Amir Temur sulolasi. Sohibqiron harami

1405 yilning 8 sentabri. Uzoq va og’ir yo’lni bosib o’tgan Kastiliya qirolining elchilari Samarqandga yetib kelib, Dilkusho bog’ida Sohibqiron Amir Temur bilan uchrashish sharafiga noil bo’ladilar. Elchilar boshlig’i Rui Gonsales de Klavixo Osiyo, Ovro’pa, Afrika qit’alaridagi aksar mamlakatlarni o’z hukmiga olgan Sohibqiron Amir Temur bilan ro’baro’ bo’ladi. U keyinchalik o’z xotiralarida bu tarixiy uchrashuvni qalamga olar ekan, “buyuk podshoh” Amir Temurning siymosini shunday chizadi: “U shoxsupa ustiga o’ltirardi. Uning oldida favvora yuqoriga otilib turar, favvora hovuzida qizil olmalar suzib yurardi. Podshoh lo’labolishga yonboshlagan holda, shoyi ko’rpacha ustiga o’ltirardi. Podshohning egnida gulsiz silliq shohi yaktak, boshida uzun telpak, telpakning uchiga qizil yoqut, javohir va boshqa qimamtbaho toshlar qadalgan”.

Klavixo Sohibqiron Amir Temurni saltanatni idora qila boshlaganidan yigirma besh yil o’tib ko’rayotgan edi. Shu bois, birgina nomini eshitsa, dushmanlari titroqqa tushadigan Amir Temurni u anchayin qarib qolgan kishi sifatida ta’riflaydi. 1370 yildan yo 1405 yilga qadar bo’lgan davr, bu yillarda kechgan voqea-hodisalar. Vatanni mo’g’ullar zulmidan to’la xalos etish, mo’g’ullar qadami yetgan mamlakatlarni ham ulardan tozalash, qudratli saltanatni barpo etish, ulug’vor turkiy davlatni qaror toptirish Sohibqironga oson bo’lmagan edi. Sakkiz yuz mingga qadar qo’shin to’plash, ularni jangga safarbar etish o’zi bo’ladigan ish emasdi. Shuncha sipohiyni boqish, kiyintirish, otlantirish, qurollantirish, jang mahoratini o’rgatish – tasavvur qilish qiyin bo’lgan muammolar. Amir Temur shaxsida tajassum topgan aql-idrok, kuch-quvvat, boshqa bilish qobiliyati tasodifiy fenomen emasdi. U mansub bo’lgan avlod azal-azaldan davlat boshqaruviga aralashib kelgan, harb ishida tengiz bo’lgan edi. Qaroroch no’yon shajarasidan ulug’ sarkardalar yetishib chiqqan bo’lsa-da, ulusni yoki viloyatlarni idora etganlari, Hoji Barlosni mustasno etganda, yo’q edi. Amir Temur 1360 yildan, aniqrog’i Amir Qazag’on hokimiyatining oxirgi yillaridan e’tiboran, Movarounnahr toju taxtini qo’lga kiritish imkoniyatlari bir necha marta yuzaga kelgan bo’lsa-da, taxtga o’ltirishni xayoliga ham keltirmagan, aksincha, bobolar udumiga rioya qilib, sulolaviylik nuqtai nazaridan, Amir Qazag’on urug’idan bo’lgan kishilarning hokimiyat tepasida bo’lishini qo’llab-quvvatlab kelgandi.

