Amir Temur sulolasi. Kechikkan to’y yoxud birinchi valiahd

Muhammad Jahongir Mirzo 10 yoshga to’lganda otasi Amir Temur hayotida kutilmagan nohushliklar sodir bo’ladi. “Loy jangi” mag’lubiyati alami Jeta lashkarining – mo’g’ullarning Sarbadorlar tomonidan Samarqandga kiritilmaganligi zafari bilan taskin topganday bo’ladi. Sarbadorlar ulug’ ishni amalga oshirgan edilar. Mavlonzoda Samarqandiy, Hurdaki Buxoriy va Abu Bakr Naddof bosqinchilarga qarshi ko’tarilgan aholiga boshchilik qilib, yovni quvib yuborishga muyassar bo’lishgandi. Nizomiddin Shomiyning yozishicha, bu “uch kishi esa sardorlikdan mag’rurlanib ketib, jabru zulmni hunar qilib oladilar”. Shomiy, bilmadim, qanday manbaga asoslanib bo’lsa-da, sarbadorlar rahnamolarining o’zboshimchaligi haqida, “Xalq ularning qo’lida jabru sitam va adolatsizlikka giriftor bo’ldi”, deb yozadi.

Mo’g’ul lashkarining Samarqand qamalida muvaffaqiyatsizlikka uchrab, ortga qaythanini o’z odamlari orqali aniqlagan Amir Temur tezda Amir Husaynga bu haqda xabar yetkazadi. 1365-1366 yil qishini Temurbek Qarshida o’tkazadi va bu joyda istehkom devori ta’mirini nihoyasiga yetkazdiradi. Mo’g’ullar ketishi bilan o’zini yana taxtda mustahkam deb hisoblay boshlagan Amir Husayn, muarrix Sharafiddin Ali Yazdiy aytishicha, shunday qiliqlar chiqaradiki, nafsini qo’yib, hatto Amir Temur yaqinlariga ham ta’ma ilinjida ta’qibni kuchaytiradi. Sarbadorlar rahnamolari taxtnign da’vogarlari sifatida dorga osiladi, birgina Mavlonzoda Temurbekning qattiq turishi sabab, o’limdan olib qolinadi.

Amir Husayndan ranjish “Loy jangi”dagi g’alamislikdan boshlagandi. Sarbadorlar bahonasida Temurbek safdoshlariga katta tovon solinishi ikki o’rtada gazaklay boshlagan nizoning yovlashish darajasiga ko’tarilishiga olib keladi. Ikki amirning ilgarigi sadoqatiga rahna soluvchilar ham kam bo’lmaydi. Amir Husayn va Temurbek bir ekan, Husayndan norozi kuchlar qo’lidan hech narsa kelmasligi ayon edi. Orani buzish uchun ayollar makri ishga solinadi. Amir Husaynning bosh xotini, mo’g’ul xoni Tarmashirinning qizi Sevinch Qutlug’ Og’o orqali Temurbekni unga qrshi fitnada ayblovchi xat yetkaziladi. Orani buzish harakatlari adovatni kuchaytirishga xizmat qilmay qolmaydi. Xotinlar makri bir chetda tursin, ikki amirning safdoshlari, o’z lashkarlari, o’z viloyatiga ega bo’lgan Sher Bahrom va Barhom Jaloyirlar ham, Husaynbek va Temurbekni qanday bo’lmasin urishtirib qo’yish rejasini tuzgan edilar.

Munosabatlar ana shu sabablarga binoan, kun sari taranglashib boradi. Amir Temur Sher Bahrom va Bahrom Jaloyir bilan maslahatlashib, Amir Husaynga ochiqcha qarshi borishga kelishadilar. Taassufki, bu keyingi ikki amir so’zida tura olmaydi. Amir Husaynga qarshi kurashga bel bog’lagan Sulaymonbek bilan Jovurchi ham hal qiluvchi vaziyatda Amir Husayn tarafiga o’tib ketadilar.

Amir Husaynning fe’l-avtovi, hakalak otayotgan nafsi, xudbinligi ko’pgina beklar va amirlarning g’ashiga tegayotgan bo’lsa-da, kuch uning tomonida bo’lganidan, unga qarshi amaliy harakat boshlaganda, ayrim viloyat hokimlarining jon hovuchlashiga, po’sib ketishiga to’g’ri keladi. Boshqacha aytganda, shu 1365-1366 yillarda Turkistonda hokimiyat tayanchlari bo’lgan kuchlar qayta va qayta guruhlana boshlagan, ular qaltis vaziyatda aql bilan ish ko’rish o’rniga, kimning zo’rligiga, mavqeiga qarab bo’linib-qo’shilayotgandilar. Taniqli amirlardan biri Xizr Yasuriy shu yili olamdan o’tadi. Uning qizi Islom Og’o Amir Husayn nikohida edi. Xizr Yasuriyning ukalari Ali bilan Ilyos, Mahmudshoh Yasuriylar ikki qutbda – Amir Husayn va Amir Temur tomonidan jamlanish davom etayotgan kunlarda Sohibqiron xizmatiga o’tishni afzal topadilar. Amir Temur Samarqandga dorug’a qilib qoldirgan Qora Hinduka Barlos esa tezda xoinlik yo’liga kiradi va Amir Husayn tomonga yo’l oladi.

O’ttiz yoshga to’layotgan Temurbek uchun hijriy yetti yuz oltmish yettinchi yil – ot yili, shu tariqa, juda tashvishli kechayotgan edi. U Kesh shahriga qaytib, bir o’zi raqibiga qarshi kurashish uchun qo’shin yig’ishga kirishadi. Lashkar yo’lga chiqishga tayyor bo’lganda, yozning boshlarida sevimli ayoli O’ljoy Turkon qattiq betob bo’lib, yotib qoladi. O’ljoy Turkon Og’o bir necha oy burun farzand ko’rgan – Amironshohni tuqqan edi. Uning holi kundan-kunga og’irlashadi va jon taslim qiladi. Temurbekning qabihlikni suyakdan o’tkazgan Amir Husaynga qarshi yurishi bir muddat kechikadi. Amir Husayn singlisi o’limini eshitadi. Balxda turib, ta’ziya libosini kiyadi, ammo Keshga kelib, dilxohlik qilishni ep ko’rmaydi. O’ljoy Turkon Og’oning vafotidan so’ng, o’rtadagi qarindoshlik rishtalari uziladi.

Muarrixlar o’sha kunlarda Amir Husaynning qanday qilib bo’lmasin, Temurbekni qo’lga olish ilinjida bo’lganligini yozdilar. U, Sher Bahromni aldab, katta va’dalar bilan o’ziga rom qilgan edi. Shunday usulni Temurbekka nisbatan ham qo’llaydi. Ota-o’g’il Ibodullo Bahodur va Malik Bahodurlarni Temurbek oldiga yo’llab, ulardan xat yuboradi. Maktubda, avval ittifoqlikda harakat qilib, hokimiyatni qo’lga kiritganlari, bundan keyin ham, kalladan yomon fikrlarni chiqarib tashlab, hamjihat bo’lishlikka qasamyod qilinadi. Amir Husayndan yarashuv xati kelganini bilgan yasuriylar qavmi Temurbek bilan Husaynbek yarashuvidan qo’rqib, itoat qilishdan bo’yin tovlaydilar. Temurbek Amir Husaynning xat orqali qopqon qo’yayotganini ich-ichidan sezadi, uning qasamyodiga ishonmaydi.

