Amir Temur sulolasi. Malika Tumon og’o qissasi

Bu qissa ancha mahzun. Sohibqiron Amir Temur Turkiston hukmdori sifatida hukm sura boshlaganining oltinchi yili Tumon Og’oga uylanadi. Tumon Og’o bu paytda o’n ikki yoshda edi. Hukmdor tariqasida, Amir Husayn haramidagi to’rt xotindan keyin, Tumon Og’oning Sohibqiron xotinlari safiga kiritilishi ikkinchi rasmiy shohona nikoh edi. Dilshod Og’odan keyin Tumon Og’oning yosh bo’lishiga qaramay, ulug’ maqomga – malikalikka noil etilishi ham ulusning ichki ofiyatini mustahkamlash maqsadida amalga oshirilgan edi.

Amir Temurning oilaviy hayoti, uning keyingi uylanishlari sabablari haqida mulohaza qilganingda, Sohibqironning qadimiy udumlarga, ota-bobolardan meros bo’lib kelayotgan qarindoshlik rishtalarini bog’lash odatlariga qattiq ishonganligi va amal qilganligi amir bo’lasan kishi. Buni Xorazm voliysi Yusuf So’figa nisbatan bo’lgan munosabat misolida ham ochiq-oydin ko’rish mumkin. 1373 yilda Xorazm hukmdorlari avlodidan Oq so’fining qizi Xonzoda Begimning Sohibqiron Amir Temurning o’g’li Jahongir Mirzo bilan turmush qurishi ikki hokimiyat o’rtasidagi ziddiyatni yumshatganday bo’lgan edi. Xorazm taxtiga kelgan Yusuf So’fi o’rtada uch-to’rt yil qaror topgan tinchlik va qarindoshlik oyinini qo’pol tarzda buzib, Amir Temur 1376 yilning oxirlarida To’xtamish himoyasi uchun O’rusxonga qarshi lashkar tortib ketganida, vaziyatdan foydalanib, Buxoro ustiga bosib kelib, uni talashga tushadi. Qo’lga ilashadigan narsa borki, hammasini ship-shiydam qilib, olib ketadi. Bundan xabar topgan Amir Temur Yusuf So’fi huzuriga elchi yuborib, “qarindosh bo’lganimizdan keyin, bunday dushmanlikning sababi nima?”, degan savolni qo’yadi. Yusuf So’fi javob o’rniga, Sohibqiron elchisini zindonga soladi. Amir Temur shundan so’ng ham, yana elchi yo’llab, “podshohlarga elchilarni jazolash yarashmaydi, ularning aybi yo’q. Aytmoqchi bo’lgan biror gaping bo’lsa, uni ichingda saqla, elchilarda nima o’ching bor? Elchilarni qaytarib yubor va bunday nomaqbul ishga qo’l urma, pushaymon bo’lib qolasan”, degan mazmunda muloyim qilib noma yuboradi. Yusuf So’fining nodonligi shu darajaga yetadiki, Sohibqiron yuborgan ikkinchi elchini ham zindonband etadi. Ustiga ustak, lashkarboshi To’y Bug’oni yana Buxoroga qo’shin bilan yuborib, talon-tarojni amalga oshiradi, mol-hollarni, tuyalarni haydab olib ketadi. Yusuf So’fining bu qilmishi Amir Temurning qo’shnichilik va qarindoshlik munosabatlarini o’zboshimchalik bilan buzgan Yusuf So’figa qarshi to’rtinchi marta qo’shin tortishiga sabab bo’ladi.

