Amir Temur sulolasi. Shirinbeka og’o oilasi

Tegina Begim Moh bilan Amir Muhammad Tarag’ay qiyosiy hisoblarga ko’ra, chorak asrga yaqin umrguzaronlik qilganlar. Qutlug’ Turkon Og’o 23 yoshga, Temurbek 18 yoshga to’lganda ona hayot bilan vidolashadi. Muhammad Tarag’ay ham 1360 yilda olamdan qaytadi. O’gay ona Qadoq Xonim bilan 3-4 yoshli singil – Shirinbeka Og’o Temurbek qaramog’ida qoladi. Qadoq Xonim, o’z navbatida, Temurbekka mehribon bo’ladi, uning farzandlari Jahongir va Umarshayx Mirzolar tarbiyasi bilan shug’ullanadi, mo’g’ullarga qarshi jangu jadallarga otlanganida, ta’qib va quvg’inlarga tushganida mo’jazgina oilani ba’giga bosib, Keshda Muhammad Tarag’aydan qolgan uyda ro’zg’orga bosh bo’ladi. Qadoq Xotunni Temurbek o’z onasiday yaxshi ko’rgan, hurmatini joyiga qo’ygan. Keyinchalik ulug’ martabalarga erishganida, davlat boshlig’i bo’lganida bu muhtaram onani hamisha safarlarda birga olib yurgan, unga chodirni doim o’z yonida tiklagan.

“Malfuzot”da berilgan bilvosita ishoratlardan shunday xulosaga kelish mumkinki, Shirinbeka Og’o Temurbek 18 yoshga yetganda 15-16 yoshlarda bo’lgan. Uning turmushga uzatilishi otasi o’limidan oldinmi, yoyinki, keyin bo’lganligi manbalarda eslatilmaydi. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sida 1366-1367 yillar voqealari qalamga olinganda, Muayyad Orlot o’z jufti haloli Shirinbeka Og’oni Maxonga jo’natganligi aytiladi. Bu yillarda Temurbek va Amir Husaynning orasi buzila boshlagan, mo’g’ullarning tajovuzi kuchayotgan edi. Shirinbeka Og’oning olov cho’lg’ayotgan Movarounnahrdan uzoqda bo’lishi, shubhasiz, uning xavfsizligi bilan bog’liq edi.

Amir Muayyad turkiy Orlot qavmining beklaridan bo’lgan. Orlotlar jaloyir, qovchin va barlos qavlari qatorida XIII-XIV asrda Movarounnahrning asosiy urug’laridan bo’lib, Chig’atoy qabilalari orasida mavqei baland hisoblangan. Sohibqiron Amir Temur mo’g’ullarga qarshi Amir Husayn bilan birgalashib kurash olib borayotgan XIV asrning 60-yillarida Amir Muayyad bu harakatlarda faol ishtirok etadi. Tug’luq Temurning o’g’li Ilyosxo’jaga qarshi Puli Sanginda bo’lgan to’qnashuvda Amir Muayyad besh yuz kishilik lashkarga boshliq qilib qo’yiladi. Amir Muayyad jangovar va botir kishi bo’lgan. Hijriy 766 yilda (1365 yil) yuz bergan “Loy jangi”da ham u mardonavorlik ko’rsatadi. Mo’g’ullarga qarshi olib borilgan bu jangda Sohibqiron Amir Temurning o’zi qo’shinning g’ulida turadi. Amir Muayyad va Amir Abboslar esa hirovul tarzida javong’or lashkari chekka qanotlarini himoya qilishga safarbar etiladi. Shu tariqa, Amir Temur qo’shini olti safni tashkil etadi. Jang taqdiri yaxshi ma’lum – Amir Husaynning shu fe’li va hudbinligi oqibatida mo’g’ullar qo’li ustun keladi.

Amir Muayyadni Sohibqiron o’ziga yaqin olgan, doimo unga eng og’ir, eng mas’uliyatli topshiriqlarni ishonib topshirgan. Qarshini qamal qilish va Amir Musoning 12 ming kishilik lashkariga qarshi ozchilik bo’lib hujum tashkil etishda Amir Muayyad Qutlug’ Turkon Og’oning eri, bojasi Amir Dovudbek bilan birga darvozalarni ishg’ol etiga qo’yiladi. Muarrix Muiniddin Natanziy bu haqda “Amir Muayyad lashkar yaqin kelganini ko’rgach, o’ttiz otliq bilan hamla qilib, ularning oltmishta otini tartib olib, orqaga qaytdi”, deydi.