Amir Husaynning taxtda mustahkam qaror topishi uchun u o’n yildan ortiq umrini sarfladi. Amir Husayn bobosi Amir Qazag’onning aksi bo’lib chiqadi. Muarrixlar Amir Qazag’onning odil hukmdor bo’lganligini ta’riflab, uning davrida farovonlik qaror topganligini uqdiradilar. Amir Qazag’onga qilingan suiqasddan keyin zo’rg’a jon saqlab qolgan nabirasi, Musalloning o’g’li Amir Husayn kaltabin, badnafs, qora yurak, hosed kishi bo’lganligi bois, turkiy amirar, birinchi galda, Amir Temur bildirgan ishonchni suiiste’mol qilishga tushadi, vaqtida o’zini qo’llab-quvvatlagan shaxslarni yo’q qilishga, ayshu isratga, nafsga beriladi. Yaqin safdoshlarini, jumladan, Xuttalon amiri Sher Bahromni o’ldirib yuboradi. Amir Temurga ham bir necha bor qilingan qasdlar, xiyonatlar, uning do’stlari – sarbadorlarning beayov dorga ostirilishi, qarindosh-urug’lariga qilingan zug’umlar, sabab, elu ulus ishonchidan chiqish, oxir-oqibatda, Amir Husaynning sharmisorona o’limiga sabab bo’ladi. Movarounnahr va Xuroson amirlari, sipohiylar, ulamolar yakdillik bilan Amir Temurni mamlakat hukmdori deb tan oladilar. Bu voqea 1370 yilning 9 apreli kuni Balxda yuz beradi. Jangda mang’lub bo’lgan Amir Husayn oxiriga qadar o’zini badnom qilish yo’lini tutadi. U, o’z odami Odil Sultonni g’olib Amir Temur huzuriga yo’llab, taxt va saltanatdan voz kechishini, bundan buyon qolgan umrini faqirlik va miskinlikda o’tkazishini, shu boisdan hajga ketishiga ruxsat berishi so’raydi. Sohibqiron bu safat ham uning gapiga bovar qiladi va bu xususda ahdnoma bitiladi. Bundan foydalangan Amir Husayn yarim kechada xazinadan javohirlar olib, qo’rg’ondan yashirincha chiqadi va qorong’ilikda adashib, shahar tashqaisiga yo’l topolmay qoladi. Shu orada ton yorishadi, u vahimaga tushib, tashlandiq bir minoraga chiqib yashirinadi. Ittifoqo, bir tuyakash bir necha kun avval tuyalarini yo’qotgan bo’lib, ularni topish uchun yelib-yugurib yurgan bo’ladi. Uning yo’li minora atrofiga tushadi. Tevarak-atrofni ko’zdan kechiray, degan maqsadda tuyakash minoraga ko’tariladi. Tuyakash mol vahmida unga e’tibor qilmagan va tanimagan bo’lsa-da, Amir Husayn o’zining kimligini bildirib qo’yadi. U tuyakashga till ova marvaridlar berib, uni ko’rganligini hech kimga aytmaslikni tayin qiladi. Tuyakash halol va insofli kishi bo’lgani bois, buning ustiga, Amir Temurni qattiq hurmat qilganidan, ikkilik qilmasdan Amir Husayn bergan duru marvaridlarni Sohibqiron huzuriga keltiradi va bo’lgan voqeani so’zlab beradi. Suhbatda hozir bo’lgan amirlar tezda minora tomona yuguradilar va Amir Husaynning oyog’ini yerga tekkizmasdan, Sohibqiron huzuriga olib keladilar.

Amir Husayn 1330 yilda tug’ilgan edi. U Sohibqirondan 6 yosh katta edi. Amir Husayn qatlga yetkazilganda yoshi qirqda edi. Amir Temur uning o’rniga toju taxtga musharraf bo’lganida yoshi 34 da edi. 1370 yil bahorida yuz bergan ulug’ burilish Turkiston taqdirida bo’lganidek, Sohibqiron Amir Temur shaxsiy hayotida ham jiddiy o’zgartirishlar debocha bo’lgan edi. Shu kundan e’tiboran Sohibqiron oilaviy hayotida xos xaram vujudga keladi. Buning tafsiloti tubandagicha:

