayotdan ko’z yumganida juda qattiq qayg’urgan. Amir Muhammad Tarag’ay, Fasih Xavofiy solnomasiga ko’ra, hijriy 762 yilda (1369 yil) olamdan o’tadi. Muhammad Tarag’ay oilasi, xonadonlar toifasining ota-ona, farzand, kelinlar birgalikda yashaydigan uchinchi turiga mansub, ixcham oilalardan bo’lgan.

Leave a Reply