Amir Temur sadoqatli do’sti Sayfiddinbekni ilg’or qilib, Amir Husayn ustiga jo’natadi va o’zi ham yo’lga tushadi. Shu orada Bahrom Jaloyir ortidan Xo’jandga ketgan Jokubek va Abbos Bahodurlar Temurbek izidan yetib keladilar. Ular Temurbekdan ajralib ketgan Yasuriylarni jazolamoqchi bo’ladilar. Biroq, Temurbek ularni bu niyatdan qaytarib, “Biz shu yo’lni tutsak, kelgusida nima yaxshi ish qilmaylik, ularda bizga ishonch bo’lmaydi, bundan faqat zarar ko’ramiz. Uyimiz yaxshilik asosida quriladigan bo’lsa, unga hech kim yomonlik qila olmaydi. Adolat va olijanoblikdan suv ichib ulg’aygan daraxt, oqibatda, baxtdan samaralar bera boshlaydi”, deydi. Temurbek shu so’zlarni aytib, qo’shinning qolgan qismini ham tarqatib yuboradi va Qarshi shahriga qaytib keladi.

Amir Husayn imkoniyatdan foydalanib, katta qo’shin to’playdi va Sher Bahrom bilan birgalikda Sohibqiron ustiga yurish boshlaydi. Muborakshoh, Shayx Muhammad – Boyon Sulduzning o’g’li, Amir Temur tomonida bo’lishni istasalarda, qo’rqqanlaridan Amir Husaynga qo’shilishga majbur bo’ladilar. Temurbekni yo’q qilishga qat’iy kirishgan Amir Husayn o’zi qasam ichgan Qur’oni Karim kitobi bilan Xizr Xachinachini Temurbek oldida jo’natadi va uni to’rtga ilintirmoqchi bo’ladi. Hiyla ish beradi va Amir Temur 300 yigit bilan qolganida, unga qarshi Amir Husayn Sher Bahrom bilan birgalikda hamla qiladi. Amir Temurni g’aflat iskanjasida o’ldirmoqchi bo’lgan dushman, qarorgohni sahar payti o’rab olayotganda, Temurbek buni sezib qolib, jadal otlanib, Tangi haram darasida yoviga zarba berishga muvaffaq bo’ladi. Yov ko’p, Temurbek yigitlari esa oz edi. Ularning ham ikki yuztasi ta’qib etayotgan Amir Husayndan xavotirga tushib, qochib ketadilar. Temurbek sanoqli kishilari bilan Qarshi tarafga yura boshlaydi. Uning yaqinlari bus afar Qarshiga bormaslikni, aksincha, Amudaryodan o’tib, fursat kutishni maslahat beradilar.

Shu ketishda ikki yarim oy Amudaryo yoqasida to’xtab, kuch yig’ib, ishlarni tartibga keltiradilar. “Amir Temur Hirotga yo’l olibdi”, degan ovozani tarqatib, Qarshiga yo’l oladilar. Amir Husayn bu vaqtda Qarshida Amir Musoni dorug’a sifatida 7 ming qo’shin bilan qoldirgan edi. Temurbek odamlari hammasi bo’lib 243 kishi edi. Amir Husayn shu orada o’ziga ittifoqdosh bo’lgan Sher Bahromni o’ldiradi. Temurbekning Qarshidagi g’alabasi uzoq cho’zilmaydi. Amir Husayn tez orada katta qo’shin bilan Qarshini qo’lga olib, Buxoroga yurish boshlaydi. Temurek Moxon tarafga ketadi, yoqib yuborilgan eski yantoqlar o’rnida maysalar ko’klaydi. Otlarni o’tlatib, ular jir bitgandan so’ng Temurbek Qarshiga tomon qo’shin tortadi.

Muhammad Jahongir Mirzoning o’n yoshidan o’n uch yoshiga qadar bo’lgan voqeala silsilasida ana shunday murakkab va xavotirli davrda kichadi. 1367 yil qishida Movarounnahrga o’tish fikrida bo’lgan Temurbek o’g’li Muhammad Jahongir Mirzoni do’sti Muborakshoh Sanjariy bilan Hirotga, uning maligi Husayn huzuriga yuboradi. Malik Husayn bir vaqtlar hoji Barlosga ham ikkilik qilgan, beburd kishi edi. Amir Temurning Movaorunnahrga yurish oldidan ahli ayolini, bola-chaqasini Hirotda, Malik panohida qoldirishdan o’zga chorasi yo’qligi uchun unga murojaat qilib, ko’mak so’raydi.

Qarshining qo’lga kiritilishi, Amir Husaynga qarshi kurashda erishilayotgan ba’zi muvaffaqiyatlar hali omonat edi. Amir Husaynda kuch katta, lashkar ko’p edi. Kesh shahrida dorug’a qilib qoldirilgan Tarmachuqning o’ldirilishi Sohibqironni qattiq tashvishga solib qo’yadi. Yangi hujumlarga vaqt borligini anglab, Keshdan yig’ib kelgan lashkarga javo beradi.

Temurbek Xurosondan o’zi bilan birga kelgan olti yuz kishi hamrohligida Samarqandga tomon yuradi. Husayn esa, Amir Muso va Uchqaro Bahodirga uning yo’lini kesib qo’yishini, Samarqandga o’tkazilmaslikni tayinlagan edi. Ular Amir Temur zarbasiga dosh berolmaydi. Temurbekka madad kuchlari, ittifoqchilar juda kerak edi. Uning avvalgi do’stlarida Kayxusrav Xuttaloniy va Bahrom Jaloyirlar mo’g’ullar huzuriga ketib, yetti ming kishilik qo’shin boshlab kelgan edilar. Har ikkalasi ham Toshkentda to’xtab, qulay vaziyatni kutib turgandilar. Mo’g’ul xoni qo’shin berish bilan bir qatorda, Movarounnahrda barcha kuchlarning Bahrom Jaloyirga bo’ysunishi amr qilgan yorliqni ham ular qo’liga tutqazadi. Shu amrga binoan ular o’zlaricha bu viloyatni boshqarishga tushadilar. Amir Temur bu haqda eshitib, ular huzuriga bormoqchi bo’lib, Toshkent yo’liga tushadi. Bahrom Jaloyir kuchaygani sabab, eski do’stlikni unutadi. U, vaqtida, Amir Temurga Amir Husaynga qarshi birgalikda kurashish va’dasini bergan bo’lsa-da, endi bu haqda eslagisi ham kelmaydi, o’zining ko’nglida hukmdor bo’lish maqsadi g’ovlay boshlaydi. Nizomiddin Shomiy, Amir Temurning Toshkentda bir oy turganligini yozar ekan, Bahrom Jaloyir munosabatini shunday ko’rsatadi: “Amir Sohibqironga nisbatan munosib xizmatni bajo keltirmadi. Oziq-ovqat va otlarga yem-xashak bermadi, balki Amir Sohibqironning xossayi sharifi bo’lgan mavzelarni podshoh uchun mol undiraman, degan bahonada o’z tasrruviga oldi. Xolbuki o’rtalarida qadimdan do’stlik va qarindoshlik nisbati bor edi. Amir, Sohibqiron uning muvofiqatchiligida ikki marta podshoh va amirga dushman bo’lib unga yordam berishga astoydil intiladi. U esa bu yaxshilik haqini unutib, unga vafo qilmadi”.

