Amir Temur sulolasi. Umarshayx Mirzo avlodi

Umarshayx Mirzo tavallud topan 1354 yil nari-berisida kechgan voqea-hodisalar o’sha davr ruhi bilan bir qatorda, Amir Temur oilasida barqaror bo’lgan iqlimni ham bir qadar oydinlashtiradi. Chunki, hozirgacha bu haqda yozilgan kitoblarda Temurbekning to’ng’ich farzandi tug’ilgan yillarda ahvoli qanday, nima ishlar bilan mashg’ul bo’lgan – bu xususda deyarli so’z yuritilmay kelinadi. Xonadon Qashqa vohasining yuqori va quyi hududlarida azaldan tug’dir-bitdi bo’lib yashab kelgan. Muarrix Nizomiddin Shomiy aytgani kabi, “Turklar Kesh deb atalgan Shahrisabz va unga qo’shiluvchi tobe joylar o’sha vaqtda Amir Sohibqiron, ya’ni jahon mamlakatlarini fath etuvchi Amir Temur Ko’ragon va Hoji Barlos tasarrufida edi. U joylar qadimdan ularga taalluqli edi”. Hoji Barlos Qozonxon hukmronligining oxirgi yillarida ham Kesh shahrinig idorasini o’z qo’lida saqlab kelardi. Aka-ukalarning farzandlari bo’lgan Muhammad Tarag’ay va Hoji Barloslarning o’zaro munosabatlari qanday bo’lgan, manbalarda bu xususda bir so’z atilmaydi. Bu munosabat ravishini bir voqea misolida fahmlash mumkin bo’ladi. 1361 yilda Mo’g’ulistondan Tug’luq Temur bosib kelgan paytda, Temurbek ham hoji Barlosga, qo’shilib, Jayhundan nariga o’tib ketish uchun daryo bo’yiga qadar boradi va undan ijozat olib orqaga – Kesh elini qutqazish uchun qaytadi. Bundan shunday ma’no chiqarish mumkin: Hoji Barlos Kesh hokimligi vaqtida Temurbek uning xizmatida bo’lgan. Lekin qarindoshlik aloqalari juda ham mustahkam edi, deyishga asoslar kamdek. Temurbek Mo’g’ul hukmdorini ko’ndirib, yurtiga qaytarib, Keshni idora qila boshlaganida, Hoji Barlos qochuvdan qaytib kelib, Keshning hokimiyatini talab qiladi. Ish jangga qadar yetib boradi. Xizr Yasavuriy bilan Temurbek munosabatlarining buzilishi ham Hoji Barlos sababidan bo’ladi. Xizr Yasavuriy o’z do’stidan shubha qilib, uni o’ldirishga qasdlanadi, ammo bunga muvaffaq bo’la olmaydi.

Bu daromad gaplarni keltirishimdan maqsad, amakizodalar – Tarag’ay va Hoji Barlos, garchand, yaqin qarindoshlar bo’lsa-da, o’zaro daxl qilmaslik oyiniga amal qilgan ko’rinadilar. Shu sababdan ham, Muhammad Tarag’ay Kesh shahrida emas, uning mulklarida, Tarag’ay, Ochig’iy, Niyozaa, Hoja Ilg’r singari manzillarda yashab kelgan. Muhammad Tarag’ayning ota-bobolari hozirda uning nomi bilan atalib kelinayotgan tog’oldi qishlog’iga yashagan, bu joyda ularga tegishli xilxona ham saqlanib qolgan. Hoja Ilg’orga o’tish Temurbek tug’ilishidan bir necha yillar oldin yuz bergan bo’lishi mumkin. O’sha paytlarda Kesh va uning tevarak-atroflarida ekin-tikin qilinadigan, bog’-rog’li yerlardan tashqari, yaylovlar ham ko’p edi.

Temurbekning Keshda o’rnashuvi XIV asrning 60-yillari boshlariga to’g’ri keladi. To’g’luq Temur Mo’g’ulistonga qaytayotganida Kesh va unga qarashli qishloqlarni Temurbekka berib ketgandi. Bu, shubhasiz, Temurbekning bevosita shaharda yashashini taqozo etar edi.

Umarshayx Mirzo Keshning qaysi bir mavzesida tug’ilgan bo’lishi mumkin? Tarixlarni har qancha varaqlamang, bu savolga javob topa olmaysiz. Fasih Xavofiy yilnomasida ham, “Zafarnoma”larda, Natanziy asarida ham Umarshayx Mirzo tug’ilishi vaqti va joyi chetlab o’tiladi. Uning tug’ilgan yilini ham, Yazdiy ma’lumoti bo’yicha, vafot etgan – 1394 yildan kelib chiqib, 1354 yil deb, belgilash mumkin bo’ladi. Umarshayx tavallud topganda Temurbek 18 yoshda bo’lgan. Bu paytda u amakisi Amir Joku Barlosning qizi Nurmish Og’oga uylangan edi. Otasi Amir Tarag’ay keksayib, “Amir Qazag’onning ulus va qo’shunlar bobida qilgan savollaridan ojiz kelur edi”. Bekzodalar qadimiy turkiy odatga ko’ra, o’z yigitlari bilan hukmdor xizmatida bo’lishi kerak edi. Temurbek ham, “lashkar intizomi vositasida” Amir Qazag’on majlislarida qatnasha boshlaydi. Temurbek, “Malfuzot”dan ma’lum bo’ladiki, Amir Qazag’on saroyida tez orada uning harbiy maslahatchisi darajasiga ko’tariladi. Buni tubandagi e’tirofdan ham anglash mumkin. Amir Qazag’on Hirotga qo’shin tortganda, Temurbek harb maydonini ko’zdan kechirib, muhorabani qanday olib borish rejasini tuzadi. “Amir Qazag’on mani hirovul qildi va man farog’ati tamom birla Murg’ob suyidan o’tub, Boston yo’lidan kirib, Hirot dorussaltanasining qandlarida nuzul etdim va so’nggi kun otlanib bir baland ustigakim. Gozurgo yerida voqe edi, chiqdim va urush joyin mulohaza qilib, Amir Qazag’on qoshig’a kelib urush va joyining past va balandlig’in Amirga ko’rsatdim va ul holda Amir Qazag’on lashkar safin tuzatib hamul baland ustiga chiqib, urush joyin e’tibor ko’zi bila ko’rib, mulohaza qilib, manga tahsin va ofarin dedi. Va oftob chun bizlarning orqamizda bo’lub va g’animga ro’baru edi. Amir dedikim, oftobining shu’oyi ga’nim ko’zin tiyra qilgusidir”.

