Amir Temur sulolasi. Katta malika
Turkiston taxti muyassar bo’lgandan so’ng, Sohibqiron Amir Temur Shahrisabz tevarak-atrofida – To’da Maydon mavzesida ulkan mashvarat o’tkazadi. Bu ulug’ kengashda g’alabaga hissa qo’shgan amirlar, sarkardalar, ruhoniylar, olim va allomalar ishtirok etadi. Turkiy davlatchilik arkonlarini mustahkamlash, poytaxt tanlash, ichki va tashqi siyosat yuritish masalalari hal etiladi. Amir Temur siyosat bobida o’z ustozi Amir Qazag’on asoslagan boshqarish usuliga amal qilishni maqbul biladi. Amir Qazag’on singari Chig’atoy avlodidan bo’lgan Suyurg’atmishxonni soxta xon ko’tarib, mamlakatni to’la idora qilishni o’z zimmasiga oladi. Suyurg’atmishxon 1370 yildan to 1388 yilgaca nomiga xon bo’lib, “hukm suradi”.
Amir Qazag’on Chig’atoy avlodidan bo’lgan yigirma ikkinchi xon – Qozonxon Yasavur o’g’lini 1346 yilda jangda o’ldirib, biru chorak asr davom etgan mo’g’ullar istibdodiga chek qo’yganida, Movarounnahrga tutash va olis sarhadlarda – shimolda, janubda, g’arb va sharqda mo’g’ullar mustamlakachiligi kuch ustida edi. Sharqiy sarhadlarda Chig’atoy avlodidan hokimiyatni tortib olgan do’g’lotlar ham Amir Qazag’on asoslagan soxta xon boshqaruvini joriy etadilar. Amir Qazag’on saltanati faqat Movarounnahrda amalda bo’lib, Chingizxon 125 yil muqaddam bosib olgan o’lkalarda Juji, Xuloku, avlodlari, xullas, uning nabiralari, evaralari hukm surishda davom etayotgan edi. Amir Qazag’onning soxta xonni Chingizxon urug’idan qo’yish siyosati o’sha davr nuqtai nazaridan o’zini oqlagan oqilona yechim bo’lgan edi. Tashqi tomondan qaralganda, Chig’atoy ulusini, ya’ni Movarounnahrni Chingizxon avlodi vakili boshqarayotganday bo’lib ko’rinar, bu Ichki Mo’g’ulistondagi mustabidlarni Movarounnahrga qarshi tajovuzlardan, bosqinlardan himoya qilishga vosita hisoblanardi.
Kezi kelganda, bir mushohadani o’rtaga tashlash joiz bo’ladi. Temurbekni na otasining boyligi, na qarindosh-urug’lar qo’llab-quvvatlashi tarix sahnasiga olib chiqqan omillar bo’lmagan. Fikrimcha, o’ziga to’q, aqlli, kuch-g’ayratli, harb ishlaridan mukammal xabardor Temurbekni tarix sahnasiga olib chiqqan kishi Amir Qazag’on bo’ladi. Muarrix Muiniddin Natanziy aytganidek, “Qazag’onning adolati tufayli mulki millat ishlari shu darajada mustahkam va ustuvor bo’ldiki, bo’ri bilan qo’y bir suvloqdan suv ichib, darvish kulbasi bexatarligidan najot uyiga aylandi. Oddiy odamlar va ulug’lar, musofirlar va muqimlar, kattayu kichik, xosu om – hech kimning dilida ro’xg’or gardishidan shikoyat g’ubori qolmadi”. Biroq, o’n ikki yilga yaqin davom etgan Amir Qazag’on hokimiyatining oxirgi yillarida unga qarshi fitnalar ko’payadi. Ichki Mo’g’uliston sobiq mustamlakada-mustaqillik yalovini ko’tarib, o’zini o’zi idora qila boshlagan Movarounnahrda kechayotgan voqealarga toqat qilib turolmas edi. Ikkinchidan, mo’g’ullarning bir asrdan ziyod davom etgan boshqaruvi, garchand. Jetadan (Yettisuvdan) kelgan mo’g’ullarni turkiylashtirgan bo’lsa-da, mo’g’ulparastlik ham mustahkam qaror topgan edi. Mo’g’ulparast kuchlar qarounnos qavmidan (Amir Qazag’on qo’ng’irot urug’idan edi) bo’lgan Amir Qazag’onning hokimiyatni idora qilishiga hasad ko’zi bilan qarar edi. Uchinchidan, Chig’atoy avlodi hukmronligiga Amir Qazag’on bilan bir bo’lib barham bergan vaqtida uni qo’llab-quvvatlagan turkiy amirlar (masalan, hoji Barlos, Boyon Sulduz va boshqalar) asta-sekin Amir Qazag’on itoatidan bo’yin tovlab, o’zlari hokimiyatga talab sola boshlaydilar. Buning ustiga, Amir Qazag’on farzandlari ham qobil kishilar emasligini namoyish qilib ulguradilar.