Amir Temur mo’g’ul xonidan yordam olib, burni ko’tarilgan Bahrom Jaloyirga, “men seni do’stim deb, xonga va Amir Husaynga qarshi bordim. Buning oqibatida yurtda buzg’unlik vujudga keldi. Men seni do’st sanab, maqomingni sarbaland etdim, dushmanlardan qo’lingni ustun qildim, hozir esa, ozgina jonlanib, menga nisbatan shunday yo’l tutayotirsan. Shuni bilki, men Alloh Taologa ishonaman, sen yana bir marta dargohimga bosh egib borasan va iltijo qilasan”, deydi. Do’stlikni, qarindoshlikni manfaat yo’lida barham urgan Bahrom Jaloyirga nisbatan, Xuttalon mulki sohibi bo’lgan Kayxusrav Amir Temur uchun tang bo’lgan paytda sadoqat yo’lidan chekinmaydi, aksincha, uning tashrifidan xursand bo’ladi. Amir Temur uyiga chorlaydi, uning sharafiga to’y beradi. Kayxusrav bundan bir necha yillar oldin mo’g’ul xoni To’g’luq Temur oldiga madad so’rab borganida, xon uni yaxshi qabul qilgan, o’z yaqinlaridan biri Yasun Temurxonning qizini unga xotinlikka bergan edi. Kayxusrav Xuttoloniyning shu ayoldan Ruqiya Xonika ismli qizi bor edi. Kayxusrav uyida bo’lgan kunlarda Temurbek uning shu qizini Muhammad Jahongir Mirzoga so’raydi.

Sohibqiron Ruqiya Xonika Begimning qo’lini sevimli o’g’li Muhammad Jahongir Mirzo uchun so’ragan paytda, shahzoda o’n bir yoshga qadam qo’ygan edi. Ruqiya Xonikaning yoshi hali sakkizga ham yetmagan edi. Kayxusrav Temurbekning taklifini qabul qiladi va shundan keyin ular bir oy davomida mehmondorchilik bilan mashg’ul bo’ladilar. Sharafiddin Ali Yazdiy Jahongir Mirzo va Ruqiya Xonika to’yi bo’lib o’tganligi to’g’risida ochiq gapirmagan bo’lsa-da, Nizomiddin Shomiy bu haqda tubandagilarni yozadi: “Amir Sohibqiron Kayxusrav bilan to’y qilib, bir-birlariga xesh bo’ldilar: Kayxusravning qizi Ruqiya Xonikani o’z farzandi Amirzoda Jahongir uchun so’rashtiradi. Bir muddat ayshu safo bilan mashg’ul bo’ladilar”.

Muhammad Jahongir Mirzo va Ruqiya Xonikaning to’ylari Toshkentda o’tadi. Bu voqea 1367 yilda, Bahrom Jaloyir va Kayxusrav Xuttaloniy mo’g’ul xonidan 7 ming kishilik qo’shin olib kelib, Toshkentda o’rnashib turgan kezlarda bo’ladi.

Quda-andachilikdan keyin Temurbek va Kayxusrav ittifoqi mustahkamlanadi, ular birgalikda mo’g’ul xoni bilan qo’shilib harakat qilayotgan Amir Husaynga qarshi kurash olib boradilar. Jizzaxda Jete lashkari tomonidan asirga olingan vatandoshlarni qutqaradilar. Amir Husayn va mo’g’ul xonining o’n ming kishilik sipohiylari tum-taraqay qilinadi. Shu yili qishda Amir Temur Toshkentda, Kayxusrav esa O’trorda qoladilar.

Muhammad Jahongir Mirzo to’yda hozir bo’lganmi, degan savol tug’ilishi tabiiy. Chunki, Sohibqiron Qarshiga otlanishdan avval ko’ch-ko’roni va oila a’zaolarini Hirotga, Malik Husayn huzuriga yuborgan, bu ishni uddalashni yosh o’g’li zimmasiga yuklagandi. Jahongir Mirzoning Hirotdan qaytishi voqeasi faqat Muiniddin Natanziy tarixida bor. “Sultoni G’oziy, – deb yozadi u, – Argunshoh Burdolig’iyni ko’ch-ko’ron va zaxiralarni hamda Amirzoda Jahongirni olib kelish uchun munosib tuhfa-yu hadyalar bilan Hirot hokimi Malik Husayn huzuriga yubordi”.

1368 yilning boshlanishi Movarounnahr uchun olib borilgan kurashning ma’lum darajada susayishi bilan e’tiborni jalb etadi. Bu sirtdan qaralganda, shunday tasavvur uyg’otadi. Amir Husayn Temurbekka qarshi qilmagan nag’masi, hunari qolmagan, unga yon bergan bo’ladi. Ulus beklari va ruhoniylarnign o’rtada tushuvi yarashuvga sabab bo’ladi. Bir muddat ikkala amir Kobul tomonlarga birgalikda yurishni amalga oshiradilar. Sharafiddin Ali Yazdiy o’rtada bir oz vaqt yuzaga kelgan totuvlik haqida gapirarkan, “Sohibqiron Husaynbekka ota yoki akaga bo’lgan munosabat yo’lini tutardi, – deydi, – chunki ular qarindosh edilar. Biroq, Husaynbekning ko’nglida doimo g’arazli niyat g’imirlab yotar, nima qilib bo’lsa-da, maqsadi Sohibqironni yo’q qilish edi”.

Muhamamd Jahongir Mirzo Amir Husaynning singlisi O’ljoy Turkon Og’oning birinchi farzandi o’laroq, u tug’ilgan paytda tog’a bo’lmish Amir Husayn unga Otaliq bek qilib belgilangan edi. Jahongir Mirzo turkiy amirlar udumiga ko’ra, o’z otabegi, tog’asi Amir Husayn huzurida, Balxda yashab turardi. Bu, chamasi, 1367 yildan keyingi yarashuvdan keyin, O’ljoy Turkon Og’oning o’limidan so’ng, amalga oshgan bo’lsa kerak. Bu ikki sababning qaysi biri Jahongir Mirzoning Balxga olib ketilishida muhim bo’lgan, aytish qiyin. Har holda, 1366-1367 yillarda Temurbek va Amir Husaynning oralari buzilgan, bir-birini yo’q qilishga qasdlangan edilarki, garchand, o’rtasa munosabatlar qayta yo’lga qo’yilgani bilan, o’zaro ishonchsizlik, shubha tamomila barham topmagan. Jahongir Mirzoning Amir Husayn xonadonida yashab turishini garovda ushlab turish desammi, yoxud Amir Temur kuchidan hayiqish oqibati bo’li, sevimli farzandning kafolat vazifasini o’tashi bilan bog’liq desammi, harqalay, bu siyosatdan oradan shuncha asrlar kechgan bo’lsa-da, mening xayolimdan o’tgani shu mulohazalar bo’ldi.