Amir Qazag’ondek tajribali, Chig’atoy hukmdori Qozonxonni mag’lub etgan sarkardaga olib berilajak jang hozirligini ko’rib, maslahatlar berib, uning tahsiniga sazovor bo’lish Temurbekning o’smirlikdan harb san’atini puxta egallaganidan darak beradi.

Amir Qazag’onning Xorazmni tobe etish rejasini amalga oshirishda ham Temurbekning hissasi katta bo’lgan. Shu boisdan ham, Urganch viloyatining idorasini unga bag’ishlaydi. Umarshayx Mirzo ana shunday bir sharoitda dunyoga keladi. Ishlar ravnaqqa yuz bura boshlaganda, omadning belidan chil soladigan g’animliklar ham oshkora yuz ko’rsata boshlaydi. Amir Qazag’on suiqas tufayli shikor paytida o’ldiriladi. Amir Qazag’onni uning o’z kuyovi, mo’g’ulparastlar domiga ilingan To’g’luq Temur qatlga yetkazadi. Kuyovning qasdlanganligi oldindan ma’lum bo’lgan. Bir safar Temurbek uni muqarrar o’limdan olib qoladi. “Ul vaqtda To’g’luq Temurxonkim, Amir Qazag’onning kuyovi erdi, – deyiladi “Malfuzot”da, – ko’b dushmanlar birla jam bo’lub, Amirni o’ldurg’ali fursat axtarur erdi. Shul holda vaqtni g’animat anglab, yetti nafar shamshirzan birla Amir Qazag’onga hamla qildi va chun kecha qorong’u erdi, man otdin tushub, na’ra urub otimg’a mihmiz berib, Amir Qazag’onning bo’ynig’a qo’limni hamoyil qildim va Amir Qazag’on otdin yiqilib qilichiga qo’l urub, bir toshni o’ziga panoh etdi. Va man o’rtog’a kirdim va mirshikorlar dog’i yetushib, urushmoqqa kirishdilar. Shul holda To’g’luq Temurxon shikasta rikob bo’lib, qochib chiqdilar”.

Bu voqeadan so’ng, Amir Qazag’on kuyoviga qasdalanadi. Amir Qazag’onning qizi esa erining ta’qib etilayotganidan o’zini “devona qiladi”. Amir Qazag’on rahmdil kishi bo’lganligi bois, qizi va xotinining makriga uchib, kuyovini kechiradi. U, “To’g’luq Temurxonning gunohini avf etib, anga yorlig’ yuboradi”. Temurbek shunda Amir Qazag’onga, “xotunlarning so’ziga amal qilmaslik kerakdur”, degan gapni aytadi. Oqibatda, u haq bo’lib chiqadi – navbatdagi ov chog’ida kuyov uni o’ldirishga muvaffaq bo’ladi. Amir Qazag’on halokati sabab, ishlar chigallashadi. Hokimiyatga uning o’g’li Abdulloh keladi. Boyon Sulduz va Hoji Barlos ko’p o’tmay, uni o’ldiradilar. Yurtda parchalanish, bo’linish avj nuqtaga ko’tariladi.

Umarshayx Mirzo, shu voqea-hodisalarga qarab, mulohaza etilganda, Keshda emas, uning qishloqlaridan biri – Tarag’aydami tug’ilgan, deyish asosli ko’rinadi. Asarlarni o’qib, Umarshayx Mirzoni g’oyibona taniganimdan beri (bunga yarim asrcha bo’lib qoldi), doimo ko’nglimdan bir savol kichadi. Nega endi bekzodaning ismi sharifi Umarshayx bo’lgan, bunda nomni kim tanlagan, degan o’ylar xayolimdan kechaveradi. O’zimcha, bunga bobosi Tarag’ayning dinu diyonatli kishi bo’lganligi, chaqaloqning uning xonadonida tug’ilganligi, ruhoniylar orasida e’tiqod qo’yganlari ko’p bo’lganligi sabab bo’lsa kerak, degan xulosani chiqaraman. Temurbekning o’zi ham diyonatli yigit bo’lgan. Otasi hayotligida tug’ilgan o’g’ilga ismni, turgan gapki, bobosi tanlagan, pirlar bilan bu borada maslahatlashgan. Avvalgi qismda qayd etilgani kabi, Umarshayx tug’ilgandami, yoinki, bu voqeadan ozmi-ko’pmi vaq o’tibmi, uning onasi olam bilan vidolashgan. CHaqaloqning parvarishi va tarbiyasi bilan Muhammad Tarag’ayning yana bir ayoli Qadoq Xotun shug’ullangan, deyish mumkin.

Yosh bekzoda 10 yoshga to’lganida, otasi Temurbek Amir Husayn bilan birgalikda, mo’g’ullarga qarshi shiddatli kurashlar olib borayotgan edi. Bungacha, qancha ta’qiblarni boshdan o’tkargan. Jayhun ortiga necha bor qochib o’tib jon saqlagan, turkmanlar qo’lida asirlikni boshdan kechirgan. Ilyosxo’janing amiri Bekichak ta’qiblaridan yashirinib, Yakkabog’ tog’larida, Samarqand shahrida g’aribona hayot kechirgan Temurbek, norasida o’g’li Umarshayxni uzoq vaqtlar ko’rmagan. Umarshayx ham 60-yillar o’rtalarida hayotga faol aralasha boshlagan. U, bekzodalar uchun udum bo’lgan harbiy hayotga erta kirishadi. Ot minishi, jang san’atini o’rganadi. Ukasi Jahongir Mirzo undan ikki yosh kichik bo’lib, u shu yillarda tog’asi Amir Husayn saroyida, Balxda yashab turadi. Bu, ochig’ini aytganda, Amir Husayn bilan Temurbek munosabatlarini muvozanatda muvozanatda saqlab turadigan o’ziga xos kafolat vositasi edi. Umarshayx 14-15 yoshlaridan boshlab, otasi yonida bo’ladi, tez-tez muhorabalarda qatnashib, o’zini ko’rsata boshlaydi.