Yusuf So’figa qarshi qo’shin torib borgan paytda Amir Temur qirq uch yosh ustida edi. Elchilarni qamab qo’yish, quda-andachilikka xilof o’laroq, dushmanlikni kuchaytirish, oxir-oqibatda, 1379 yilning fevralida to’rtinchi bor qilichlarni qindan chiqarishga olib keladi. Bu o’rinda Sohibqironning jismonan nihoyatda kuchli bo’lganligini shu yurishda sodir bo’lgan bir voqea vositasida aytib o’tish joiz ko’rinadi. Yusuf So’fi, Sohibqironga maktub yuborib, “Ikkalamiz sababimizdan odamlar qiyinchilik tortayotir, yaxshisi, maydonga ikkalamiz chiqaylik-da, jang qilaylik”, deb uni yakka kurashga chorlaydi. Bu so’zlar Sohibqironga juda ma’qul keladi va, “Xudodan aynan shuni so’ragan edim”, deya xitob qiladi. Shu so’zlarni aytib u harb liboslarini kiyib, qurollanib qal’a tomonga otlanadi. Beklar uning yo’lini to’sib, borishga yo’l bermaydilar. Oriyatli hukmdor ular so’ziga bovar qilmay, jilov siltaydi. Shunda ot yuganidan eng yaqin do’sti va safdoshi Hoji Sayfiddinbek ushlab, Sohibqironga yig’lamoqdan beri bo’lib, “Qachonki bizlar, sizning qullaringiz tirik ekanmiz, sizni jang qildirib qo’ymaymiz”, deydi. Amir Temur achchiqlanib, do’stini koyiydi-da, bir o’zi qal’a tomonga ot surb ketadi. Qal’aning chohiga yetib, baland ovozda, “Yusuf So’figa aytinglar, uning shartiga muvofiq, biz keldik. Qani, endi, o’z va’dangda turib, shahardan chiqda, bu yerga kel. Ko’ramiz, Alloh taolo g’alabani kimga yor qilarkan”, deydi. Yusuf So’fi jangga hozir bo’lib turgan Sohibqiron oldiga kelishga botina olmaydi, qo’rqoqlik qiladi. Amir Temur uni yana bir bor jangga chorlaydi. Yonidagilar uni qancha da’vat qilmasinlar, Amir Temur bilan yakka jang qilishga urushga yuragi betlamaydi. Sohibqiron shunda, “So’zga amal qilmagandan ko’ra, o’lgan afzal”, deydi. Odamlar bu qahramonlikdan hayratga tushadilar. Holbuki, bu voqea yuz bergan 1379 yilda Amir Temur 43 yoshga kirgan edi. 1362 yilda Seyistonda kamon o’qi qo’lini yaralagan, Sohibqiron o’n yetti yildan buyon jangda yetgan zahmdan o’ng oyog’i bukilmay, qilib tutib jang qilish noqulay tug’dirishi tabiiy edi. Bu yoshda ham, ko’ramizki, Amir Temur nihoyatda kuchli, chap qo’lda shamshir to’lg’ashning urishish hadisini olgan, dovyurak, oriyatli insonligicha qolgan.

Quda-andachilik vositasida vujudga keladigan qarindoshlikka sof oilaviy nuqtai nazardangina emas, davlat ahamiyati tushunchasi bilan yondoshadigan Sohibqiron bu boradagi qarashlarga og’ishmay amal qiladi. Bu sohada yanglishganligiga,  ko’p bora pand yeganligiga qaramay, shu yo’lni mahkam tutadi.