Amir Husaynning qora yuragi yanada qoraroq ishlarga qodir ekanligini namoyish etadi. Yazdiy ming karra haq ekan, Amir Husaynning ichida Temurbekka nisbatan o’chmas adovat tutuni burqsib, tutab, sal shabada tegishi bilan lovullab yonib ketarkan. Tezda shunday bo’ladi. Temurbeknign singlisi Shirin Bekaning eri Muayyadbek ichkilik bazmida Jovurchining o’g’lini urib o’ldirib qo’yadi. Jovurchi vaqtida Sohibqironga xiyonat qilgan, undan yuz o’girib, Amir Husaynga bosh egib borgan edi. Gap shu haqda, janjal shu xususda bo’lganligini fahmlash mumkin. Amir Husaynga aynan shunday sabab kerak edi. Amir Husayn bir hmlada Temurbek va uni qo’llab-quvvatlab turgan qavmdan qutulmoqchi bo’ladi. U Keshga navkarlarini yuborib, butun shahar xalqini Balxga ko’chirishga farmon beradi. Qochib yurgan Muayyadbek o’rniga uning xotini Shirin Beka Og’oni ham Balxga itob qilishga amr qiladi. Amir Husaynning razilligi yana bir harakatida ochiqdan-oydin ko’zga tashlanadi – bu amri farmonlar Temurbekning o’g’li Muhammad Jahongir Mirzo tomonidan olib kelinadi.

Amir Husaynning bo’ynida qancha begunoh to’kilgan qonlar bor edi. Temurbekning kuyovi mastlikda jinoyat qilgan ekan, do’stlik munosabatlari samimiyda bo’lgan edi. Temurbekka Muayyadbekni jazolash ishini topshirgan bo’lardi, chunki Temurbek Keshning hukmdori sifatida bunga haqli edi. Aksincha, Temurbekning butun qavmini, shahar aholisini vatangado qilib, Balxga ko’chirish chinorni tag-tomiri bilan qo’porishday gap edi. Amir Husaynning bunday qabihligi, hatto uning og’iz-burun o’pishgan beklarini ham g’azabga keltiradi. Amir Muso ham shu voqeadan keyin Sohibqiron tomoniga o’tadi. Kaltabinlik sabab, jipslik emas, tarqoqlikka o’chlik hukmdorning yuztuban ketishiga olib keladi. Turkiy amirlar, mamlakat peshvolari bir yoqodan bosh chiqarib, 1370 yil 9 aprelida Amir Husayn saltanatiga chek qo’yadilar. Movarounnahr taxti hayot-mamot kurashlari orqali dast bergan paytda Sohibqiron Amir Temur 34 yoshga kirgan edi. Muhammad Jahongir esa bu vaqtda o’n olti yosh ustida edi. Temurbek aftidan, bu og’riq yumushdan Jahongir Mirzoning chetda bo’lishini afzal bilgandir. Muarrixlar masalaning nozik jihatlarini (to’ga-jiyanlik) nazarda tutib, ehtimol, bu haqda jim o’tishni maqbul ko’rgan bo’lsalar kerak.

Muhammad Jahongir Mirzo bolalikdan harb ishiga ko’nikkan, aqlli va jasur yigit bo’lib ulga’ygan edi. Uning Ruqiya Xonika bilan bo’lgan nikohi tabiiylikdan ko’ra, ramziylikka yaqinroq bo’lgan deyish joiz ko’rinadi. 1367 yildan keyingi besh yillik muddatda bu eri xotinlik qanday kechganligi borasida biror so’z aytilmagan. Voqealarning rivojiga qarab chama qilinsa, bu nikohdan keyin qandaydir bir sovuq ish sodir bo’lgan, degim keladi. Sababi, qaynota, Amir Temurning do’sti, uni og’ir kunlarda qo’llab-quvvatlagan Kayxusrav Xuttaloniy Sohibqironga qarshi xiyonat yo’liga kiradi. Buning boisi nimada edi? Yosh Ruqiya Xonikaga nima bo’lgan, kasallanganmi? Bu savollarni o’zimga berdimu, javobini topa olmadim. Fikrimcha, buning jiddiy sababi bo’lsa kerak. To’ydan, 1372 yilga qadar Kayxusrav sadoqatdan bo’yin tovlamagan. 1372 yil (hijriy yetti yuz yetmish uch, sichqon yili) Amir Temur Xorazmga, Husayn So’figa qarshi lashkar tortganida, Kayxusrav mutlaq matlub bo’lmagan yo’lga kiradi. Husayn So’fida Amir Temur bilan kurashadigan kuch va yurak yo’q edi. U, o’rtaga odam qo’yib, sulh so’raydi. Sohibqiron rozi bo’lganida, Kayxusrav ishni buzadi, Husayn So’figa maxfiy xabar yo’llab, Amir Temur gapiga ishonmaslikni, unga qarshi ikkalasini birgalikda urushishni taklif qiladi. Bu fitna barbod bo’ladi va o’tkazilgan taftishlar Kayxusravning xiyonat yo’liga kirganligini tasdiqlaydi. Kayxusrav Husaynbek yaqinlari qo’liga topshiriladi, ular Amir Husaynni o’ldirganlik huniga Kayxusravni qatl etadilar. Husayn So’fi ham Kayxusrav gapiga uchib, isnodga qolgani bois, tez orada olamdan o’tadi. Uning o’rniga ukasi Yusuf So’fi hokimiyatga keladi. Amir Temur bilan Yusuf So’fi orasida dushmanlik bo’lmaganligi sababli, Yusuf So’fining sulhda yashash qarori ma’qullanadi. Yusuf So’fining birodari Oq So’fining Sevinbeka ismli go’zal qizi bor edi. Oq So’fining xotini Jo’ji avlodiga borib taqaluvchi O’zbekxonning qizi Shakarbeka edi. Oq So’fi Tondoy o’g’li bilan Shakarbeka nikohidan Sevin Beka – Xonzoda Begim ismli qizaloq dunyoga kelgan edi. Shakarbeka Oltin O’rda xoni G’iyosiddin Muhammad O’zbekxonning (1312-1342 y.) qizi bo’lib, So’filar xonadonida e’tibori zo’r bo’lgan. Xorazm So’filar sulolasi bilan Oltin O’rda aloqalari juda mustahkam sulolasi bilan Oltin O’rda aloqalari juda mustahkam bo’lib kelgan, So’fiylar Oltin O’rda ta’sirida Amir Temur davlatini tanimaslik siyosatini o’tkazib kelgan edi.

Oltin O’rdaning borgan sari kuchsizlanayotganligi, ichki hokimiyat kurashlari avjga chiqayotganligi sababidan, Yusuf So’fi Amir Temur bilan aloqalarni yaxshilashdan manfaatdor edi. Chamamda, So’fiylar xonadonida xon avlodidan bo’lgan qizning kamolga yetayotganligi ikkinchi tarafga o’ziga xos bir tarzda ayon etilgan bo’lsa kerak. Muarrix shuni nazarda tutib, “Hukmdorning olijanob ko’nglida bu oy yuzli sohijamolni shahzoda Jahongir Mirzoga unashtirish fikri paydo bo’ldi”, deydi.

O’zaro dushmanlik o’rniga qavmu qarindoshlik shevasi o’rtaga solinganda, ikki tomonda ham xotirjamlik ruhi ustun bo’ladi. Amir Temur Yusuf So’fi odamlariga o’z niyati haqida muloyim va hurmatni joyiga qo’yib so’z yuritadi. Muarrix, Amir Temur so’rovidan Yusuf So’fi quvonib ketganligini, taklifni qabul qilganligini aytadi. Yusuf So’fi, “bu oy yuzli sohibjamolning sepi hali oxirigacha tayyor bo’lgan emas, ular ko’ngilni to’q qilib, qaytaversinlar. Men tez orada sepish, tuhfalarni tayyorlayman va ularning xohishi bo’yicha, kelinlarini jo’nataman”, degan shartni qo’yadi. Bu inkor va e’tirozga bois bo’lmaydigan sabab edi. Shunday bitimga erishilgach, Sohibqiron Amir Temur Xorazmdan qaytadi.