Umarshayx Mirzo tarjimai holida aniq sanalardan biri uning 16 yoshi bilan bog’liq bir voqea hisoblanadi. 1370 yilning 28 martida Sohibqiron turkiy amirlar va taniqli din arboblari ittifoqida ishonchdan qolgan Amir Husayn ustiga qo’shin tortadi. Balxning qadimiy, nihoyatda mustahkam Hinduvon qal’asiga kirib olgan Amir Husaynga qarshi bemisl jang bo’ladi. Bir vaqtlar bu qal’ani Chingizxon qo’shinlari ham zabt etolmagandi. Amir Husayn hukmronligiga nuqta qo’ygan bu mahorada Umarshayx Mirzo ham qatnashadi. Shomiy bu haqda, “O’n olti yoshli Umarshayx bahodir qal’a darvozasi tomon yurti. Uni bu ishdan har qancha qaytarmasinlar, foyda bermadi. Shu yoshida haqiqiy mardonalik ko’rsatib, dushmanlarni to’xtatdi. Ammo jang oxirida oyog’iga o’q tegib, majruh bo’ldi. Usta jarrohlar yarali joyni dog’ladilar (qonni to’xtatish uchun cho’g’ qilib qizdirilgan temirni bosish). U kamoli g’ayrati va mardonaligidan oh demadi, qoshini ham chimirmadi”. Umarshayxning jasorati va bardoshini Yazdiy ham takrorlaydi. Har ikkala muarrixda ham Umarshayx Mirzoning 1370 yilda 16 yoshda bo’lganligi ko’rsatiladi. Bu tag’in bir marotaba Umarshayx Mirzoning to’ng’ich farzand ekanligini dalolat etadi.

Temurbek mo’g’ullarga qarshi kurash olib borgan, ichki ixtiloflarni bartaraf etishga butun kuch va g’ayratini bag’ishlagan. 1360-1370 yillarda uning yonida bo’lgan, ayniqsa, Turkiston hokimiyatini Amir Husayndan tortib olishda faol qatnashgan. Umarshayx Mirzo shu kechgan yillarda oddiy sipohiy – bekzoda sifatida harakat qilgan. Sohibqiron tarixini bitgan musanniflar hali Amir Temur taxtga chiqmagan, mo’g’ullarga qarshi kurash olib borgan yillar to’g’risida yozganlarida, Umarshayxni shahzoda deb tasnif etadilar. Bunga qo’shilib bo’lmaydi. Shahzodalik 1370 yil bahoridan, Balxdagi porloq g’alabadan keyin boshlanadi. Bu fikrni Jahongir Mirzo, Sulton Baxt Begim, Tog’ay Shoh Og’o Begim va Amironshoh Mirzolar haqida ham aytish joiz. Sulton Baxt Begim va Amironshoh Mirzolar Kesh shahrida tavalluf topganlar. Jahongir Mirzo ham Umarshayx singari, hali Temurbekning Kesh idorasiga kirshuvidan avval, qishloq mulklarida tug’ilgan edi.

Umarshayx Mirzoning og’ir jarohatga, qizdirilgan temir azobiga chidaganligiga qarab, uning boshdan qattiq hayot tarziga ko’nikkanligini fahmlash mumkin. Umarshayx shahzodami yoki oddiy bekzoda sifatidami, xullas, qanday maqomda uylangan, degan savol ham oldimizda ko’ndalang turadi. Muarrixlardan birgina Sharafiddin Ali Yazdiy Umarshayxning uchta xotini ismi sharifasi tilga oladi. Ular Sevinch Qutlug’ Og’o, Bek Og’o (Beka Og’o), Malikat (Malik) Og’olardir.

Bu ayollarning Umarshayx Mirzo haramiga qachon kirganligi to’g’risida biror dalilli fikr aytish amir mahal. O’ylashimcha, to’ng’ich o’g’il yo ancha kechikib uylangan, yo farzandlari tug’ilgan bo’lsa-da, turmagan. Muarrixlar Umarshayx Mirzo 1394 yilda, 40 yoshida halok bo’lganida, eng katta o’g’li Pir Muhammad Mirzo 16 yoshda ekanligini aytadilar. Iskandar Mirzo va Boyqaro Mirzolar Malikat Og’odan tug’ilganlar. Malikat Og’oning Xizr O’g’lonning qizi ekanligi Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” asarining ikkinchi jild, ikkinchi qismida (2008 yil) zikr etiladi. Xizr O’g’lonni mo’g’ul xoni Xizr Xo’ja O’g’londan farqlash kerak. Xizr Xo’ja O’g’lonning qizi Tukal Xonim 1398 yilda Sohibqiron Amir Temur nikohiga kiritilganligi haqida oldinda so’z aytiladi. Xizr O’g’lon mo’g’ul xonidan farqli o’laroq, XV asr boshlarida ham hayot bo’lgan. Abdurazzoq Samarqandiyning yuqorida nomi ko’rsatilgan kitobining ikkinchi jild, birinchi qismida 1411 yil voqealari bayonida Xorazmni muhosara qilib turgan amirlar ichida “urug’ jihatidan eng ulug’i Xizr O’g’lon” ekanligi keltiriladi. Xizr O’g’lon ismi, sharifi, taassufki, Amir Temur tarixida boshqa joyda biror munosabat bilan zikr etilmaydi. Uning bo’lib o’tgan shuncha ulug’ voqealardan chetda turishi sabablarini mavjud tarixlardan aniqlab olish mashaqqat. Malikat Og’o uzoq yosh yashagan, XV asrning birinchi yarmi oxirlarida, ham aniqrog’i, 1441 yilga qadar hayot bo’lgan. Shunga qarab hukm qilganda, Xorazmni qamalga olgan amirlar orasida urug’i jihatdan ulug’i bo’lgan Xizr O’g’lonning Malikat Og’o otasi bo’lishi, ehtimoldan holi ems.