Yalovbardor hukmdor Amir Qazag’on o’z majlislarida ishtirok etayotgan Amir Tarag’ayning o’g’li Temurbekka e’tibor bera boshlaydi. Uning so’zlari hukmdorga ma’qul tushadi. U Amir Temur siymosida, garchi yosh bo’lsada, shijoatni, o’ktamlikni, aql-farosatni ko’rib-bilib, kuzatib, uni o’ziga yaqinlashtiradi. Bu yaqinlikni oilaviy rishtalar bilan bog’lab, nabirasi O’ljoy Turkon Og’oni unga nikohlab beradi. Temurbekning davlat ishlariga, siyosatga aralashuvi, shu tariqa, Amir Qazag’onning qo’llab-quvvatlashi bilan amalga oshadi. Keyinchalik, Amir Temur davlat tuzugini ishlab chiqish va joriy etishda Amir Qazag’on tajribasiga asoslanadi: vatan ozodligini mustahkamlash, adolat oyiniga og’ishmay amal qilish yo’lini tutadi.
Saltanatni idora qilish bilan bir qatorda, hukmdorning oilaviy hayoti ham siyosatdan qolishmadigan darajada muhim ahamiyat kasb etar edi. Amir Temur hokimiyatga kelganida mo’g’ullarning istibdodiga barham berilganiga 24 yil to’layotgan edi. Amir Qazag’on va Amir Husaynlar taxtda bo’lgan yillarda sobiq musbabidlarning kuchi va ta’siri qanday darajada bo’lsa, oradan shuncha yillar o’tishiga qaramay, bu kuch va ta’sir susaymagan edi. Kim-kimu, lekin Amir Temur mo’g’ullarning qabohatini boshqalardan ko’ra yaxshiroq bilardi. U Ichki Mo’g’ulistondan qo’shin tortib kelgan Tug’luq Temur bilan ro’baro bo’lgan, uning o’g’li Ilyosxo’ja bilan to’qnashgan, qattiq savashlar olib borib, ko’zi pishigan edi. Shu sababdan, mo’g’ul xavfini nazardan qochirib bo’lmas edi. Amir TEmur mamlakat ichida o’n yil davomida mo’g’ullarga qarshi kurash olib borish jarayonida, mustaqil davlatni boshqarish sohasida yetilgan edi. Mamlakat idorasida mayda yoxud ikkinchi darajali soha bo’lmaydi. Bunga oilaviy jabhani ham kiritish o’rinli bo’lardi. Amir Husayn xotinlari peshkash qilinganda, ular orasida to’rt ayolning tanlanishi qanday aqidalarga bog’liq bo’lgan edi? Bu savolga bir xilda javob bo’lmaydi, bu aniq. Buni yolg’iz Amir Temurnign o’zi bilgan, hal qilgan. Lekin, mulohazalarga o’rin bor. Amir Husayn xotinlari orasida Sevinch Qutlug’ Og’o uning bosh, xotini, katta malika hisoblangan.