“Kechga tortganda xatar bor”, deb bejiz aytmaydilar. Kayxusrav Xuttaloniy qo’lga olinib, aybi dalolat etilganda, uning o’g’li Sulton Mahmudbek, Xizr Yasuyning o’g’li Abu Isxoq va Mahmudshoh Buxoriy uchalasi Xorazmga qochgan edilar. Abu Isxoqning dilida doimo adovat kinasi bo’lib, bu otasi tirikligida nishlagan edi. Yurtda bir buzg’unchi paydo bo’lsa, Abu Isxoq uning yonida hoziru nozir bo’lardi. Uchalasi Xorazmga, Yusuf So’fi oldiga kelib, “Temurbekning so’zlariga ishonma”, deb ko’p bo’lmag’ur g’iybatlarni to’kib soladilar. Ular Yusuf So’fini Sohibqiron bilan yaqinlashishdan qaytaradilar. Dushmanlik kamarini bog’lagan Yusuf So’fi Sohibqiron davlatiga qarashli Qiyotga bostirib kiradi va aholini talon qilib, to’zg’itib yuboradi. Uning Sevinbeka – Xonzoda Begim sepini tayyorlash haqidagi ahdi puch bo’lib chiqadi. Qish o’tadi, hijriy yetti yuz yetmish to’rtinchi – sigir yili ham kiradi, ammo Yusuf So’fi so’zining ustidan chiqmaydi, lafzni buzadi. Jahongir Mirzo to’yi aduvlarning g’arazi sabab, kechikadi. Ramazon oyida Xorazmga tomon yo’lga chiqqan Sohibqiron bir muddat Qarshida to’xtab turdi. Shu orada katta qo’shin yig’iladi va cho’lu sahro kesib o’tilib, Xorazmga yaqinlashib kelinadi. Yusuf So’fi qilmishidan qattiq qo’rquvga tushib, gunohidan o’tishni so’rab, katta tuhfalar bilan elchilar jo’natadi.

Hijriy yetti yuz yetmish beshinchi yilning (1374 yil, mart) shavvolida, o’rtadagi ikkinchi kelishuvga muvofiq, Amir Temur amakizodagi Yodgor Barlos ibn Lolani (u Qarochor no’yon avlodi edi), pochchasi – Qutlug’ Turkon Og’oning eri Dovudbekni va O’ljoybekni shohona tuhfalar bilan Xorazmga jo’natadi. Oq So’fi va Shakar Bekaning qizi Sevin Beka – Xonzoda Begim bu gal ulug’ xonadonga kelin bo’lishga shaylab qo’yilgan, seplar allaqachon tayyor holiga keltirilgandi. Yusuf So’fi Sohibqiron yuborgan sovchilarni katta hurmat bilan kutib oladi va to’yni boshlab yubordai. Sovchilar Amir Temur kelin ko’nmanasi uchun yuborgan tuhfalar nihoyatda qimamtbaho bo’lib, ular orasida oltin halli, zarrin matolar, parch ava ipak gazlamalar, Xitoy shohisi, ot va xachirlar va xizmatkorlar bor edi.

Sovboshi Yodgor Barlos Xorazmda to’yni o’tkazib, yo’lga tushish oldidan Samarqandga chopar yo’llaydi. Chopar kelining olib kelinayotganligi to’g’risida xabar yetkazishi kerak edi. Sevin beka o’g’ruqining yaqinlashib kelayotgani daragi olingach, Oltin O’rda xonlari avlodidan bo’lgan kelin istiqboliga shu martabadagi kishialrni chiqarish belgilanadi. Chingizxonga to’g’ridan-to’g’ri urug’ bo’lgan Qayduxonning (u O’qtoyxonning o’g’li edi) xotini Kortuqa Xotun peshvoz chiqariladi. Ulug’ bonu izidan Qiyotga qadar bo’lgan masofada sayidlar, qozilar, allomalar, shayxlar, Samarqandning ulug’ kishilari, ayonlari Xorazm shohlari qizini – Sohibqironning bo’lajak kelinini kutib olish payida kunlarni – tunlarni bedor o’tkazadilar. Hashamat, dabdaba va as-asa bilan kelin poytaxtga yetib keladi. Ulug’vor to’y tayyorgarligi boshlanib ketgan. Samarqand bemisl darajada bezatilgan edi. Muarrix, to’y kuni haqida so’zlaganida, kelin va kuyov boshidan shunchalik ko’p tillo, kumush va marvaridlar sochildiki, ko’p odamlar sochqilar ostida ko’rinmay ketdi, deb yozadi. Sohibqironning bu to’yga, Sevin Beka – Xonzoda Begimni kelin qilishga nechog’lik katta e’tibor berganligini shu misollardan ham tasavvur etsa bo’ladi. Nega, degan savol ushbu so’zlarimni o’qir-o’qimay tug’ilishini yaxshi bimagan. Chunki, o’zimga ham shu so’roqni ko’p martalab berganman.

Bir necha yil oldin, Sohibqiron to’g’risida asar yozayotganida, Abdulla Oripov shu muammo bo’yicha men bilan suhbatlashgan, bu haqda ancha fikrlasgan edik. Men o’shanda ulug’ alloma Yahyo G’ulomovning o’tgan asrning qirqinchi yillarida aytib qo’ygan bir so’ziga tayangan edim. Keyinlar ham shu mavzu bobida kattadir-kichikdir yozuvlar qilganimda, ulug’ allomaning qanchalar haq ekanligiga ko’p bora ishonch hosil qilganman.

Oltin O’rda va Chig’atoy ulusi o’rtasida ikkiga bo’linib qolgan Xorazm, uning Temuriylar davlatini tan olmagan Urganch – shimoliy qismini tobe etish Amir Temur uchun hech qanday tashvish va qiyinchilik tug’dirmasdi. Mo’g’ulparast Xorazm So’fiylari o’zlarining nimaga qodir ekanliklarini yaxshi bilardi. Husayn So’fining gapga kirib, aldanib Amir Temurga qarshi turish befoydaligini o’ylaganligi, gunohini tan olib, kuyib-yonib o’lib ketganligi, Yusuf So’fining ham akasi xatosini takrorlab, pushaymon bo’lganligi – bular hammasi Xorazmning shimolidagi mitti davlat Sohibqironning kundan-kunga kuchaya borayotgan saltanatiga qarshi turolmasligini dalolat etadi. Unda, nega Amir Temur So’fiylarning iltijosiga quloq osadi, va’dalarga ishonib ortiga qaytadi? Hatto kelinni ham yillab kutadi? Buning zamirida nimalar pinhon edi?