Ayrim manbalarda Umarshayx Mirzo vafot etganda uning yana bir o’g’li Pir Muhamamd Mirzo 16 yoshga to’lgan edi deb ko’rsatiladi. Shahzodaning yoshi masalasida ikki xil fikr mavjudligini aytib o’tishim lozim. Chunki rasmiy tarixlarda otasi halok bo’lganda Pir Muhammad Mirzoning 10 yoshda ekanligini Sharafiddin Ali Yazdiy ta’kidlaydi. 16 yoshni esa, Turg’un Fayziyev keltiradi. Pir Muhammad, aftidan, Sevinch Qutlug’ Og’odan tug’ilgan Sohibqiron Amir Temur Umarshayx Mirzo vafotidan keyin uni Fors mamlakatining hukmdori etib tasdiq qiladi. Iskandar va Boyqaro Mirzolar onasi Malikat Og’o bo’lganligi ham faqat Abdurazzoq Samarqandiy kitobida uchraydi. Beka Og’odan qaysi farzandlar dunyoga kelgan, aniq aytish mushkul.

Umarshayx Mirzo qirq yoshida halok bo’lganida, Fasih Xavofiyning ko’rsatishicha, undan olti o’g’il va uch nabira qolgan ekan. Pir Muhammad Mirzo 1378 yilda tug’ilgan bo’lsa, Rustam Mirzo undan keyin, tamin qilish mumkinki, bu ikkala shahzoda Sevinch Qutlug’ Og’odan dunyoga kelganlar. Iskandar Mirzo va Boyqaro Mirzolarning onasi Malikat Og’o ekanligi aytildi. Iskandar Mirzo 1384 yilda tavallud topgan. Yazdiy, otasi halok bo’lganda Pir Muhammad Mirzo 10 yoshda deganida, aslida Iskandar Mirzoni yanglishtirgan Umarshayx Mirzo o’lgan kezda Iskandar Mirzo o’n yosh ustida bo’lgan. Umarshax Mirzoning Ahmad (1387 yil, 18 yosh). Saydi Ahmad (1390 yil, 15 yosh) ismli farzandlari onasi, ehtimolki, Beka Og’odir. Malikat Og’oning farzandlari – Iskandar Mirzo 1384 yilda, Boyqaro Mirzo esa 1393 yilda dunyoga kelganlar. Bir onadan farzandlarning tug’ilishi orasidagi muddat cho’zilib ketganligidan ajablanmasa ham bo’ladi. Buning sabablari turlicha bo’lishi mumkin edi. Shahzodalar harami ham doimiy ravishda yurishlarda erlar yonida bo’lganlar. Olis yo’llarning tay etilishi, otliq uzoq sarhadlar bosilishi xotin-qizlar sog’lig’iga ta’sir qilmay, qolmagan. Bunday mushohada qilganda, Umarshayx Mirzo oilasida tug’ilish nisbatan kam bo’lganligini payqamaslik mumkin emas. Masalan, Pir Muhammad Mirzoning Umarshayx ismli bir o’g’li bo’lgan. Bu o’g’il 1398 yilda, bobosi Umarshayx Mirzo vafotidan to’rt yil o’tib, yorug’ olamga kelgan. Rustam Mirzoning Usmon (olti yosh) va Sulton Ali (bir yosh) degan ikkita farzandi tarixlarda tilga olinadi.

Umarshayx Mirzoning harami, ko’ramizki, nisbatan kichik bo’lgan. Shunga qaramay, Sohibqironning bu tarmog’ining taxtdagi umrboqiyligi bir qadar fuzun bo’lgan. Bu, shubhasiz, Umarshayx Mirzoning oilaviy hayotga bo’lgan e’tibori, farzandlar tarbiyasi bilan uzviy bog’lanadigan jihatlarga borib taqaladigan hol, deyish o’rinlidir.

Temuriylar saltanatinign zabardast tarixchisi Sharafiddin Ali Yazdiy Umarshayx Mirzo to’g’risida fikr yuritganida, unga juda katta baho beradi. “Shahzoda Umarshayx, – deb yozadi u, – juda aqlli va donishmand bahodir edi. Sohibqiron uni Fors viloyatini boshqarishga qo’ygan edi. Bir yil ichida yog’iylar qo’lida bo’lgan Fors qal’alarini zabt etishga muvaffaq bo’ldi. U, Istaxr va Fadaq qal’alarini, Garmsirdagi Shahriyor qal’alarini jang bilan oldi”.

Sohibqiron Amir Temur XIV asrning 90-yillariga kelib, nabiralarni ham uylantirish taraddudiga tushadi. 794 hijriyda – 1392 yilda Amir Temur hazratlari Samarqandda turgan edi. U, o’z poytaxtida orom olayotgan kunlarda bo’y yetib qolgan nabiralarini uylantirishga qaror qiladi. To’y haqda fikr yuritar ekan, Sohibqiron shahardan Konigil yayloviga chiqib, shohona chodirlar tikdiradi, o’tovlar qurdiradi. To’y tayyorgarligi qizib ketadi. Turnaqator tizilgan chodirlar, oq o’tovlar turli rangdagi matolar bilan o’ralib, chiroyli bir manzara hosil qiladi. Aql hayratda qoladigan turli-tuman o’yinlar, tomoshalar tashkil etiladi.

Saltanatda katta obro’ga ega bo’lgan G’iyosiddin Tarxonning ikki qizini Umarshayx Mirzoning ikki o’g’li – Pir Muhammad va Rustam Mirzolarga nikohlatadi. Qo’shaloq to’ylar bugungi kunda ham tez-tez bo’lib turadi. Aslini olganda, ikki aka-ukani bir vaqtda uylantirish g’oyasi, boshqacharoq aytilsa, guruhlab to’y o’tkazish urfini Sohibqiron Amir Temur taomilga kiritgan edi. 1392 yilda Konigilda bo’lib o’tgan ulkan to’yda Umarshayx Mirzo o’g’illaridan tashqari, Amironshoh Mirzoning o’g’li Abu Bakr ham Hoji Sayfiddinning qizini nikohiga olgan edi. Hoji Sayfiddin, aytganimdek, Sohibqironning bolalik do’sti, eng yaqin safdoshi edi. Umarshayx Mirzoning o’limidan ikki yil oldin bo’lgan bu to’y katta quvonchlarga sabab bo’lgan edi.