Amir Husayn Balx yaqinidagi Hoja Akosha qishlog’ida dafn etiladi. Uning ikki o’g’li – Xon Said va Turur Sultonlar ham qatl etiladi. Ikki o’g’li Hindistonga qochadi, ular Jahon Malik va Xalil Sulton bo’lib, xorijda zavod topadilar. Sohibqironning muzaffar qo’shini Balxga kirib, Hinduvon qal’asini egallaydi. Bir vaqtlar Iskandar oldiga Doroning xotinlari va qizlarini, boyligini olib kelganlari kabi, Sohibqiron huzuriga ham Amir Husaynning harami va xazinasini peshkash qiladilar. Amir Husaynning harami chorak asr mobaynida, ayniqas, Turkiston hukmdori bo’lgan 1360-1370 yillar davomida judo kengaygan edi. Qozonxonning harami, vaqtida Amir Qazag’on tomonidan tasavvur etilganmi-yo’qmi, bu haqda manbalara aytilmagan. Biroq, Amir Husayn Qozonxondan oldin hukm surgan Tarmashirinxonning qizi Sevinch Qutlug’ Og’oni o’z haramida bosh malika darajasiga ko’targan edi. Qozonxonning qizi Saroy Mulk Xonim ham uning xotinlari safida bo’lgan. Amir Husayn o’ziga ko’maklashgan, bobosi Amir Qazag’onning safdoshlari bo’lgan turkiy amirlardan Boyon Sulduz, Hizr Yasavuriylarning ham qizlarini xotinlikka olgan. Amir Husayn haramida Xorazmshoh Husayn So’fining qizi ham bo’lgan, deyishga asoslar bor. Chunki, bundan besh yil burun Amir Hysayn Temurbek va uning do’stlaridan Xorazm malikasini olish uchun ko’p mablag’ jamlab berishni talab qilgandi va aytganlari to’plab berilgandi. Muarrix Amir Husayn halokati dast berganda, uning haramida qancha ayol bo’lganligini aniq aytmagan bo’lsa-da, ular soni o’ndan oshganligini taxmin qilish mumkin.

Sohibqiron Amir Temur 1370 yilda, mamlakat egasi bo’lgan paytida oilaviy hayotda tamkin bir holda edi. Ko’z ochib ko’rgan xotini, amakisi Amir Joku Barlosning qizi Nurmish Og’o vafotidan bir necha yil o’tib, 1366 yil oxirlarida O’ljoy Turkon Og’o ham hayotdan ko’z yumgan edi. Ayrim manbalarda 1366 yilda Amir Temurning uchinchi o’g’li Amironshoh Mirzoning Mengli Beka Og’odan tug’ilganligi aytiladi. Turg’un Fayziyev “Temuriylar shajarasi” asarida Amironshoh Mirzoning onasini Menglibeka Og’oyi Jon Qurboniy deb ko’rsatadi. Klavixoning “Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403-1406 yillar)” kitobida berilgan 141 izohda “Menglibek Og’o – Muborakshoh Sanjariyning qizi, undan Amir Temurning uchinchi o’g’li Amironshoh tug’ilgan, deyiladi. Bundan 1366 yildan 1370 yilga qadar Sohibqiron nikohida bir ayol – Menglibeka Og’o bo’lgan, degan xulosa chiqadi, Sohibqiron bilan 1393 yildan tanish bo’lgan, 1402 yilda undan tarix yozish topshirig’ini olgan muarrix Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”sida Muborakshoh Sanjariy haqida ma’lumot beriladi. Muborakshoh Temurbek bilan do’st bo’lgan. Mohanda Temurbek va Amir Husayn boshiga kulfatlar yog’ilganda, Alibek Jovuniy Qurboniy ularni bandi etib qamab qo’yganida, banddan xalos bo’lgan Sohibqiron xizmatiga Muborakshoh Sanjariy – “qadimgi do’sti yetib kelib, yaxshi otlar tortiq qildi”, deyiladi. Tuhfa etilgan otlarni Temurbek Amir Husaynga beradi. Nizomiddin Shomiy, Muborakshohning Temurbek bilan juda qalin ekanligini, Movaounnahrga yurish oldidan o’g’li Jahongir Mirzo bilan Muborakshohni Hirot maligi oldiga yuborganligini ham aytishni unutmaydi. Sharafiddin Ali Yazdiy ham Muborakshoh Sanjariy haqida aynan shu zo’alrni keltiradi. Har ikkala muarrix ham og’ir kunlarda do’stlik ko’rsatgani, otlar taqdim etganligi sababli Muborakshoh Sanjariy keyinchalik katta hurmatga noil etilib, amali sarbaland bo’lganligi haqida gapiradilar. Shu yillarda, Muborakshoh Sanjariy qiziga uylanish yuz berganida, muhimi, 1366 yilda Amironshoh Mirzo undan tug’ilganida edi, har ikkala asarda ham bu ulkan voqea pinhon qolib ketmasdi. Mening taxminimga ko’ra, Amironshoh Mirzoning onasi ham O’ljoy Turkon Og’o edi. Temurbek bilan kechirilgan o’n-o’n ikki yilli hayot uch farzand dunyoga kelishi uchun yetarli muddat edi. Jahongir Mirzo, Sulton Baxt begim va Amironshoh Mirzolar bir onadan tavallud topganlar, deyishga ma’lum asoslar bor. Qayd etilgani kabi, Amir Temur hayotligi davrida yozila boshlangan va uning o’g’illari hayotligida tasnif etilgan tarixlarda Menglibeka Og’o to’g’risida so’z yuritilmasligi muammoning bir tomoni bo’lsa, ikkinchi mulohaza, Amir Temur vafotidan keyin uning o’g’illari va nabiralari toju taxt talashib, bir-biriga yovlashgan, o’ldirishga tushgan bir vaqtda – nihoyatda qaltis bir sharoitda Sulton Baxt Begimning Eronda, Amironshoh Mirzo huzurida bo’lishi, uni pushti panoh qilib borishi, aslida op ava ukaning bir onadan tug’ilganligini ko’rsatmaydimi? O’sha paytda kuch va qudrat Shohruh Mirzo tomonidan edi. Amironshoh Mirzo otasi hayotligida pand yegan, obro’dan tushgan shahzoda edi. Shohruh Mirzoning taxt kurashlarida qo’li tobora baland kelayotganda, barcha taxt da’vogarlarini birin-ketin yo’q qilayotgan bir paytda, Sulton Baxt Begimning, hatto o’z o’g’illari tomonidan behurmat qilinayotgan Amironshoh Mirzo oldiga borishi nima bilan bog’liq bo’lishi mumkin edi? Ma’lumki, hayot-mamot chog’larida asl nasab va naslga qarab ish tutiladi. Sulton Baxt Begim ham aynan shunday yo’lni tutgan bo’lsa, ne ajab?