Ulug’ akademigimiz Yahyo G’ulomov 1948 yilda, hali tarix fanlari nomzodi bo’lgani kezlarida bir fikrni o’rtaga qo’ygan. Abdullo Oripov bilan shu mavzuda bo’lgan gurunglarimizda yuqoridagi savolga javobni Yahyo G’ulomovning bundan 64 yil muqaddam aytgan tubandagi so’zlaridan topgan edim. O’sha fikrlarni bu o’rinda yana bir karra esga olish lozimati tug’ildi: “V.V.Bartold Temurning Dashti Qipchoqdagi mamlakatlarga bo’lgan safarlari talovchilik maqsadida yasalgan chopqundan iborat edi deydi. Bunda V.V.Bartold haqli emas. Chunki Temur Oltin O’rda xonligiga nisbatan o’ylab yurgan tubli bir planiga ko’ra ish qilmoqda edi. U, Xorazmdagi Oltin O’rda xoni avlodidan bo’lgan Xonzoda Begimni o’z o’g’li Jahongir Mirzoga olib berish uchun oz muncha qon to’kmadi. Buni amalga oshirgandan keyin, Xonzoda Begimdan bo’lgan nabirasi Muhammad Sultonni o’z o’rniga o’rinbosar qilishga tayyorgarlik ko’rdi. Muhammad Sultonning o’limi bunga monelik qildi. Nihoyat u, Xonzoda Begimning ikkinchi o’g’li Pir Muhammadni o’z o’rniga qo’yishga vasiyat qildi. Bunda Temur o’z taxtida Oltin O’rda xonlari naslini ko’rmoqchi va ularni Oltin O’rda taxtiga ham merosxo’r qilib tayyorlamoqchi bo’lar edi”.

Bu so’zlar ikkinchi jahon urushidan ko’p o’tmay, milliy o’lkalarda mahdudlik avj oldirilgan. Sho’ro qatag’onining yangi to’lqini ko’tarilib kelayotgan davrda aytilgan. Bu so’zlardagi asosiy mazmun – mohiyat Amir Temurning yaxlit, birlashgan qudratli turkiy davlatni barpo etish niyatini ifodalashdadir. Xorazm Sohibqironning shu buyuk maqsadi yo’lidagi hal qiluvchi darvoza hisoblanardi. Bu darvozadan o’tilmay, turkiyalr azaldan tug’di-bitdi bo’lib kelgan Dashti Qipchoqni egallash, idora qilish mumkin emasdi. Amir Temurning Xorazmga, Urganchga bo’lgan siyosiy maqsadi asosida yagona, qudratli turkiy davlat g’oyasi turar edi. Ko’ramizki, Sohibqiron o’z niyati yo’lida qon to’kishni (Husayn So’fi taklifiga binoan bitim tuzilishi) birinchi o’ringa qo’ymagan. Yo’qsa, harbiy jihatdan zaif So’fiylar sulolasini bir hamlada tugatish mumkin edi. Dastlab, bu yo’lda qarindoshlik ristalarini bog’lashni, uning samaralaridan bahramand bo’lishni ko’zda tutgan. Voqealarning rivoji, aduvlarning o’rtaga suqilishi ishni teskari ketkizadi. Uzoqni ko’ra olmaydigan So’fiylarning keyingi vakillari ham ittifoqlikni emas, dushmanlikni, imkon topdi deguncha, Sohibqiron mulklarini bosqin qilishni, talashni hunar qilib oladilar. Amir Temur millat birligi, turkiylar manfaatlarning, o’zimbo’laychilikning girdobidan chiqa olmaydilar.

… Konigil dashtlari 1373 yilning may oyi oxirlarida oq shohi chodirlar va oq kigiz o’tovlaridan oq dengizday chayqalib turardi. Muarrix, Jahongir Mirzo va Xonzoda Begim nikoh to’yini o’tkazish uchun tikilgan uylar osmondagi yulduzlardan ko’proq edi, degan tashbehni keltiradi. Saltanatning taniqli beklari to’yni o’tkazishga mutasaddi bo’ladilar. Kelin va kuyovga atab ulug’vor oq o’tov bunyod qiladilar, uyning ichi marvarid va gavharlar bilan ziynatlanadi. Gulgun sharoblar daryo bo’lib oqadi, mug’anniylar quyidan, hofizlar qo’shiqlaridan ko’ngillar mo’mday eriydi. Munajjimlar nikoh o’qitish uchun xayrli soatni belgilaydilar. Nikoh marosimi tamomiga yetgach, Sohibqironni qutlovchilar yoshlarga baxt-saodat tilovchilar oxiri ko’rinmaydi. Tantanavor vaziyatda, minglab musiqiy asboblarining shodiyona kuylari sadosi ostida Muhammad Jahongir Mirzo va Sevin Beka Xonzoda Begim o’zlari uchun maxsus qurilgan shohona o’tovga kuzatib qo’yiladi. Bu paytda Muhammad Jahongir Mirzo 17 yoshga to’lgan, ayni navqironlik ayyomida parvoz qilayotgan paytlar edi. Sevin Beka 13-14 yoshli chiroyli tanho qiz edi.

Oradan olti oy o’tadi. Shahzoda va durqun kelinchak baxtli hayot kechira boshlaydilar. Hijriy yetti yuz yetmish oltinchi yilning sha’bon oyi boshlarida, payshanba kuni Sohibqiron mo’g’ullarga qarshi kurashga otlanadi. Bu voqea 1375 yilning yanvar oyi boshlariga to’g’ri kelganligi bois, osmonni bulut qoplab, qor va yomg’ir aralash yog’adi. Shunday qattiq sovuq turadiki, birorta sipohiy qo’lini yengidan chiqara olmaydi. Otlarga ozuqa berishga ham majol bo’lmaydi. Odamlarga noqulaylik tug’dirganidan pushaymon bo’lgan Amir Temur, Samarqandga qaytishga, u yerda ikki oy turishga qaror qiladi. 1375 yilning 5 mart kuni sovuqlar pasaygach, shavvol oyining birinchi dushanbasi kuni katta lashkar Jete sari yo’lga tushadi. Yosh kuyov, shahzoda Muhammad Jahongir Mirzo qo’shinning ilg’or qismini boshqaradi.

Bu yurishda Jahongir Mirzo mo’g’ul xoni Qamariddin sipohiylari bilan qattiq janglar qiladi. Sohibqiron shahzodaga qanday bo’lmasin, Qamariddinni ushlash topshirig’ini beradi. Mo’g’ul qo’shinining minglik dastasi Jahongir Mirzo hujumiga dosh bera olmaydi. Qamariddin shu to’qnashuvda mag’lub bo’lib jonini qutqarib, tog’lar oralab qochishga tushadi. Shu jang chog’ida mo’g’ul beklarining ulug’ Shamsiddin bekning o’rdasi – xotin-xalaji, qizi Dilshod Og’o ham asirga olinadi. Mo’g’ullarga qarshi amalga oshirilgan bu yurish zafarli yakun topadi. Ammo, xavfli yog’iy Qamariddin hamon tirik edi, undan har qanday qabihlikni kutsa bo’ladi. Oradan bir yil kechib, 1376 yilning martida Sohibqiron Xorazmga uchinchi marta borishga azm qiladi. Oq Bug’o Barlosni Samarqandda qoldirib, Sori Bug’o va Odilshoh Jaloyir, Xitoyi Bahodur va Elchi Bahodurlarni o’ttiz ming kishilik lashkar bilan Qamariddinga qarshi jo’natadi.