Amir Temur hayotda faqat uylanish emas, o’z qizlarini va qarindoshlari qizlarini boshqalarga uzatishda ham shu andozaga rioya qiladi. Sohibqironning Amir Joku Barlosning qizi Nurmish Og’odan tug’ilgan katta qizi Tog’ay Shoh Og’o Begim (ba’zi tadqiqotlarda kichik qizi deyiladi. Og’o Begimni Sohibqironning to’ng’ich qizi deganda, Turg’un Fayziyev haq. Umarshayx Mirzo bilan Og’o Begim bir onadan tavallud topgan) Amir Musoning o’g’li Muhammadbekka uzatiladi. Bu nikoh Og’o Begim 14-15 yoshlarda ekanligida bo’ladi. Aniqrog’i, Amir Temur 1370 yilda Saroy Mulk Xonimni o’z haramining birinchi malikasiga aylantirgach, Saroy Mulk Xonimga tog’a bo’lmish Amir Muso bilan quda kirishadi. Amir Muso qaltis odam, og’machi amaldor edi. Uning kimligi, fe’l-atvori, tarozi shayiniga qarab, turlanib turishi to’g’risida yo’l-yo’lakay gapirib o’tildi. Sohibqironning bag’rikengligiga, kechirimli hukmdor bo’lganligiga qoyil qolmay bo’lmaydi. Amir Husayn, sarbadorlar vositasida Turkiston taxtini egallab, Soli Saroyga qaytayotganida, Amir Temurga o’lganining kunidan “iltifot qilib”, Kesh shahrining amirligini berishga mayl qiladi. Amir Husayn So’fining qizini olishi uchun Amir Temur zimmasiga uch ming dinor va ko’p mol-hollar yetkazishni yuklaydi. Muarrix Shomiy, “Amir Sohibqiron bu taklifni qabul qilib: “Men molning chorasini ko’raman, ammo sening xizmatingdan ayrilmayman, chunki kimda-kim o’z amirining suhbatidan va xizmatidan uzoqlashsa, dushmanlar imkon topadilar va payt poylab, yolg’on so’zga rostlik libosini kiygizadilar-da, hokimning tilini o’zgartiradilar. Men bunga toqat qilolmaydman. Agar suhbatdoshlikka ijozat bermasang, unga ijozat begilki, toki bu xizmatkoring xonayi Ka’baga yuz tutib, o’tgan umrining tadorikini ko’rsin va yo’l qo’ygan gunohlari uchun uzr so’rash bilan mashg’ul bo’lsin”, dedi. Amir Husayn bu gaplarni ma’qul ko’rmadi va juda ko’p urinishlardan keyin Kesh shahrining hukmdorligi va amirligini Amir Sohibqironga topshirdi. Ertasi kuni Amir Husayn Soli Saroyga ravona bo’ldi. Amir Sohibqiron o’zining izzat qarorgohiga kelib tushdi, molning qolgan qismini jamlab, Amir Husayn ketidan yubordi”, degan so’zlarni keltiradi.

“Loy jangi”, sarbadorlarning nohaq jazoga tortilishi, do’stlarinign shubha ostiga olinib katta tovon to’lashga mustahiq etilishi, Amir Husaynning kuyovi, singlisi O’ljoy Turkon Og’oning eri – Amir Temurga nisbatan qilingan kalondimog’lik, u bilan vaziyat taqozosiga ko’ra, murosa qilishga bo’lgan majburiyatidan, muarrix qavli bilan aytganda, “nosoz davron mashaqqatlaridan charchagan”, hammasidan qo’l siltab, hatto hajga ketishni ixtiyor qilgan Amir Temur, shunday og’ir vaziyatda ham o’zini bosishga, aql bilan ish ko’rishga kuch topa oladi. Keshda bir muddat o’zini o’nglash va dam olish uchun ovga chiqishni lozim ko’radi.

Amir Husayn o’z qarorgohiga ketganidan keyin noilojlikdan Kesh idorasi Amir Temurga topshirilganligi, uning azaliy raqiblariga xush kelmaydi. Amir Husayn ra’yi bilan Qarshini idora qilib turgan Amir Muso o’n ikki ming kishilik qo’shini bilan bundan sal burun Amir Temurdan sharmandalarcha mag’lub bo’lgan edi. Amir Husayn bilan Amir Temur o’rtasida nishlay boshlagan ixtilofdan u ustalik bilan foydalandi. U, Qozonxondan oldin Chig’atoy ulusida xonlik qilgan Tarmashirinxonning xotini O’rdu Xotun, Ali Darvesh va Farhod bilan ittifoq tuzib, ikki amir o’rtasidagi munosabatni yanada keskinlashtirish uchun ig’vo maslahatini qiladilar. Ular Soli Saroyga, Amir Husayn nomiga bo’htondan iborat xat jo’natadilar. Tuhmat bilan oq qog’ozni qoraytirgan bu kaslar, “Amir Temur Amir Husaynga qarshi dushmanlik yo’liga kirib, bu ishni amalga oshirish bilan band. Bizlar buni xayrixohlik yuzasidan qildik”, deb yozadilar.

Amir Husaynga ham shunday bahona kerak edi. Xatni olgandan so’ng, darhol Samarqandga taftish yuboradi va “Amir Temur, Amir Muso, Ali Darvesh va Farhodlar O’rdu Xotun oldiga borsunlar. U yerda so’rov o’tkazib aniqlasinlar: kimning so’zi to’g’ri bo’lsa, u izzat ikromga sazovor bo’lsin, aks holda qahru g’azab ostiga olinsin”, deya amir qiladi. O’rdu Xotun Amir Husaynning qaynonasi edi. Uning qizi Qutlug’ Sevinch Og’o Amir Husayn haramida bosh malika hisoblanardi.