Sohibqiron Amir Temur to’g’risida bir muncha jiddiy asar sanalmish “Yetti iqlim sultoni” kitobida Xilda Hukhem Amironshoh Mirzoning tug’ilgan yilini 1377 yil deb (75-bet) ko’rsatadi Bu ham Amironshoh Mirzoning tavalludi va onasiga oid xabarlarning kamligi bilan izohlandigan jihatlardan. Bu tavallud sanasi Shohruh Mirzoga tegishlidir. Shunday qilib, Amir Temurnig 1354 yildan 1366 yilga qadar bo’lgan davrda to’rt farzandi – Umarshayx Mirzo, Jahongir Mirzo, Sultonbaxt Begim va Amironshoh Mirzolar Shahrisabzda tug’ilganar. Gap shu xususda borar ekan, yana bir voqeani eslashga to’g’ri keladi. Bu voqea Sulton Baxt Begim va Amironshoh Mirzo bilan bog’liq bo’lib, birini Ibn Arabshoh bo’rttirib, ikkinchisi esa bo’lak muarrixlar yumshatibroq hikoya qilganlar. Ibn Arabshoh Sulton Baxt Begimning o’zini “erkakcha tutib, ularni xush ko’rmasligini” aytadi va buning sababini “Samarqandga kelgan Bag’dod ayollarining ta’siri ostida buzilganidan bo’lib, uning xunuk hikoyalari border” deydi. Sulton Baxt Begim Temurbeknign quroldoshi. Amir Husayn tomonidan begunoh qatl etilgan Xuttalon amiri Sher Bahromning o’g’li Muhammad Mirakka uzatilgan edi. Aftidan, Sulton Baxt Begim erini yoqtirmaga. Amir Temur Xorazmga, bu joyga bosib kelgan To’xtamishxonga qarshi yurishlar hisobida beshinchi bor qo’shin tortadi. Yo’lda Sohibqironga kuyovi Muhammad Mirak bilan uning ukasi Abulfathlar xiyonat qilganligini, lashkarni ajratib ketganligini ma’lum qiladilar. Xorazmga yetib kelinadi. To’xtamishxon quvib chiqariladi, ayni vaqtda harb davri qonunlariga binoan, noinlik yo’liga kirgan Muhammad Mirak va uning ukasi Abufath jazodan qutulib qololmaydi. Muhammad Miraknign bu yurishda 30 ming lashkar bilan ishtirok etishi buyurilgandi. Bunda katta qo’shinning jang qilmay orqaga qaytishi To’xtmishdek g’anim bilan bo’ladigan kurash natijasiga jiddiy salbiy ta’sir ko’rsatmay qolmasdi.