G’alamislarga bildirilgan ishonch hech qachon oqlanmagan. Sohibqironning fe’li kengligiga, kechirimliga qoyil qolmay iloj yo’q. Odilshoh degani Dilshod Og’oga uylanish kunlarida Sohibqironga suiqasd qiluvchilarning biri bo’lgandi. U avf etilgan, yana  izzat qilinib, katta qo’shinga boshliq etilgandi. Mo’g’ulistonga, yovuz Qamariddinga qarshi o’ttiz minglik sipohiyni boshqarib borayotgan Sori Bug’o bilan Odil shoh imkoniyatidan foydalanib, Xitoyi Bahodur va Elchi Bahodurni bandga soladilar. Sohibqiron Amir Temur hokimiyatga kelganiga olti yil to’layotgan, uning davlati va kuch qudrati tobora mustahkamlanib borayotgan bir paytda, vaziyatni baholay olmaslik, kaltabinlik, hokimiyatga intilish qutqusi ularni yo’ldan ozdiradi. Amir Temur tomonidan Andijonga hokim qilib qo’yilgan Hamdi ham Sori Bug’o va Odilshoh fitnasiga bosh qo’shadi va ular birgalikda Samarqandga qarab, o’ttiz ming kishilik qo’shinni boshlab keladilar. Amir Temurning Xorazmga ketganligi ularga ayon edi, bunday fursatdan foydalanib qolishga, shum niyatlarini amalga oshirishga shoshiladilar. Ular Samarqandga bostirib kelib, shaharni qamalga oladi. Shahar aholisi o’zboshimcha fitnagarlarni yoylardan, kamonlardan o’q otib, ularni shahar yaqiniga yo’latmaydi. Shahar dorug’asi Oq Bug’a tezlikda Sohibqironga xabarchi jo’natadi. Amir Temur Qiyotdan o’tib, Xosga (hozirgi Gurlan) yetganda Oq Bug’a darakchisi voqeani Sohibqironga aytadi. Noxush xabar olingandan keyin, tezlikda Jahongir Mirzoni qo’shinning ilg’or qismiga boshliq qilib, Samarqandga jo’natadi va uning izidan o’zi ham qaytadi. Ortga qaytgan lashkar Buxoroga yaqinlashib, undan o’tadi-da, Raboti Malik degan yerda to’xtaydi. Jahongir Mirzo Karmina tuprog’ida dushmanlik ko’yiga yog’iylar bilan to’qnashadi. Qattiq jang Jahongir Mirzo foydasiga hal bo’ladi, Sori Bug’o bilan Odil shoh Sohibqironning katta dushmani O’rusxon yurtiga, Dashti Qipchoqqa tomon qochadilar.

Bu jang yigirma yoshli shahzodaning so’nggi kurashi edi. G’alabaning yuz berishida u katta jasorat ko’rsatadi. O’rusxon oldiga panoh istab ketgan tuzko’rlar unga ham vafo qilmadilar. Yana mo’g’ul xoni Qamariddin oldiga qochib keladilar. Muhammad Jahongir Mirzo Karmanada bo’lgan savashda yarador bo’lganmi-yo’qmi, bu to’g’rida tarixlarda so’z yo’q. Nima bo’lganda ham, shu voqeadan keyin Samarqandga g’alaba bilan qaytgan shahzodaning tobi bo’lmaydi. Otasi Sohibqiron o’zboshimchaliklarni haddan oshirayotgan, mulklarga chopqunar uyushtirayotgan Qamariddinga qarshi marta Mo’g’ulistonga otlanganda, kasalmand o’g’li Muhammad Jahongirni Samarqandda qoldirishga majburiyat sezgan. To’rtinchi marta yurishda shunday holat bo’ladiki, Amir Temur 200 yigiti bilan Qamariddinning 4 ming kishilik sipohiylarini qirib, tumtaraqay qiladi.

Qamariddin ustidan g’alaba dast bergan o’sha kuni kechasi Sohibqiron tush ko’radi, deb yozadi muarrixlar. Nizomiddin Shomiy bu haqda, “Amir Sohibqiron ulug’vor shayx Burhoniddin Qilichni (Shayx Sayfiddin Boharziyning o’g’li) tushida ko’rdi. Kamoli odob bilan uning huzuriga borib, aziz farzandi Amirzoda Jahongir uchun himmat ko’rsatib madad berishni so’radi: Xudoyi Taolodan o’g’lim uchun salomatlik tilang”. Shayx: “Xudo bilan bo’lgin”, dedi-yu, farzandi haqida hech nima aytmadi. Uyqudan uyg’ongach, o’g’li borasida xotiri nihoyatda tashvishli edi. Amir Sohibqiron uning salomatligi haqida xabar keltirish uchun Yo’l Qutlug’ nomli xos kotibini yubordi. U ketgach, yana parishon tush ko’rdi. Ko’nglidagi bezovtalik kuchayadi. Jami amirlar va navkarlarini yig’ib: “Men farzandi dilbandimdan – qalbim mevasidan ayrilib qolmadimmikan, deb gumon qilyapman. Xudo xaqi, uning ahvolini mendan yashirmanglar. Bor haqiqatni aytinglar”, dedi”, deb yozadi.

Ikki o’t orasida qolgan Sohibqiron ko’nglida Muhammad Jahongir Mirzo tashvishi ustun keladi. Qamariddin yana qochadi, uning ishi bir yoqli bo’lmaydi. Amir Temur Otaqum degan joydan qaytib, Sayhundan o’tib Samarqandga yaqinlashib keladi. Shaharning fozilu fuzalolari, a’yonlar, olimlar, ruhoniylar Sohibqiron istiqboliga qora libosda chiqadilar. Ular yig’i-sig’i bilan otani qarshilaydilar. Sohibqiron ularni ko’rib, tushda voqe bo’lgan alomatni o’ngda yuz berganligiga amin bo’ladi.

Sohibqiron taxtining vorisi o’limidan qattiq qayg’uga cho’madi. Uning farzand dog’ida tushgan holatini tasvirlashga qalamlar ojiz bo’lgan. Shomiy shunday satrlarni tarixga badal qilgan: “Amir Sohibqiron bu azada navjivonu pahlavonu kamron farzandi firoqida ko’zi giryon, bag’ri baryon, ayriliqnng achchiq sharbatidan kosa-kosa ichdi, motam va musibat libosini kiydi”.

Sharafiddin Ali Yazdiy, Sohibqiron dil jarohatini yaxshi va olijanob ishlar bilan davolashga kirishdi, kambag’allarga, yetim-yesirlarga ko’p ne’matlar, nazr-niyozlar ulashdi, deydi. Muhammad Jahongirning jasadi Keshda dafn etiladi.