Keshga ham bu itobli farmon yetadi. Taajjub va hayratga tushgan Amir Temur, Amir Husayn talab qilgan pul va mollarni yuborib, endi bir oz orom olganida, bu bo’hton uni, o’zining haqligini dalolat etmog’i uchun Samarqandga otlantiradi. Amir Temurning Samarqand yo’liga chiqqanligidan vahimaga tushgan Amir Muso bilan Ali Darvesh Xo’jandga qarab qochadilar. Amir Temur, “Bu mufsidlar yolg’on so’zlashni boshlab, fitna-yu fasodga asos soldilar. Hokim bo’lib turgan amir Husayn bo’lsa, fe’li buzilib, xalqning moliga ta’ma qilmoqda va fasodchilarning gapiga quloq solmoqda”, degan qarorga keladi va muhofaza choralarini ko’radi.

Shu voqea kechganidan besh-olti yil o’tib, Amir Temur, hokimiyatdan ag’darilgan Amir Husayn haramiga egalik qilganida, O’rdu Xotunning shu nomatlub qilmishi uchun, ehtimol, uning qizini Bahrom Jaloyirga xotinlikka berib, Qutlug’ Sevinch Og’oning saroy bosh malikasi maqominigina emas. Chig’atoy xonlari ichida hurmati katta bo’lgan Tarmashirinxonning ham rutbasini Qozonxondan quyi tushiradi. Oilaviy hayotdagina emas, siyosatda ham ayol makri nimalarga olib kelishida, bu, shunchaki bo’lmagan bir misoldir.

Shunday qabihlikka qo’l urgan Amir Musoning kechirilishi insoniy bag’rikenglikdan tashqari, mamlakat kelajagini o’ylovchi hukmdorning jipslik, birlik uchun yon berishi bilan ham chambarchas bog’liq edi. Bu tag’in oilaviy hayot doirasidan chiquvchi, tor shaxsiy qobiqlardan ijtimoiy mohiyati bilan baland turuvchi jo’mardlik namunasi ham edi. Chunki Amir Temur hokimiyatga kelganidan so’ng, bemalol Amir Muso yanglig’ fitnagarlarni, og’machilarni jazolashi, bir yo’la ulardan qutulib qo’ya qolishi, hech bo’lmaganda, munosabatlarni tag-tomiri bilan uzishi mumkin edi. Uzoqni o’ylamaydigan, aholi kafiyati bilan hisoblashmaydigan kekchi, o’ch oluvchi podshohlarda bunday holat ko’p bora kuzatilgan. Chunki bir yo’la daf etiladigan raqiblar ortida ham odamlar turadi, ularning qarindosh-urug’lari, bola-chaqalari bo’ladi. O’z osoyishini o’ylab, yomonlarga nisbatan eng oxirgi chorani qo’llash fikridan Amir Temur umri bo’yi uzoqda bo’lgan.