Sohibqiron Amir Temurga qadar musulmon urfida qo’shaloq to’yar bo’lganmi-yo’qmi, aniq bir dalillarga duch kelmadim. Bir vaqtda bir necha nikoh to’yini o’tkazish dabdabali bo’lgani singari, o’ta mas’uliyatli ham hisoblanardi. O’sha paytda, bunday yo’l tutish, ehtimol, vaqt nuqtai nazaridan taqozo etilgandir. Amir Temur hazratlari poytaxtida to’ylarga chalg’ib uzoq qololmas, uning rejalari nihoyatda ulkan edi. To’ydan ko’p o’tmay Sohibqironning g’olib yalovi yana ko’tariladi. Sheroz ikkinchi bor istilo etiladi, Ozarbayjon va Bog’dodga yurish qilinadi.

G’iyosiddin Tarxon – shahzoda Umarshayx bilan quda-anda bo’lgan bu kishi Amir Temur lashkarida ko’zda ko’ringan sarkardalardan biri edi. Uning ota-bobolari Qishliq urug’idan bo’lib, Chingizxon davridayoq tarxonlik rutbasiga erishgan edilar. Sohibqiron yurishlarida o’zini ko’rsatgan G’iyosiddin Tarxonning alohida hurmati bor edi. 1398 yilda, Amir Temur Mo’g’ulistonga, Xizr Xo’ja xon qiziga uylanishida G’iyosiddin Tarxonni sochiboshi qilib yuborgan edi. G’iyosiddin Tarxonning farzandlari ham saltanatga sadoqat bilan xizmat qilganlar. U Sohibqiron davrida amirlik darajasiga ko’tarilgan edi. G’iyosiddin Tarxonning qizi Gavharshod Og’o keyinchalik Shohruh Mirzo tekkan, uning haramida madhi ulyo – birinchi malika maqomini egallagandi. G’iyosiddin Tarxonning o’g’li Alouddin Ali Tarxon Shohruh devonida amirlik lavozimida bo’lgan. Uning vafotidan keyin (1417 yil) amir ul-umarolik ukasi Hasan So’fi Tarxonga beriladi. Ko’ramizki, Sohibqiron davrida bog’langan qarindoshlik rishtalari uning farzandlari davrida ham mustahkam tarzda davom etadi.

Amir Temur vafot etgan vaqtda Umarshayx Mirzoning katta o’g’li Pir Muhammad Mirzo Sherozda hukmronlik qilib turardi. Uning ukasi Rustam Mirzo Isfahonda, Iskandar Mirzo esa Hamadonda boshqaruvchi qo’lga olgan edilar. Pir Muhammad Mirzo Sohibqiron vafotidan keyin qanday yo’l tutish maslahati bilan amirlarni yig’ib, kengash qiladi. Biri, “tartibni o’zgartiramiz, alohida bo’lamiz”, deydi. Ikkinchisi, Mirzo Umarga, uchinchisi, Amironshoh Mirzoga bo’ysunamiz”, deydi. Betayin, jipslikni emas, boshboshdoqlikni ko’zlaydigan fikrlar o’rtaga tashlanadi. Jo’yali gap chiqmaydi. Abdurazzoq Samarqandiy, “Zamona oqili bo’lmish Mirzo Pir Muhammad mazkur fikrlarning buzuq ekanligini amirlarga uqdirib: “hazrat Sohibqiron hayotlik vaqtida bizning volidamiz Malikat Og’oni hazrat xoqoni sa’idga (Shohruh Mirzoga) topshirib, bizni unga bog’lab qo’ygan. Demak, katta yurt unga tegishlidir va uni og’a va ulug’ deb bilib, pul zarbi tepasida va xutbaning unvonida u hazratning nomini yod qilmoqlik munosibdir, toki u kishining zoti muboraklarida salomatlik mavjud ekan, shoyad kishilar ana shu nasibaga rozi bo’lishsa, u qadar notinchlik bo’lmas”, degan gapni aytadi.

Pir Muhammad Mirzo Sohibqiron bobosi o’lganda 27 yoshda edi. Uning qaltis bir vaziyatda, buyuk hukmdor jasadi sovumay turib, boshlanib ketgan toju taxt kurashlarida qanday yo’l tutish bobidagi xulosalari chindan ham maqtovga loyiq. Samarqandda Amironshoh Mirzoning o’g’li Xalil Sulton o’zboshimchalik bilan poytaxtni tasarrufiga kiritgan. Xurosonda Shohruh Mirzo hokimiyatni qo’lga olgan, boshqa mulklarda ham shahzodalar mamlakatning qonuniy egasi bo’lishi kerak bo’lgan valiahdga – Jahongir Mirzoning o’g’li Pir Muhammad Mirzoga itoat qilishni xohlamayotgan, aksincha, hokimiyat poygasida boshqalardan o’zishga urinayotgan edilar. Shunday bir paytda, Shohruh Mirzoni yoqlash to’g’ri yo’l tutish namunasi edi. Shohruh Mirzo, oxir-oqibatda, otasi mulklarining yagona hukmdori darajasiga ko’tariladi. Bu o’rinda, Pir Muhammad Mirzoning Malikat Og’oning vosita qilib aytgan so’zlarida oila sha’niga mas’ullik yalt etib ko’zga tashlanadi. Malikat Og’o, bilamizki, Umarshayx Mirzoning uch xotinidan biri bo’lib, Iskandar va Boyqaro Mirzolarning onasi edi. Otasi vafotidan keyin o’n yil o’tib, Malika Og’oni xuddi o’z tuqqan onasiday, uning ehtiromidan kelib chiqib, Shohruh Mirzo tarafida bo’lishni yoqlash, ayni vaqtda mustahkam oilaviy jipslik, tarbiya namunasi edi. Gap shundaki, Umarshayx Mirzo 1394 yilda halok bo’lgandan keyin, Sohibqiron Amir Temur Malikat Og’oni kichik o’g’li Shohruh Mirzoning nikohiga kiritgan edi. Bu nikoh oradan to’rt yil o’tib, 1398 yilda amalga oshiriladi. Malikat Og’o yosh bo’lgan, Shohruh Mirzo bilan ular orasida bir farzand dunyoga keladi. Uning oti Suyurg’atmish Mirzo edi.