Sevinch Qutlug’ Og’o Chig’atoy avlodidan birinchi bo’lib, ulus poytaxtini 1318 yilda Qashqa vohasiga ko’chirgan. Qarshi shahriga asos solgan Kepakxondan keyin 1326-1334 yillarda hukm surgan Tarmashirinxonning qizi edi. Amir Husayn shu xotini tufayli “xonning kuyovi” – ko’ragonlik rutbasiga ega bo’lgandi. Tarmashirinxon Chingiziy xonlar orasida birinchi bo’lib, islom diniga kirgan, bu e’tiqodi uchun “Alouddin” degan faxrli nomga noil bo’lgan xon edi. Amir Temur nega endi shu ulug’ xonning qizini saylamadi, balki uni amirlaridan biri Bahrom Jaloyirga xotin qilob berib yubordi? Uning o’rniga, Movarounnahr eli orasida qattolligi bilan nom chiqargan Qozonxonning qizi Saroy Mulk Xonimni tanladi va unga birinchi malika – katta malika maqomini berdi. Bu muammolarni bir oz bo’lsa-da oydinlashtiradigan ishoratlar borligini inkor etib bo’lmaydi. Kepakxondan keyin taxtga kelgan Tarmashirinxon mo’g’ullar istibdodining 105-yilida taxtga chiqar ekan, o’tgan bir asrdan ortiq vaqt davomida mazlum xalq ongida sodir bo’la boshlagan norozilik to’lqini mohiyatini anglab yetadi. Boshqaruvni uzluksiz qo’rqitish, jazolash bilan olib borish natija bermasligini, bu aksincha, qarama-qarshilikni kuchaytirishga olib kelishini fahmlaydi. Nozik siyosatchi bo’lgan Tarmashirinxon mo’g’ullar hukmronligini yanada uzaytirishning birdan-bir yo’li mahalliy aholi udumlarini, shu jumladan, dinni ham qabul qilishda, deb tushunadi. U islom diniga kiradi, musulmon bo’ladi, ruhoniylar bilan quda-anda kirishadi. Ichki Mo’g’uiston Tarmashirinxonning bu o’zboshimchaligini kechira olmagan. Taxt da’vogari Durra Temurning o’g’li Bo’zan tomonidan u qatlga yetkaziladi. Hokimiyatni egallagan Bo’zan Chig’atoy ulusi poytaxtini yana Ili vodiysiga, ulusning birinchisidan to o’n to’rtinchi xoni poytaxt qilgan Olmaliqqa ko’chirib ketadi. Poytaxt ko’chirilgan Jetada ham toju taxt talashlari to’xtamaydi. Bo’zan o’rniga kelgan Qozonxon ulusning bosh qarorgohi qilib yana Qashqa vohasini, hozirgi Muborak sarhadlarini tanlaydi. Bu yerda Zanjirsaroy qasrini barpo etadi. Mo’g’ullarning tasavvurida hokimiyatning asosiy xavfi Jeta emas, uning janubidagi hududlarda, degan qarash hukm surardi. Shu sababli, poytaxtning, aniqrog’i, xonning bu joylarda o’rnashuvi har qanday xavfu xatar oldini olishi va kechiktirilmay zarba berilishi bilan bog’liq deb qaralar edi. Chig’atoy ulusining yigirma ikkinchi xoni Qozonxon, shu aqidadan kelib chiqib, zulmni juda kuchaytirgan edi. Natanziy tarixida bu haqida ochiq-oydin bitilgan. Hozir gap bu haqda emas.
Amir Temur Qozonxonning qizi Saroy Mulk Xonimni o’z haramida bosh malika maqomiga noil etganida, Tarmashirinxonning Ichki Mo’g’ulistonda yaxshilik bilan yod etilmasligini mazlumlarga yon bergan. Chig’atoyxon boshqaruvini susaytirgan deb, unga past nazar bilan qarashlarini hisobga olgan bo’lishi ehtimoldan xoli emas. Qozonxonning mahalliy turkiy amirlarni chiqishtirmasligi, ularni qatag’onda tutishi muhimi, “markaz” ning ko’nglidan chiqib, mazlum elga zulm va shafqatsizlikni haddan oshirganligi Chig’atoy asilzodalari xayrixohligiga sabab edi. 1370 yilda chor atrofi mo’g’ul bosqinchilari tomonidan o’rab turilgan, birlashgudek bo’lsa, bemisl kuchga aylanadigan mo’g’ul mustamlakachilari bilan ehtiyot shart, muomala qilish taqozo etilardi. Amir Temur muarrixlar qayd etgani kabi, Saroy Mulk Xonimga uylanganligi tufayli, ulug’ amakisi Tog’ochor no’yon (bobokaloni Qarochor no’yonning ukasi, u Chingizxonning qizini olgan edi) kabi, “ko’ragon” – Chingizxonning kuyovi degan rutabaga ega bo’ladi. Yana bir mulohaza. Turkiy “Temurnoma”dan naql etilganidek, Temurbekning bolalik davri Muborakda, Qozonxon poytaxti Zanjirsaroyga yaqin go’shada, amakisi Amir Joku Barlos xonadonida kechgan. Zanjirsaroyga yaqinlik, Amir Joku Barlosning farzandlari bilan birga o’ynash davomida xon o’rdasi bolalari bilan tanish-bilishlik yuz berishi mumkin bo’lgan hol edi. Ayrim tadqiqotchilar, shuni nazarga tutib, bolakay Temurbek bilan undan besh yosh kichik bo’lgan Saroy Mulk Xonim yoshlikdan bir-birini tanishgan, deyishga moyildirlar. Shunday bo’lsa, Katta malika faqat davlat manfaati nuqtai nazaridangina emas, beg’ubor bolalik hissiyotlari bilan ham Temurbekning shunday qarorga kelishiga sabab bo’lgandir. Axir, daholar ham yurak amriga bo’ysungan hollarga misollar juda ko’p-ku?