1371 yilda Sohibqiron suyukli qizi Tog’ay Shoh Og’o begimni Amir Musoning o’g’li Muhammadbekka beradi. Bu Amir Musoning unga qarshi ig’vogarligidan besh-olti yil o’tib, Sohibqiron Movarounnahr taxtida o’rnashganining ikkinchi yilida voqe bo’ladi. Bu to’yning o’tkazilishida Saroy Mulk Xonimning ham ta’siri sezilarli bo’lgan. Amir Temur 1370 yilda dushmanlikni haddan oshirgan, amirlar va elning nazaridan qolgan Amir Husayn ustiga qo’shin tortganida, boshda Amir Muso ham unga qo’shiladi. Balx yurishida Amir Muso Huzorga yetib, qasamyodini unutadida, yo’ni chapga burib, sotqinlik fe’lini namoyish etadi. Qachonki, Amir Husayn mag’lubiyati haqidagi xabarni eshitadi-da, qo’rqqanidan Turkiston tarafga qochib ketadi. Amir Temur ulkan odamgarchilik ko’rsatib, g’arib bo’lib, sarson-sargardon tog’u tosh, dashtu qir kezib yurgan Amir Muso ortidan uni topib kelish uchun odam jo’natadi. Jangga Qovchin (Yangi qovchin) degan manzilda uni topadilar. Amir Muso ularni ko’rib qochishga tushadi. Tog’lar, vodiylar osha yashirinib yurish davom etadi. Sohibqiron yana bir marta uni daraklatadi. Bu safar Amir Musoni topib olib kelish uchun marhum Amir Husaynning kichik ukasi Qoralchog’bek jo’natiladi. U Sohibqironning qaynog’asi (O’ljoy Turkon ukasi edi) sifatida saroy xizmatida bo’lgan. “Zafarnoma”da faqat shu munosabat bilan u bir marta tilga olinadi. Bu yerda ham Amir Temurning mag’firatli hukmdor bo’lganligi ayon bo’ladi – akasi, Sohibqironga dushman bo’lgan Amir Husayn sababidan jazoga tortilmagan, aksincha, zimmasiga muhim topshiriqlar yuklangan, ishonch bildirilgan, Amir Qarolg’ochbek nihoyat uning turgan joyini izlab topadi, amir Muso yana qochishga tushadi. Uni qanchalik quvmasinlar, baribir, yeta olmaydilar. Amir Muso qochib-qochib, oxiri, Jayhundan o’tadi va Shibirg’onga, Amir Temurga azaliy yov bo’lgan Zinda Chashm huzuriga panoh istab keladi. Bu joyda u Sohibqironga qarshi suiqasdga qo’l uradi va pirovard natijada, unga hamfikr bo’lgan Zinda Chashm hayot bilan vidolashadi. Amir Musoning gaplariga uchgan Zinda Chashm Sohibqiron anjumanga chorlaganda kelmaydi, yuborgan odamlarini esa o’ldirib yuboradi. Sohibqironga bo’ysunmaslikni shior qilib, Termiz xonzodalaridan bo’lgan Abul Ma’oliy bilan hamkorlikda Balx va Termiz aholisini talashga tushadi. Oqibat esa yuqorida zikr etilganday yakun topadi. Amir Muso, viloyat beklarini Amir Temurga qarshi kish-kishlagan kimsa esa qutulib qoladi, kechiriladi, mol-hol, tuyalar, xachirlar bilan mukofotlanadi, avvada o’ziga talluqli bo’lgan mulklarga egalik qiladi. Bularning hammasini, aytilgan sabablardan tashqari, bosh malikaning – Saroy Mulk Xonimning hurmati bilan, istaymizmi, yo’qmi, bog’lashga to’g’ri keladi. Tog’ay Shoh Begim bilan Amir Musoning o’g’li Muhammadbek to’ylari ham ana shunday paytda Amir Musoga nisbatan bemisl muruvvat ko’satilgan kezlarda bo’lib o’tadi.

Muhammadbek qo’shin boshlig’ bo’lib xizmat qilgan. Jetaga qilingan yurishlarda uning ishtiroki xususida manbalarda ayrim xabarlar beriladi. Harholda, Saroy Mulk Xonim o’z jiyani, Amir Musoning 12 yoshli qizi Tumon Og’oni Sohibqiron nikohiga kiritish harakatiga tushganda, bu oilalarni nikoh rishtalari bilan bir meas, ikki martadan o’rab-chirmab, mustahkamlashni, yovlashishga tamomila barham berishdek olijanob niyatni ko’zlaganligiga ishonaman.

1376 yilning oxirlarida Amir Temur Tumon Og’oni o’z nikohiga oladi va ulug’vor to’y beradi. Tumon Og’o, bu voqeadan 12 yil avval 1365 yilda Temurbek Qarshini qamal qilib, Amir Muso oilasini quvishga tushganida, otda qochayotgan onasi Orzu Malik Og’o qornida erta indin tug’ilajak qizaloq edi.

O’sha paytda, ba’zi istiholalar bilan uni otda quvib yeta olmagan Sohibqiron oradan o’n ikki yil kechib, taqdir bedovida unga yetib oladi.