Sohibqiron kelinlari taqdiriga befarq bo’lmaganligini, ularga hamisha g’amxo’rlik va e’tibor ko’rsatganini hali hikoyamiz davomida ko’p bora kuzatamiz. Amir Temur 1399 yilning 14 mayi kunida Jomning Sariqamish degan mavzeida to’xtab turganida o’g’li Shohruh Mirzo uning xotinlaridan Malikat Og’o, Gavharshod Og’olar ham bo’ladi. Malikat Og’oning Suyurg’atmish ismi qo’yilgan farzandi shu uchrashuvdan 4 oy oldi (1399 yil, yanvar) tug’ilgan edi. Yazdiy e’tiroficha, Malikat Og’o va uning chaqalog’ini ko’rib, Sohibqiron juda suyunib ketgan ekan. Ehtimol, o’sha lahzalarda Amir Temur Ota sifatida to’g’ri yo’l tutganligini, Malikat Og’oning yosh umrini xazon qilmaslik uchun o’ylagan tadbir qo’l kelganligidan ham mamnun bo’lgandir. Aslida, qadim turkiylarda, aka vafotidan keyin uning yosh bevasiga ukani uylantirish odati bo’lgan. “Sulton suyagini xo’rlamas”, deganlaridek, bu eng avvalo, oila sha’ni bilan bog’liq urflardan sanalardi.

Amir Temur shu yili, yetti yillik yurishni boshlar ekan, Jom manzilida to’xtab, ulug’ avliyolardan bo’lgan Zinda Fil Ahmad Jomiy maqbarasini ziyorat qildi. O’zi bilan birga bo’lgan Umarshayx Mirzoning o’g’li Rustam Mirzoni Sherozga, akasi oldiga jo’natadi. Maqsadi, aka-ukalar bamaslahat Bog’dod yurishida ishtirok etishlari edi.

Sohibqiron farzandlarining jasurligiga, kuchli bo’lishiga e’tibor qaratgani kabi, nabiralarining ham mard va botirlik ko’rsatishini qattiq talab qilgan. Shaxsiy namuna, katta qo’shinni boshqara olish, salohiyati yoshlikdan singdirilgan. Shahzodalar tarbiyasi – odob-axloqi, muomala madaniyati, tahsili Sohibqiron ayollari – malikalar zimmasida bo’lgani kabi, chiniqish, harb ilmini bilish, to’lg’ama jang san’ati, lashkarni boshqarish ko’nikmalari Otaliq beklar (Bek atka) tomonidan berilgan. Bir shahzodaga rahnamo malika, enaga va otaliq beklarning tayin qilinishi bu ishga davlat ahamiyati darajasida qaralganidan darak berdi. Shu boisdan shahzodalar 12-14 yoshidan boshlab harbiy yurishlarda, janglarda ishtirok eta boshlaganlar. Umarshayx Mirzoning 16 yoshida Hinduvon qal’asida ko’rsatgan jasorati uning oilaviy hayotiga, farzandlarinign keyingi taqdiriga ham ta’sir ko’rsatmasligi mumkin emasdi. Jang qilish, mardonalik, shaxsiy namuna ko’rsatishda Temuriyzodalarga qoyil qolmaslik mumkin emas. Lekin shahzodalar ham inson bolalari edi, ularda ham ba’zan nuqsonlar sodir bo’lib turardi. Bobosi hayotligida shunday qusurga Pir Muhammad Mirzo ham yo’l qo’ygan va qattiq jazolagan edi.

Bog’dodda qilinadigan yurishda Pir Muhammad Mirzo lashkarning bir qismiga boshchilik qilishi buyurilgandi. U, ukasi Rustam Mirzo bilan yo’lga otlanib, ikki-uch manzil yo’l bosib o’tgandan keyin, o’zini kasalga solib, orqaga qaytadi. Sherozga keladi. Sharafiddin Ali Yazdiy Shahzodani bunday nomatlub ishga uning yonida bo’lgan bir to’da tojik g’alamislar da’vat etganligini yozadi. Voqea bir navkar tomonidan Sayyid Barlosga yetkaziladi, xiyonat taftish etilganda, hammasi o’z tasdig’ini topadi. Pir Muhammad Mirzo hibsga olinadi va qal’a qo’rg’oniga qamab qo’yiladi. Sheroz mulki undan olinib, ukasi Rustam Mirzoga beriladi. Shahzodanii xiyonatga boshlagan Allohdod va uning odamlari Sherozda qatl etiladi. Pir Muhammadni bandi etib, bobosi oldiga olib borish farmoni bo’ladi. Muarrix Yazdiy qatlga amr etilgan “yomon odamlar” – Mavlono Muhammad Xalifa, Sayyid Jarroh va Rustam Xurosoniylar ekanligini aytib o’tadi. Musavviy Qushchining oyoq va qo’li kesiladi. Harbiy davr intizomi xiyonatni shu tartibda jazolashni taqozo etadi.

Shahzoda Pir Muhammd Mirzo oradan bir necha yil o’tib, kechirilgan. Bungacha u o’zini Yildirim Boyazidga qarshi olib borilgan kurashlarda ko’rsatishiga, oqlashiga to’g’ri kelgan. 1403 yilda Sheroz mulklari yana uning tasarrufiga beriladi. Bunda, Sohibqiron keng o’ylovli hukmdor sifatida ish tutgan. Otasining jang payti halok bo’lanligi, uning ruhi hurmati shahzodani muqarrar og’ir jazodan qutqarib qolgan va unga o’zini oqlash imkoni berilgan.