Botir va o’ziga ishonadigan kishilarda bo’ladigan ayrim qusurlar, masalan, mayga ruju qilish odati Amir Muayyadni ham chetlab o’tmagan edi. “Loy jangi”dan keyin Amir Husayn bilan Temurbek orasiga sovuqchilik tushgan, Amir Husayn badgumonlikni haddan oshirgan kezlarda burqsib turgan olovga yog’ bo’lib quyiladigan bir voqea sodir bo’ladi. Amir Muayyad va uning do’stlari mayxo’rlik paytida kutilmagan xunuk ish bo’ladi. Amir Muayyad mast bo’lib, mo’g’ulparast Jovachinign o’g’lini urib o’ldirib qo’yadi. Jovarchi va uning o’g’li Temurbekdan aynib, yog’iy tarafiga o’tish ilinjida bo’lganlar. Bu Amir Muayyadga yoqmagan va o’tirishda janjal chiqib, kasofat yuz bergan. Bu xususda Amir Husaynga qilingan arzlar darhol samara beradi, Amir Muayyadni bandga olish ko’rsatmasi bo’ladi. Amir Husayn bu bobda eng tuban yo’ldan ham qaytmaydi, u Temurbekka odam yuborib, tezda Amir Muayyadning xotini, Temurbekning singlisi (Natanziy “opasi” deydi) Shirinbeka Og’oni Balxga ko’chirib keltirishni amr qiladi. Shirinbeka Og’oning Balxga badarg’a etilishi eri Amir Muayyad Orlot jinoyati uchun garovga ushlab turilish bo’lar edi. Bu ham yetmagandek, Temurbekka viloyatdagi jami boy va kalontarlarni – taniqli kishilarni Balxga ko’chirish farmoni ham yuboriladi. Muarrix aytganidek, “Shu tariqa, bir hafta ichida necha bor fitna va adovat aralash farmonlar keldi. Barcha amirlar va qolgan aholi Amir Husayndan dilgir bo’lishdi”.

Shirinbeka Og’o eri mastlikda sodir etilgan voqeadan qattiq iztirobga tushadi. Aftidan, er-xotin Samarqandga, Qutlug’ Turkon Og’o uyini panoh tutib turishgan. Voqealarning xun doirasidan chiqib, siyosiy tus ola boshlagani Qutlug’ Turkon Og’oning voqea yechimiga aralashuviga sabab bo’ladi. Natanziy, “Husayn elchi yuborib, Amir Muayyadni qo’lga olib keltirishni buyurdi Katta Xonim (Qutlig’ Turkon Og’o) tabiatiga mag’rurligi tufayli Sultoni G’oziyni (Amir Temurni) Amir Muayyadni himoya qilmoqqa da’vat etdi. Amir Husayn elchisi zug’um qilmoqda edi. Sultoni G’oziy zarurat yuzasidan opasining so’ziga kirib, Amir Muso va amirlar ittifoqida yana bir bor isyon bayrog’ini baland  ko’tardi”, deydi.

Amir Muayyad voqeasi tufayli oldindan g’azaklagan, qariyb o’n yil davom etgan qarama-qarshilik yillarida Amir Husayn o’zining g’alamisligi, kaltabinligi tufayli barcha amirlar nafratiga uchragan edi, shu sababli u Amir Kayxusrav va Amir Muayyad tomonidan yalinib-yolvorishiga qaramay, qatl etiladi. Bu voqea 1370 yilda Balxda ro’y bergan edi.