Tumon Og’oning maqomi Sohibqiron haramida Saroy Mulk Xonimdan – ammasidan keyin ikkinchi o’rinda bo’ladi. Shu tariqa, Sohibqiron Amir Temur Qarshi mavzeidan – amakisi Joku Barlosning qizi Nurmush Og’oga, Saroy Mulk Xonimga, amir Shamsiddinning qizi Dilshod Og’oga va Qarshining sobiq hokimi Amir Musoning qizi – Tuman Og’olarga uylanadi. O’ljoy Turkon Og’o Amir Qazag’onning nabirasi bo’lib, Qo’ng’irot qavmidan edi. Sharafiddin Ali Yazdiy qirq yoshida Tuman Og’oga uylangan Amir Temurning bu sohibjamol malikaga atab, Samarqandda yashgan bog’-rog’lar yaratisga amr qilganligini aytadi. O’n ikki burcha oyiniga muvofiq, shaharning g’arbiy qutbida bir-biriga tutashib, ketgan Dilkusho bog’ majmuasi barpo etiladi. Bog’ ichida ko’shkli qasrlar bunyod etiladi.

Tumon Og’o yurt hukmdori bilan to uning umri oxirigacha baxtli hayot kechiradi. U Amir Temurga bir qiz tuhfa etadi, ammo umri qisqa bo’ladi. Sohibqironning uch, besh va yetti yillik yurishlarida Saroy Mulk Xonim va boshqa malikalar qatorida Fors viloyatlarining aksariyatida bo’ladi. 1384 yilda, Amir Temur Balxda qo’shinar yig’ilishinii kutib, to’xtab turgan paytida, uning yonida malikalar ham bor edi. Eron podshohi Jaloliddin Shoh Shuj’aning qizi shu yerda hashamatlar bilan kutib olinadi. Tumon Og’o ham Saroy Mulk Xonim bilan birgalikda Fors podshohi bilan qudalashishga, uning Balxga olib kelingan qizini Jahongir Mirzoning o’g’li Pir Muhammad Mirzoga katta to’y berib, nikohlatishga taraddud ko’radi.

1392 yil yozida Amir Temur Eron yurishi oldidan Buxoro tarafga otlanadi va Jo’yizar (Shofirkon tumanida) degan yerda o’rnashadi. Hukmdorda kasallik alomatlari kuchaya boshlaydi. U Samarqandga kishi jo’natib, ayollari va farzandlarini olib kelishni buyuradi. Saroy Mulk Xonim, Tumon Og’o va Sulton Baxt Begimlar tezlikda yetib keladilar. Amir Sayfiddin boshchiligida, muarrix aytganidek, turk va tojik tabiblari davolash bilan astoydil mashg’ul bo’ladilar. Malikalar va Sohibqironning qizi Sulton Baxt Begim ulug’ avliyolar mozorlariga, muhtojlarga ko’pdan ko’p nazr-ziyozlar ulashadilar. 1392 yilning 7 iyuli (795 hijriyning 15 shaboni, yakshanba kuni) Sohibqironning hayotga qaytish kuni sifati, muarrixlar tomonidan ta’kidlab aytilgan sana hisoblanadi. Shunday og’ir damlarda Tumon Og’oning ham Sohibqiron yonida bo’lishi, uning mavqei va qadrini ko’rsatuvchi jihatlardan, desam bo’ladi.

Hijriy yetti yuz to’qson oltinchi yilning (1394 yil 25 avgust) seshanba kuni – shavvol oyi oxirlarida Shohruh Mirzoning o’g’li Ibrohim Sulton dunyoga keladi. Saroy Mulk Xonim Sohibqironga odam yuborib, quvonchli xabarni yetkazdiradi. Xushxabarni eshitgan Amir Temur ham uning yonidagi beklar suyunchini bisyor qiladilar. Xazina eshiklari ochilib, katta-yu kichiklarga tuhfa ulashiladi. Adolat va saxovat bardavom bo’lib, aholi bir yillik xaraj solig’idan ozod etiladi. Chaqaloq Ibrohim Sulton tarbiyasi mas’iluyati 19 yoshli Tumon Og’oga topshiriladi. Shohona mas’uliyatni zimmaga olgan Tumon Og’o shahzoda sharafiga katta to’y beradi, ulug’ ishonchdan benihoya darajada quvonadi. Amir Usmon Abbos chaqaloq shahzodaning Otabegi etib tayinlanadi. Amir Usmon Abbosning xotini Sotqin Og’o esa enagalikka qo’yiladi. Sotqin Og’o Amir Temurning yaqin qarindoshlaridan bo’lgan ayol edi.