Muarrix Sharafiddin Ali Yazdiy Muhammad Mirak haqida gapirib, uning Amir Temur tomonidan tarbiyalanganligini (otasi qatlidan keyin), hamisha uning nazari ostida bo’lganligini, Huttalon viloyati uning ixtiyoriga berilganligini aytib, oyatdan “Odam o’zini boyigan hisoblasa, isyon ko’taradi” kalimasini keltirib o’tadi. Muhammad Mirakning xiyonat yo’liga kira boshlaganini payqaganlar, uni bu xatti-harakatdan qaytarishga intilib, “Ey nodon, bunday qilma, sen o’ylagan ishlar bir umr amalga oshmaydi”, deb nasihat qilganlar. U dushmanlikni tanlagan edi. Samarqandga o’z qo’shini bilan yetib kelib, orqaga qaytadi, yo’l-yo’lakay Sohibqiron mulklarini, ayniqsa Termiz aholisini talashga tushadi. Muhammad Mirakning otasi Sher Bahrom Amir Husayn tomonidan o’ldirilganda, uning yetim qolgan yosh farzandlari Muhammad Mirak va Abulfathni Amir Temur o’z qanoti ostiga olgan edi. Muhammad Mirakni kuyov sifatida qabul qilgan, katta mulk bergan Sohibqiron qaltis vaziyatda sotqinlik yuz berganligi sababli, uni kechira olmaydi. Muarrixning dalillariga zid bormagan holda, ya’ni Muhammad Mirakning katta borylik va o’ttiz ming kishilik qo’shin to’plaganiga, shu sababli bo’ysunmaslik yo’liga kirganiga zarracha shubha qilmagan holda, baribir, bu ziddiyatning oilaviy sabablarga borib taqalishini ham e’tibordan soqit qila olmayman. Sulton Baxt Begim bilan kechgan bir necha yillar davomida ular o’rtasida farzand bo’lmaganligi, buning ustiga, Sulton Baxt Begimning uni hurmat qilmaganligi Muhammad Mirakning yo’ldan toyishga sabab bo’lganligi ehtimoli ko’proq.

Sulton Baxt Begim xususida Ibn Arabshoh mubolag’asida shu jihatdan qisman jon bor, u erkaklarni emas, aynan erini – Muhammad Mirakni yoqtirmagan. Qizining xulqida biron nojoizlik bo’lganida edi, Amir Temur uni ayab o’tirmagan bo’lardi. Ko’rdiki, Muhamamd Mirak fitnasidan ko’p o’tmay Sulton Baxt Begimning ikkinchi nikohi yuz beradi.