Saroy Mulk Xonim Qozon ibn Yasavur qizi 1341 yilda Otasi poytaxti Zanjirsaroyda dunyoga keladi. Sohibqiron bilan Saroy Mulk Xonimning taqdir yo’llari birlashganda, biri 34, ikkinchisi 29 yoshda edilar. Saroy Mulk Xonim oqila, bilimdon, benihoya go’zal ayol bo’lgan. Saroydagi ichki tartibot, xotin-qizlarga bosh-qosh bo’lish, shahzodalar tarbiyasi, mehmondorchilik, to’y tadbirlarini tashkil singari yumushlar Saroy Mulk XOnim zimmasida bo’lgan. Sohibqironning unga hurmati beqiyos edi. Amir Temurning yurishlarda g’alabalar yor bo’lgani sari, katta malikanign ham obro’-e’tibori osha boradi. Ko’p o’tmay, uni ulug’ malika sifatida “Bibi Xonim” deb atay boshlaydilar. Bibi xonim haramning sha’ni uchun mas’ul bo’lishidan tashqari, birin-ketin tug’ilayotgan Temuriyzodalar sog’lig’i, tarbiyasi, ilm olishi uchun ham jon kuydiradi.
Saroy Mulk Xonimning onasi kim bo’lgan, bu haqda aniq bir fikr aytish mushkulroq. Banokatiyning “Tarixi Banokatiy” asarida Qozonxonnign katta xotini nomi Bo’lgan Xotun, deb ko’rsatilganligi manbalarda qayd etiladi. Biroq bu ayolni Saroy Mulk Xonimning onasi deyish to’g’ri kelmaydi, u bo’lajak malika tug’ilishidan oldin qazo qilib ketgan. Tarixiy asarlarda Samarqandda Bibi Xonim onasi sharafiga masjid qurdirilganligi va uning hoki shu yerda dafn etilganligi aytiladi. Har holda, bu ayol Saroy Mulk Xonim Samarqandga ko’chgan yillarda hayot bo’lgan. Katta malika sha’ni uchun onasi xotirasiga ulug’vor masjid barpo etilgan. Saroy Mulk Xonim Qarshi hokimi Amir Musoning opasining qizi edi. Sharafidin Ali Yazdiy buni alohida ta’kidlab aytib o’tadi.
Amir Muso tarozi shayiniga qarab ish tutadigan, og’machi kishi edi. Amir Husayn davrida u Qarshini idora qilib turgandi. Amir Temur Qarshini qo’lga kiritish uchun bel bog’laganda, Amir Muso 12 minglik qo’shinga ega bo’lsa-da, oz miqdordagi hujum qiluvchilarga bas kelolmay qochadi. Qochishda, hatto, o’z xotini Orzu Mulk Og’oni qutqarishni xayoliga ham keltirmay, jonini hovuchlab sahroga tomon juftakni rostlaydi. Amir Musoning sodiq navkarlaridan biri Malik bahodir, muarrix Natanziy aytgani kabi, Orzu Mulkni Og’oni otga mindirib, bir amallab qurshovdan chiqib ketadi. Bu haqda “Zafarnoma” asarida aytilgan so’zlarni keltirib o’tish fikrimni oydinlashtiradi. U so’zlar tubandagicha:
“Amir Boyozid Jaloyirning qizi, Amir Musoning xotini bo’lmish Orzu Mulk (Malik ham deb o’qilgan) Og’o shu payt Malik Bahodir bilan birgalikda qochib borardi… Sohibqiron ular ortidan tushdi va Malikka baqirib: “Sening qoningdan, garchi uni to’kish lozim bo’lsa-da, kechdim, bu ayolni o’zingdan ajratib yubor”, dedi. Malik o’z boshini saqlab qolish uchun ulardan ajraldi… Ayollar hamon ot choptirib borayotgan edilar. Ular bilan Oshiq Toz nomli bir navkar ham bor edi, qo’lida kamon va tir. Hazrat Sohibqiron yaqinlashib qolganligi uchun, u kamonni o’qlab tortar, biroq otishga jur’at etolmasdi. Hazrat Sohibqiron bordi-yu, u mohir mergan bo’lib, o’qidan menga biror zahm yetsa, malomat va tanbehga sababchi ish bo’ladi, ya’ni xotin va mol ta’masida o’q yedi, deyishadi, degan andishada, ehtiot yuzasidan uncha ko’p yaqinlashmasdi. Nogoh, otining oyog’i chuqurga tushib, joyida to’xtab qoldi. Shu payt Davlatshoh baxti yetib keldi va ayollar ortidan ot soldi… Davlatshoh qanchalik ularning ortidan quvlamasin, baribir, yetolmadi. O’sha vaqtda Orzu Mulk Og’o bo’lajak Tuman Og’oga to’qqiz oylik homilador edi”.