Amir Temur vafot etganda, Tumon Og’o 40 yoshda edi. U Sohibqiron bilan 29 yil umrguzaronlik qiladi. Zamon voqealarining yevrilishini qarang, Amir Temur o’limidan keyin, Tumon Og’o Sohibqironning eng ishonchli vazirlaridan biri Shayx Nuriddinga xotinlikka beriladi. Amir Temur O’trorda, Shayx Nuriddinning ukasi Berdibek saroyga jon bergandi. Berdibek O’tror hokimi edi. Shayx Nuriddin Tumon Og’oni xotinlikka olishga qanday jazm qilgan, tarixlarda bir so’z aytilmaydi, harholda, u bir muddat Xalil Sulton bilan yaqinlashgan, uni qo’llab-quvvatlagan. Xalil Sulton undan vaqtida etagini yiqqan. Sohibqiron vafotidan besh yil o’tib, 1410 yilda Shayx Nuriddin Samarqandga katta kuch bilan bostirib keladi. Shohruh Mirzo ko’rgan tadbirlar, Shayx Nuriddinning Amir Shoh Malik tomonidan sharmandali qatlga yetkazilishiga olib keladi. Amir Shoh Malik ham Shayx Nuriddin singari, taniqli vazirlardan edi  Amir Temur o’limi yuz bergach, kimning kimligi aniq bo’lib, uzoq vaqt bir kelgan yo’llar tezlik bilan turli tomonlarga bo’linib ketadi.

Tumon Og’oni Sohibqiron farzandlaridan beijozat o’ziga xotinlikka olgan Shayx Nuriddinni jazolashga Shohruh Mirzo Amir Shoh Malikni mutasaddi qiladi. U Shayx Nuriddin oldiga Xurqadoq degan navkarni jo’natadi va unga, “Sen menga xuddi birodar o’rnida balki undan ham azizroqda, agar bugun jur’at qadamini ilgari qo’yib, mening xotirimga kelgan ma’nini bajarishga kirishsang, shoyad zafar yuz ko’rsatar va sening dilovarlik noming ham tiriklik sahifasida boqiy qolar… Sen Shayx Nuriddinning oldiga borishing kerak, u seni ko’rgach albatta huzuriga chaqiqib, og’ushiga tortmoqchi bo’ladi. Sen yaqin borganingda otdan tushgin, u seni og’ushiga olaman deb boshingni eggan paytda, uni dadil va mardona shunday bag’ringga torgilki, qo’llaring uning orqasiga o’tib birlashsin. Shunda uni mahkam ushlab, otdan tortib tushir. Uni otdan tushirish sening uhdangda, seni qo’riqlash esa bizning uhdomizda”, deya topshiriq beradi.

Hurqadoq navkar Shayx Nuriddin turgan qal’a darvozasiga boradi. Sobiq vazir, endilikda Amir Temur davlati va xonadoniga ko’z olaytirgan, dushmanlik va isnod yo’liga kirgan Shayx Nuriddin navkarni ko’rib, uni huzuriga chorlaydi. Hurqdoq otdan tushadi-da, bir necha bor ta’zim qilib, ot ustida ko’rishish uchun engashgan Shayx Nuriddinni otdan tortib, shamshirni belidan sug’iradi. Bu holni ko’rib, Shayx Nuriddinning nariroqda turgan ikki navkari kelib, Hurqadoqqa tashlanadi. Navkar abjirlik bilan ularning otlariga shamshir havola qilib, hurkitib yuboradi. U Shayx Nuriddinning boshiga shunday zarb bilan qilich soladiki, Shayxning tig’ni ushlamoqchi bo’lgan qo’llari, barmoqlari va bosh kosasining yarmi bilan burni uzilib tushadi. Shu asnoda, bu hodisani uzoqdagi tepalikda kuzatib turgan Amir Shoh Malik ikki yuzta mukammal qurollangan suvoriylari bilan voqea joyiga zudlik bilan yetib keladi. Hurqadoq Shayx Nuriddinning boshini tanasidan judo qiladi.