Amironshoh Mirzoning Eronda qilgan nomatlub haraktlari xotini Xonzoda Begim tomonidan Samarqandga, Amir Temurga yetkazildi. Nihoyat darajada g’azablangan Sohibqiron o’g’lini jazolashga shaxsan o’zi qo’shin tortib boradi. Uni sharobxo’rlikka undagan, maqtovini haddan oshirgan, buzg’unchiliklariga dalda bergan nadimlari – davrakashlari qattiq jazolanadi. Amironshoh Mirzo Samarqandga olib kelinadi, amalidan, molu mulkidan ayriladi, ammo, o’limdan qutulib qoladi. Nega, degan savol ko’ndalang bo’ladi. Sohibqironning g’azabi chiqmasin edi. Klavixo naql qilgan bir voqea shu jihatdan loyiq. Amir Temur vaqtida yetti yillik safariga otlanganida Bibi Xonimning onasiga atab quriladigan masjidni barpo etishga bosh-qosh qilib Hoja Mahmud Dovud va Muhammad Jildalar qo’yib ketilgan bo’ladi. Qaytib kelingach, taftishlar masjid qurilishida katta talon-taroj bo’lganligini ko’rsatadi. Har ikkala dorug’a qatl etiladi. Klavixo bu ikki dorug’aning gunohini so’ragan beklardan biri ham o’limga hukm qilinganligini aytadi. Lekin Tabriz va Sultoniya shaharlarida o’zboshimchalik haddan oshirgan Amironshoh Mirzo avf etiladi. Klavixo bu haqda, “Bu voqeadan ogoh bo’lgan Temurbek Amironshoh huzuriga qarab yo’l oladi. Otasining kelayotganini eshitgan Amironshoh bo’yniga sirtmoq solib, “bir qoshiq qonimdan keching”, – deb avf so’rab, unng yo’liga peshvoz chiqadi. Otasi uni qatl etmoqchi edi, biroq qarindosh-urug’lar va amaldorlar shahzodaning gunohidan o’tishini so’rab, shu qadar jon kuydirib yalinib-yolvoradilarki, pirovardida, Temurbek uning gunohidan o’tadi. Biroq Amironshohni saltanatdan mahrum etadi, ixtiyoridagi yerlar va qo’shinni undan tortib oladi”.

Bu so’zlarga izoh ortiqcha bo’lsa-da, bir mulohaza ko’ngilda aylanaveradi. Bu yerda gap yana O’ljoy Turkon Og’oga borib taqaladi. Amir Temur bu ayoliga juda mehr qo’ygan edi. Uning farzandlari Sohibqiron uchun jon va jahondek aziz edi. Amironshoh Mirzo ham O’ljoy Turkon Og’odan tug’ilganligi ham fikrimizcha, unga qilingan muruvvat asosida turgan bo’lsa kerak. Sulton Baxt Begim va Amironshoh Mirzo fe’lidagi mag’rurlik, erkalik, o’jarlik shu sababli inobatga olingan, kechirim bilan ziynatlangan, degan xayolga boraman.

Hikoyam Amir Husayn mag’lubiyati va uning xarami hamda boyligining Balxda, Amir Temurga peshkash qilinganligi to’g’risida borayotgan edi. Sohibqiron o’sha davr taomiliga ko’ra, Amir Husayn haramidagi jamiki xotinlarni o’z nikohiga olishga haqli edi. Amir Husayn haramidagi xotinlardan Qozon Sultonxonning qizi Saroy Mulk Og’oni, turkiy amirlardan Boyon Sulduzning qizi Ulus Og’oni, Xizr Yasavuriyning qizi Islom Og’oni va Tog’ay Turkon Og’oni Amir Temur o’z nikohiga oladi. Chig’atoy xonlaridan bo’lgan Tarmashirinxonning qizi Sevinch Qutlug’ Og’oni o’z amirlaridan Bahrom Jaloyirga xotinlikka beradi. Qutlug’ Sevinch Og’o Amir Husayn ayollari orasida mavqei baland, bosh malika hisoblanardi. Zinda Chashmga Dilshod Og’oni nikohlantiradi. Bu ayol o’sha – Amir Husayn va Amir Temur Moxonda ta’qibda bo’lgan kezlarida O’ljoy Turkon Og’o bilan birga qiyinchiliklarni tortgan, eri Amir Husaynga minib yurgan otini bergan malika edi. Amir Husaynga minib yurgan otini bergan malika edi. Amir Husayn Qayqubon Xuttaloniyni qatlga yetkazganida, uning qizi Odil Malik Og’oni xotinlikka olgan edi. Uni amakisi Joqu bekka tortiq qiladi. Amir Husaynning qizini Tobon bahodirning ukasi Elchi Bug’oga xotinlikka beradi. Amir Husaynning qolgan xotinlarini ham taniqli kishilarga bo’lib beradi. Sohibqiron Amir Temur, shu tariqa, o’z haramiga asos solganda to’rt xotinga uylangan edi, bu paytda uning yoshi o’ttiz to’rt ustida edi.

Leave a Reply