1365 yilda, shu voqea ro’y berganida tug’ilajak qizi Tumon Og’oga homilador bo’lib, oyi kuni yaqin Orzu Mulk Og’oga uchqur otda yetolmagan Amir Temur oradan 12 yil o’tib, 779 hijriyda (1377-78 yil) unga taqdir otida quvib yetadi – o’sha yili tug’ilgan va Tumon Og’o deb ism berilgan, 12 yoshga to’lgan qizga uylanadi. Bir oz oldinroq ketib, aytadigan bo’lsam, taqdir oti Tumon Og’oni Sohibqiron vafotidan keyin ham yana bir marta olib qochadi. Bu to’g’rida navbati bilan hikoya qilaman.
Amir Muso beqaror, lafzida tura olmaydigan, mardlikdan ko’ra nomardlik fe’lida ustun bo’lgan bir kimsa edi. Bibi Xonim tufayli, Sohibqiron unga katta iltifotlar ko’rsatgan, buzg’unchiliklarini kechirgan, hatto suyukli qizi Tog’ayshoh Og’o Begimni Amir Musoning o’g’li Muhammadbekka bergan, boshqacha aytganda, qarshi quda bo’lgan edi. Amir Muso Sohibqiron Amir Temur Movarounnahr taxtiga chiqqandan keyin ham xiyonat va sotqinlik yo’lidan qaytmaydi. O’ng kelgan joyda Amir Temurga pand berishga tirishadi. To’g’risini aytganda, Sohibqiron va Amir Muso munosabatlarining o’zi bir kitob bo’ladigan mahzun hayot-mamon voqealari silsilasidan iboratdir.
Muiniddin Natanziy o’z tarixida Amir Muso qilmishlaridan ko’p dalillarni zikr etgan. Amir Temur juda mulohazali davlat arbobi bo’lgani bois, qaror qabul qilishdan avval hamma jihatni hisobga olib, ish ko’rgan. “Amir Sohibqiron o’zicha fikr yuritdiki, – deb yozadi muarrix, – Amir Muso dastavval bizning favlatimiz xonadoniga xizmatkorlik huquqini isbot qilib, ziga maqbul bir tarzda qat’iyat va ijtihod qadamini bosdi. So’ngra esa undan andak xato sodir bo’ldi. Ammo shu tufayli uni bu keng davlatdan noumid qilish muruvvatdan bo’lmaydi”. Sohibqiron Amir Musoga nisbatan bag’rikenglik va kechirimlilik qilib, yanglishgan edi. Turkistonga ketib qolgan Amir Musoni daraklatib topdirib kelgan Sohibqiron uni tag’in afu etib, “Amir Musoga g’oyatda e’zoz-ikrom va ehtirom ko’rsatdi, o’tgan-ketgan ishlardan hech birini uning yuziga solmadi. Molu mulki va elu ulusini barqaror holda o’ziga bag’ishlab, uni o’zi bilan birga Samarqandga olib bordi”.