Shayx Nuriddinning ukasi Shayx Hasan Shohruh Mirzoga xat bilan murojaat etib, itoat izhor etadi. Shohruh Mirzo uning oldiga To’kal degan kishini yuborib, “Agar bizga el bo’lsang, Tumon Og’oni huzurimizga yubor”, degan talabni qo’yadi. Shundan so’ng Shohruh Mirzo Shayx Nuriddin ishini bartaraf etib, Hirotga keladi. Oradan bir oz vaqt o’tib, “Ulug’ bonu Tumon Og’o” ham Hirotga, Shohruh Mirzo o’rdusiga qadam qo’yadi.

Padari buzrukvori hurmati, Shohruh Mirzo, “U bonuni ulug’lashda izzat-hurmat shartlarini ado etib, Kusaviya qasabasini suyurg’ol tarzida uning noiblariga topshiradi”. Qusaviya qasabasi Shohruh Mirzoning xotini Gavharshod Og’oga tegishli mulk edi. Tumon Og’oni kutib olishda Gavharshod Og’o ham ishtirok etadi va unga katta ehtirom ko’rsatadi.

Fasih Xavofiy o’zining “Mujmali Fasixiy” degan yilnomasida 1405-1406 yil voqea-hodisalari haqida hikoya qilganida “Malika Tumon Og’o Mirzo Halil Sulton farmoniga muvofiq Shayx Nuriddinga erga beriladi”, degan so’zlarni keltiradi. Xalil Sulton hokimiyat ilinjida, o’ziga xayrixohlar orttirish uchun shu qadar tubanlikka borgan, ulug’ xonadon, ulkan oila sha’niga isnod bo’lib tushadigan bu qabihlikdan qaytmagan. Oila sha’ni Shohruh Mirzoning sa’y-harakatlari bilan tiklangan. Shohruh Mirzo Samarqandda olti kun turganida, Shoh Malik tomonidan Shayx Nuriddinning boshi unga keltiriladi. “Mujmali Fasihiy”da Tumon Og’oga berilgan mulklar adadi yana ko’proq bo’lganligi aytiladi. Gavharshod Og’oning saroy a’yonlari xotinlari qurshovida Tumon Og’oning kutib olishga chiqishi, Shohruh Mirzo tomonidan Sohibqiron bevasiga – o’gay onasiga mol va mutavajihat, Xobushon viloyatidan Majroh degan qishloqni ham berganligi aytiladi. Gavharshod Og’o Qusaviya qishlog’ini tuhfa etgan bo’lsada, o’z navbatida Shohruh Mirzo ham Tumon Og’oning to’kinlikda hayot kechirishiga barcha sharoitlarni yaratishga intilgan.

Tumon Og’oning qachon vafot etganligi aniq emas. Zikr etilayotgan “Mujmali Fasihiy” 1441-1442 yilga qadar bo’lgan voqealarni qamraydi. Muarrix shu davrga qadar yashagan va hayotdan ko’z yumgan taniqli tarixiy shaxslar haqida ma’lumotni jamlar ekan, 845 hijriygacha (1442 yil) olamdan o’tgan Temuriylar xonadonida mansub kishilar orasida Tumon Og’oning ismi sharafasini keltirmaydi. Malika Tumon Og’o bu paytda hayot bo’lganida, 77 yoshga kirgan bo’lardi. Hikoyamning avvalida “bu qissa mahzun” degan edim. Malika Tumon Og’oning qismati Sohibqiron vafotidan keyin kutilmagan tarzda evrilishi, qadrsizlantirilishi, oradan shuncha asrlar kechgan bo’lsa-da, yuraklarda achinish uyg’otmay qolmaydi. Hokimiyat, manfaat aqli qisqa, g’urusiz, hamiyatsiz odamlarni qaysi qo’ylar tentiratmaydi, esiz, esiz…

Leave a Reply