Sohibqiron Amir Temur tarjimai holida 1383-1386 yillar siyosat bobida porloq davrlar bo’lgani kabi, oilaviy hayotda katta yo’qotishlar mavsumi tariqasida ham o’rin qoldirgan edi. Bu yillardagi opasi Qutlug’ Turkon Og’o, sevimli xotini Dilshod Og’olar olamdan o’tgan edi. Singlisi Shirinbeka Og’oning vafoti solnoma va tarixlarda negadir aks etmagan. Shohizindada, Qutlug’ Turkon Og’o maqbarasi yonida Shirinbeka Og’oning ham marqadi mavjud bo’lib, unda, ya’ni qabr toshida tarixda bitilishicha, Shirinbeka Og’oning vafot etishi hijriy 787 (1385-1386 yillar) yilda yuz bergan. Bunda shunday xulosaga kelish mumkinki, Shirinbeka Og’o 30-32 yil umr ko’rgan, xolos. Amir Muayyadning mastlikda qilgan fojeiy ishi, garchand, Amir Temur tomonidan uning omon qolishiga sabab bo’lgan esa-da, bu ayolning sog’lig’iga o’nglab bo’lmas ziyon yetkazgan bo’lishi ehtimoldan xoli emas edi.

Shirinbeka Og’o bilan Amir Muayyad Orlot nikohidan Ali ismli farzand dunyoga keladi. Sharafiddin Ali Yazdiy 1380-1381 yil voqealari silsilasida amirzoda Ali ibn Muayyad haqida xabar beradi. Hirot shahrida 60 chaqirim g’arbda joylashgan Fujanj (Pushang) qal’asini olishda bo’lgan jang to’g’risida hikoya qilinganida amirzoda Alining bahodirligi zikr etiladi. Qal’a atrofidagi chohda suv ko’p bo’lganligi sababli qal’ani olish uch kunga cho’zilib ketadi. To’rtinchi kun hujum boshlanadi. “Ko’krakni qalqon qilib, tik turib” jang qilish shiori yangraydi. Sohibqironning o’zi qurolsiz, birgina qo’lda pishog’i bilan qal’a atrofini aylanib, sipohlarini nazorat qiladi. Qal’a tepasidan tosh va yoy o’qlari yomg’irdek yog’iladi. Sohibqiron sipohiylar ko’nglini ko’tarib, ularga dalda beradi. Amirzoda Ali, Iygu Temur Bilgut, Abbos bahodurning o’g’li Umar, Mubashshir kabi bahodirlar bilan yig’ma ko’prik oldiga yetib boradilar. Yog’ilayotgan o’qlar, toshlar ularni darvozani ochish maqsadidan qaytara olmaydi. Bu jasoratni ko’rsatganida Shirinbeka Og’oning o’g’li amirzoda Ali hali 20 yoshga ham to’lmagan edi.

Amirzoda Ali Muayyad Sohibqiron tomonidan Sabzavor mulkining sohibi qilib jo’natiladi. Bu ish chamasi, Fulanj qal’asida ko’rsatilgan jasorat mukofoti bo’lgan. Ali Muayyad Sabzavorda ishonchni oqlash uchun intilgan. Biroq azaliy yog’iy Alibek Joniqurboniy yosh amirzodaga qarshi fitna uyushtirib, uning ustiga yurish qiladi va Sabzavorni qamalda ushlab turadi. Bu voqea 1382 yil yozida ro’y beradi. Shu paytda Samarqandda Amir Temurning suyukli qizi Tog’ayshoh Og’o Begim og’ir xastalikdan vafot etgan bo’ladi. Qizini Shahrisabzda dafn etgan Sohibqiron og’ir qayg’ugan cho’mgan, davlat ishlaridan chekinib, g’oshanishinlik ixtiyor qilgan edi. Sabzavordan kelgan noxush xabarni Amir Temurga yetkazishga hech kim botina olmaydi, bu ishda, Natanziy ta’biri bilan aytganda, Katta Xorim – Qutlug’ Turkon Og’o aralashadi va Sohibqiron ukasiga nasihatlar qilib, uni tang ahvolda qolgan Ali Muayyad himoyasiga otlantiradi. Xonadon sha’ni, shu taxlit yutuqlar va yo’qotishlarning qo’shaloq ketgan yo’llari bo’ylab davom etadi. Uni saqlash har doim ham oson kechmaydi. Amir Temurning Eronga qilgan ikkinchi yurishida ham amirzoda Ali Muayyad Amironshoh Mirzo, Amir Hoja Sayfiddin singari ulug’ martabali shahzoda va amirlar bilan Kalot qal’asini istilo qilishda qatnashadi. Sohibqiron Sabzavorni avvalgidek, singlisining o’g’li Amu Muayyadga bag’ishlaydi.

Leave a Reply