Umarshayx Mirzoning Malikat Og’odan tug’ilgan o’g’li Iskandar Mirzo 14 yoshga to’lganida bobosi uni amakisi Amironshoh Mirzoning qizi Bekisi Sultonga uylantirib, katta to’y beradi. Shu tariqa, aka-ukalar – Umarshayx (marhum) va Amironshoh Mirzolar quda-anda kirishadilar. Umarshayxning hurmati hamisha musallam tutilgan, uning bolalari aslo kamsitilmagan. Yazdiy, Iskandar Mirzo va Bekisi Sulton to’yida o’sha davrning mashhur mug’anniysi va hofizi Xoja Abdulqodir noyob sa’natini namoyish etganini yozadi.

Umarshayx Mirzo o’g’illarining qismati Sohibqiron hayotligi paytida teskariga evrila boshlagandi. O’n besh yoshli Iskandar Mirzo 1399 yilda bir necha g’addor beklar tezlashi bilan o’zboshimchalik qilib, Mo’g’ulistonni bosqin qiladi. Bu ishdan Samarqandda qoldirilgan valiahd shahzoda Jahongir Mirzoning o’g’li Sulton Muhammad g’azabga kelib, Iskandar Mirzoni jazolaydi, yaqin maslahatchilarining o’limga hukm qiladi.

Sohibqiron Amir Temur vafotidan keyin vujudga kelgan alg’ov-dalg’ov yillarida, aniqrog’i, 1410 yilda Pir Muhammad Mirzo o’z mulohizmi, sharbatdorlikdan navkarlik darajasiga ko’targan Hoja Husayn tomonidan qatl ettiriladi. Akaning o’chi Iskandar Mirzo tomonidan olinadi. Pir Muhammad Mirzodan (u 31 yoshida o’ldiriladi) Umarshayx va Solih Mirzo degan ikki o’g’il qoladi. Umarshayx Mirzo otasi Pir Muhammad Mirzo o’limidan bir yil oldin – 1398 yilda tug’ilgan edi. U, o’smirlik paytlarida amakisi Iskandar Mirzo xizmatida bo’ladi. Iskandar Mirzo uning hokimiyat da’vosini qilishdan cho’chib, o’z qo’l ostidagi mulklardan chiqib ketishni amr qiladi. Umarshayx Mirzo 1411 yil bahorida Shohruh Mirzo huzuriga najot istab boradi va bo’lgan voqealarni unga arz qiladi. U Shohruh Mirzo saroyida umri oxirigacha xizmatda bo’ladi. U ham 31 yil umr ko’radi.

Solih Mirzo 1406 yilda tug’ilgan. U ham Shohruh Mirzo saroyida xizmatda bo’lgan. Gap shundaki, Shohruh Mirzoning bosh xotini Gavharshod Og’o ikkala Mirzoga ham xola bo’lar edi. Solih Mirzo Shohruh vafotidan so’ng (1447 yil), uning nabirasi Alouddavla sipohilaridan bo’ladi. Solih Mirzo 46 yil umr ko’rgan, 1452 yilda olamdan o’tgan.

Hokimiyat talashuvlari Umarshayx Mirzo farzandlarini ham bir-biri bilan yovlashtirib qo’yadi. Iskandar Mirzo 1415 yilda akasi (ota bir) Rustam Mirzo tomonidan qatl etiladi. Uning tug’ishgan ukasi Boyqaro Mirzo Shohruh Mirzo huzuriga bosh egib boradi.

Umarshayx Mirzoning to’rtinchi o’g’li Ahmad Mirzo 1388 yilda dunyoga kelgan. U ham jangu jadallar girdobiga tushib, Ulug’bek Mirzo bilan nizoga boradi. Hirotda yarim mahbuslikda saqlanadi. Farg’ona hokimiyatidan mosuvo bo’lgan shahzoda ichkilikka beriladi. Nihoyat, unga hajga jo’nash farmoni beriladi. Ahmad Mirzo Ka’batullohga borib, qaytib kelmagan, 1425 yilda Makkada olamdan o’tgan. Umarshayx Mirzoning beshinchi o’g’li ismi sharifi Saydi Ahmad Mirzoni ayrim manbalarda Amironshoh Mirzoning o’g’li deb talqin qilish hollari uchraydi. Sharafiddin Ali Yazdiy tarixi bu o’rinda inobatli, unda Saydi Ahmad Mirzo Umarshayx Mirzoning farzandi sifatida beriladi. Saydi Ahmad Mirzoga Shohruh Mirzo davrida Shibirg’on suyurg’ol qilinadi. Saydi Ahmad Mirzodan Ahmad Mirzo degan o’g’il tug’ilgan. Ahmad Mirzo saltanatdan olisda, Qorabog’da yashagan. U amakisi Boyqaro Mirzo avlodidan bo’lgan qizga uylangan. Bu ayol Oqo Begim bo’lib, Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning kichik opasi edi. Qachonki, saltanat taxtiga Husayn Boyqaro kelgach, Ahmad Mirzo Hirotga ko’chib keladi. Ahmad Mirzo Hirot shahrining dorug’asi bo’ladi, umrining oxirigacha shu vazifada ishlab, 1498 yilda hayotdan ko’z yumadi.