Ko’rnamaklik qoniga singan, Sohibqironga quda-andachilik rishtalari bilan bog’langan Amir Muso sotqinlik, hasad va g’araz vasvasasidan qutila olmagan. Amir Temur Mo’g’ulistonga ikkinchi marta yurish boshlaganida u bir to’da razil nokaslar bilan Sohibqironni yo’q qilishga kelishadilar. Natanziy bu haqda shunday deydi: “Ittifoqan, Amir Muso, Zinda Chashm, Amir Xizr Yasovuriyning o’g’li, Termiz xonzodasi va shayx Abulays Samarqandiy o’zaro ittifoq qilib, Qarosomon manziliga yetganda Amir Sohibqironni qo’lga olib, jahonda yangitdan fitna va buzg’unchilikni boshlab yuborishga qasam ichdilar”.
Fitna fosh bo’ladi. Jnoyat qanchalik og’ir bo’lmasin, Amir Sohibqiron bu gal ham Amir Musoning gunohidan o’tadi. Suiqasd, davlat siyosati nuqtai nazaridan, kechiriladigan holat emas edi. Bibi Xonimga bo’lgan cheksiz hurmat va muhabbat nafaqat Amir Musoning, shuningdek, unga sherik bo’lganlarning (Zinda Chashmdan bo’lak) ham hayotini saqlab qoladi. Saroy Mulk Xonimga ko’rsatilgan izzat-ikromning adog’i bo’lmagan. Bu totuvlik to Sohibqironning oxirgi nafasiga qadar davom etgan. Amir Temur safarlarida birga bo’lgan muarrix Nizomiddin Shomiy 1384 yil yurishlari voqea-hodisalarini hikoya qilar ekan, Murg’obga yetib, qarorgoh tiklanganda, Sohibqiron bilan birga bo’lgan Bibi Xonimning Amironshoh Mirzoning xotini, ikki oy burun Xalil Sultonni dunyoga keltirgan Xonzoda Begim sharafiga katta to’y uyushtirilganligini yozadi. Safar chog’larida ham oilaviy udumlarni bekamu ko’st ado etish inon-ixtiyori katta malika zimmasida edi.
Saroy Mulk Xonim ayol boshi bilan Samarqanddan Iroqqa bo’lgan o’ta olis yo’lni Sohibqiron yonida birgalikda bosib o’tganligini o’zi bir jasorat emasmi? Shomiy o’z asarida Saroy Mulk Xonimning 1386 yilda shahzoda Shohruh Mirzo bilan Samarqanddan Iroqqa yetib kelganligini yozadi: “Ular kelishi haqidagi xabar Amir Sohibqironga yetgach, – deydi muarrix, – u o’g’ruqni qoldirib, ularning istiqboliga chiqishni iroda qildi”. Bu buyuk Amirningo’z rafiqasiga ko’rsatgan ulug’ ehtiromidan bir nishona edi.
Sohibqiron haramidagi xotinlariga bosh bo’lgan Bibi Xonim harb masalalarida ham eri bilan maslahatlar qilar, oilaga taalluqli barcha gaplardan, olisdami-aqindami, Amir Temurni xabardor qilardi. 1394 yilning aprelida Sohibqiron Mordin mulkida turganida Bibi Xonim Shohruh Mirzo o’g’li Ulug’bek Mirzoning tug’ilish xabarini yetkazadi. Bu shodiyona sabab, Mordni aholisiga amniyat berilib, bu yurtni uning o’z hukmdori Sulton Solihga tortiq qiladi. Sohibqiron Saroy Mulk Xonimdan farzand ko’rmagan. Bu yetishmovchilik o’rnini mehr-muhabbat to’ldirgan. Bibi Xonim Sohibqironning so’nggi nafasiga guvoh bo’lgan, uning O’trordagi emg mehribon yo’ldoshi va mahrami edi. Saroy Mulk Xonimning Amir Temur xotini sifatidagi bu xonadonda tutgan o’rni va xizmati alohida tahsinga arziydi. Jahonshumul shuhratga ega bo’lgan Ulug’bek Mirzo, Xalil Sulton, Shohruh Mirzo va boshqa shahzodalarning murabbiysi va muqavviysi Bibi Xonim birgina shu xizmatlari bilan ham tarixda mangu nom qoldirishga haqlidir. U saroyda azaldan o’rnashib qolgan, rivojga to’siq bo’lgan ko’pgina odatlarga isloh kirita olgan jasur va oqila malika hisoblanishiga loyiq. Shahzoda Xalil Sulton va Shodi Mulk muhabbati voqeasi buning yorqin dalillaridan biri.