Boyqaro Mirzo Umarshayx Mirzoning oltinchi o’g’lidir. Otasi halok bo’lgan paytda u bir yoshli chaqaloq edi. Boyqaro Mirzoning taqdiri bolalikdan to’g’ri o’zanga tushmagan. Malikat Og’o u to’rt yoshga kirganida amakisi Shohruh Mirzo nikohiga kiritiladi. Uning tarbiyasi bilan enagalar mashg’ul bo’ladi. Boyqaro Mirzo o’z tug’ishgan amakisi Iskandar Mirzo huzurida 17 yoshidan boshlab xizmat qiladi. Uning tabiatida tavakkalchilik kuchli bo’lgan, odamlar gapiga chalg’ish, noo’rin xatti-harakatlar qilish, oxir-oqibatda, o’z hayoti zavoliga sabab bo’ladi. Shohruh Mirzo tomonidan bir isyoni uchun kechirilib, Qandahorga, Qaydu Mirzo oldiga yuborilgan Boyqaro Mirzo yana buzg’unchilikka qo’l uradi va Qaydu Mirzo tomonidan hibsga olinadi, sherikliklari qatl etiladi. Turg’un Fayziyev, Boyqaro Mirzo Ulug’bek Mirzo farmoniga ko’ra 1423 yilda lashkargohda qatl etiladi, degan fikrni aytadi. Fasih Xavofiy esa “Mujmali Fasihiy” degan kitobida, Boyqaro Mirzoning Bodg’isda qo’lga olinganligi, Shohruh Mirzo huzuriga olib kelinganligi haqida ma’lumot beradi. Shohruh Mirzo amriga ko’ra, undan, “kimsan?”, deb so’raydilar. U, “Men Boyqaroman, deb javob beradi. Hozir bo’lganlarning ayrimlari “bu Boyqaro”, deb tasdiq qiladilar, ba’zilari “Boyqaro emas”, deydilar. Fasih Xavofiy, “oxir-oqibatda, bahsning yechimiga kelisholmay, uni tanib-tanimay, Bodg’isda o’ldirib yubordilar”, deydi. Fikrimcha, bu dalil haqiqatning ifodasi.

Boyqaro Mirzo fe’lida avboshlik ustun bo’lganiga qaramay, u botir, nozik ta’b inson bo’lgan. Uning bir necha farzandlari bo’lib, ular orasida G’iyosiddin Mansur Mirzo alohida ajralib turadi. Boyqaro Mirzo boshiga tushgan falokatlar, shubhasiz, avlodi qismatiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Oila oddiy kishilar xonadoni misol hayot kechiradi. Hirotda 1445 yilda G’iyosiddin Mansur olamdan o’tadi.

Sohibqiron Amir Temur to’ng’ich farzandi Umarshayx Mirzo oilaviy hayoti bilan tanishish davomida, shu tarmoqning ravnaqi, ko’payishi, davlat-hokimiyat ishlaridagi ishtiroki, muvaffaqiyat va tanazzuli borasida ma’lum xulosalarga kelish mumkin bo’ladi. Sohibqiron o’z farzandlarini ulus amirlari, o’zga mamlakatlar podshohlari qizlariga uylantirishni oilaviy manfaatlar doirasidan davlat ahamiyati darajasiga ko’tarish yo’lini tutadi. Naviralarga kelganda, o’z safdoshlarining, davlatni qaror topdirish va mustahkamlashda xizmati singan ulug’ amirlarning xonadonlari bilan qarindoshlashishni taomilga  kiritadi. Bunda, yana bir jihat yaqqol ko’zga tashlanadiki, Sohibqiron ichki oilaviy nikohlarga ham e’tiborni qaratgan. Bu yo’l uning vafotidan kein ulug’ xonadonda keng joriyda bo’ladi. Aka-ukalarning qudalashishi, tog’a-jiyan, amma, xolalarning qiz berib, kuyov qilishi mustahkamlana boradi. Muhimi, davr va udum, sharoit taqozosiga ko’ra, olamdan o’tgan akaning xotinini ukaga nikoh qilish ham amalda bo’ladi. Bunga bir necha misollar keltirish mumkin. Umarshayx Mirzo halok bo’lgandan keyin, oradan to’rt yil o’tib, uning ayoli Malikat Og’oning Shohruh Mirzoga, Jahongir Mirzoning xotini Xonzoda Begimning Amironshohga olib borilishi fikrimning dalilidir. Bunday misollarni tag’inda keltirish mumkin. Umarshayx Mirzo va Amironshoh Mirzo avlodlarining o’zaro qudalashuvi Boyqaro Mirzo oilasi misolida ham namoyon bo’ladi. Feruza Begim Amir Temurning qizi Tog’ay Shoh Og’o Begimning o’g’li Sulton Husaynning qizi edi. Feruza Begimning onasi Qutluq Sulton Begim esa Amironshoh Mirzoning qizi edi. Feruza Begim Boyqaro Mirzoning uchinchi o’g’li G’iyosiddin Mansur Mirzoga turmushga chiqqan edi. Feruza Begim 1469 yil yozida vafot etadi. Bu nikohdan 2 o’g’il va 2 qiz dunyoga keladi. Jumladan, 1469 yilda toju taxt sohibi bo’lgan Husayn Boyqaro G’iyosiddin Mansur Mirzo bilan Feruza begimdan tug’ilgan edi. Zahiriddin Muhammad Bobur aytganidek, Husayn Boyqaro Sohibqiron bobosiga “karamut tarafayn” – ham ota, ham ona tomondan evara hisoblanardi.

Umarshayx Mirzo avlodidan Husayn Boyqaro, Muhammad Sulton Mirzo (Kichik Mirzo) kabi shoirlar yetishadi. Muhammad Sulton Mirzo Husayn Boyqaroning kichik opasi Oqo Begim bilan Umarshayx Mirzoning beshinchi o’g’li Saydi Ahmad Mirzo nikohidan tavallud topgan farzand edi. Kichik Mirzo iste’dodi haqida Alisher Navoiy hazratlari “Majolis un-nafois” asarida ma’lumot berib o’tganlar. Umarshayx Mirzo avlodi, ayniqsa, bu xonadon tarmog’ining yalovini XVI asr boshlariga qadar balan ko’targan Boyqaro Mirzo sulolasi davrning farog’atidan ko’ra, zahmatini ko’proq chekkan, hokimiyat yo’lida qurbonlar bergan bo’lsa-da, Sohibqiron Amir Temur vafotidan so’ng, o’rta darajadagi sipohiylik hayot bilan qanoat qilganlar, ko’pincha, oddiy kishilardek hayot kechirganlar. Qonda bo’lgan zakovat, aql-idrok, mardonalik ulug’ xonadonnign katta bir tarmog’ining o’zini saqlab qolishgina emas, toju taxt poygasida bedovini o’zdirishiga – Husayn Boyqaro shaxsida 1469 yildan to 1507 yilga qadar hukm surishiga zamin va asos yaratadi. Husayn Boyqaroga taxt sulolaviy – merosiy tarxda emas, qattiq kurashlar vositasida o’tadi.

Leave a Reply