“Zafarnoma” asari muallifi Sharafiddin Ali Yazdiy shahzoda Muhammad Jahongir Mirzo vafot etganda yigirma yoshda edi, deb yozadi. Barcha tarixlarda Shahzodaning o’limi hijriy 777 yil (1376 yilning yozi oxirlari, ilon yili) deb ko’rsatiladi. Yazdiy Jahongir Mirzodan ikki o’g’il qolganligini aytib, amirzoda Muhammad Sultonning Xonzoda Begimdan, amirzoda Pir Muhammadning Baxt Malik Og’odan tug’ilganligini qayd etadi. Ayrim manbalarda Muhammad Sulton Mirzo otasi vafot etganda bir yoshli bola edi, deyiladi. Biz oldinda Yahyo G’ulomovnig Pir Muhammad Mirzo ham Xonzoda Begim o’g’li ekanligini e’tirof etganligini guvohi bo’ldik. Jahongir Mirzo bilan Xonzoda Begimning to’yi 1373 yilning may oyi so’nglari – iyun oyo boshlarida bo’lgan edi. Shahzoda to’ydan roppa-rosa uch yil o’tib, 1376 yil yozida olamdan ko’z yumadi. Yahyo G’ulomov, Pir Muhammadni Xonzoda Begimning o’g’li deb ko’rsatganida, ishon bilan gapirgan. Gap Amir Temurning taxtga vorisligi – valiahdlik haqida ketayotganida, buni aytish mas’uliyatini emas, Sohiqironning shunday qarorni qabul qilishiga – Pir Muhammadni valiahd etib tayinlashiga asos bo’lgan omillar nima bilan bog’liq edi, degan mulohaza ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Sharafiddin Ali Yazdiyning Pir Muhammad Mirzo Baxt Malik Og’odan tug’ilgan, degan shahodatini ham inkor etisshga, qabul qilmaslikka hech bir asos yo’q. Baxt Malik Og’o Ilyos Yasuriyning qizi edi. Ilyos Yasuriy 1365 yilda Amir Temur, Amir Husayn bilan yovlashib yurgan kezlarida Ali, Hoji Mahmudshoh kabi ikki aka-ukasi bilan Amir Temur xizmatiga kirgan, og’ir paytlarda hamdamu hamkor bo’lgan edi. Shu qiyin yillarda Jahongir Mirzo Kayxusravning qizi Ruqiya Xonikaga ham unashtirilgandi. Mabodo, Jahongir Mirzo Ilyos Yasuriyning (Samarqand atrofida yashagan qavm boshliqlari, Xizr Yasuriyning ukalari) qizi Baxt Malik Og’oga uylangan bo’lsa, shu davrda, 12-13 yoshlarida, Ilyos Yasuriy otasi xizmatiga kirgan paytda, turmush qurgan bo’lib chiqadi. Shunday bo’lsa, Kayxusravning Xorazmga qilgan yurishda Amir Temurga xiyonat qilib, dushmanga aylanishi sabablari ham oydinlashgan bo’ladi. Qizi Ruqiya ustiga yana xotin olish unga ma’qul tushmagani, shu bois o’ch olish yo’liga kirgan, desak bo’ladi. Sharafiddin Ali Yazdiydan boshqa mualliflar Baxt Malik Og’o, Ilyos Yasuriy bilan qudalashish to’g’risida biror og’iz so’z uchramaydi. Turg’un Fayziyev, Jahongir Mirzo 1374 yilda Ilyos Yasuriyning qizi Baxt Mulk Og’oga uylanadi, deb yozadi “Temuriylar shajarasi” kitobida. Olimning e’tiroficha, Pir Muhammad Mirzo shu onadan tavallud topgan.

Muhtaram o’quvchini azaliy tarixlarda bo’lib turadigan bu xildagi ikki yoqlamaliklar ajablantirmasligi lozim. Yevropada bo’lganining aksi o’laroq, bizda oilviy hayot tadqiqiga munosabat boshqacharoq bo’lgan. Oilaning ichki pardalari ko’pincha yopig’ligicha qoldirilgan. Temuriylar tarixi ham, ularning aksariyati oradan yillar o’tib, voqealarning nozik jihatlari unutila boshlagan kezlarda yaratilgan. Chalkashliklar sabablari ko’p. Muarrixlar ham yanglishgan o’rinlar talaygina bo’lib, ularning bir qsmi haqida yo’l-yo’lakay fikr yuritdik. Bundan tashqari, har qanday musannif mavzuga tegishli bo’lgan bevosita va bilvosita manbalarning hammasini ko’rib chiqishga qodir emas. Yahyo G’ulomov ko’rgan manbani, ehtimol, naqti soati bilan topish mumkin bo’lar, u olim so’zni bekorga aytadigan allomalar xilidan emas. Amir Temur Ilyos Yasuriy qizidan tug’ilgan Pir Muhammadni valiahd qilib tayinlashi, negadir, kishini qoniqtirmaydi. Chunki uning nabiralari orasida opalari xonlar va amirlar qizi bo’lganlari ko’p edi. Ilyos Yasuriy tanilib-tanilmagan, akasi Xizr Yasuriy tanilib-tanilmagan, akasi Xizr Yasuriy 60-yillarda Temurbekni o’ldirishga qasdlangan bir kimsa edi. Mening ko’nglim, shu jihatlarni o’ylab, Baxt Malik (Mulk) Og’oning Pir Muhammadning onasi ekanligi da’vosini ma’qul ko’rmaydi. Ehtimol, men adashayotgandirman. Hali, valiahdlik to’g’risida so’z borganda, mulohazalrni yana davom ettiraman.

Jahongir Mirzo yigirma yil umr ko’rdi. Uning bosib o’tgan qisqa hayot yo’li o’z murakkabliklari bilan kishini ham hayratga soladi, ham achintiradi. 1356 yilda Keshda – Shahrisabzda mulklarida tug’ilgan Jahongir Mirzo tog’asi Amir Husayn bilan otasi Amir Temur siyosiy kurashlariga erta aralashib, qaltis paytlarda, goh Keshda hayot kechiradi. Onasi O’ljoy Turkon Og’o vafot etganda, u 10 yoshda edi. Onasi diydoriga to’ymaslik, ota nazaridan chetda bo’lish, faqatgina umrining 14 yilini shahzoda sifatida kechirish, Xorazmga, Mo’g’ulistonga qarshi yurishlarda qatnashish Jahongir Mirzoning yigirma yillik hayotining oson kechmaganligini tasavvur qilishga imkon beradi, deb o’ylayman. Faqat janglar emas, o’ylar ham uning sog’lig’iga putur yetkazgan, desam yanglishmayman. Yaqin do’st bo’lgan, ko’p vaqtlar birgalikda mo’g’ullarga qarshi muvaffaqiyatli kurashlar olib borgan tog’asi bilan otasining orasiga nifoq tushganligi, qattiq yovlashib qolganliklari, oxiri, bu kelishmovchiliklarning Amir Husayn o’limi bilan xotima topishi loqayd qaraladigan hodisalardan emasdi.

Bo’lib o’tgan voqealarni u yuragidan o’tkazmasligi mumkin emasdi. Uning tabiatan kuyunchakligini Amir Temur yaxshi bilgan. Sohibqiron shu boisdan, doimo uni ayagan ko’rinadi. Agar qahri qattiq bo’lganda edi, 1370 yilda Jahongirni tog’asi Amir Husaynga qarshi kurashga jalb etgan bo’lardi. Shahzodaning mustahkam irodasi yoshligidan namoyon bo’lgandi. Sohibqrion Muhammad Jahongir Mirzoga valiahd sifatida qarar ekan, bunda uning sarkardalik salohiyati bilan bir qatorda, O’ljoy Turkon Og’odan tug’ilganligini ham e’tiborda tutar edi. O’ljoy Turkon Og’o – Turkistonni bir yuz yigirma besh yildan ortiq mustamlakaga aylantirgan, qonini zulukday surgan Chingizxon avlodidan, uning zulmidan xalos etgan yo’lboshchi Amir Qazag’onning nabirasi edi. Amir Qazag’on asoslagan hokimiyat 1370 yilga qadar davom etdi. Amir Husaynning – Amir Qazag’on nabirasining mo’g’ullarga nisbatan tutgan yo’li nihoyatda qaltis edi. U, turkiy amirlar ittifoqligida  hokimiyatini mustahkamlash uchun, bir qarasang, mo’g’ullarga qarshi kurash olib boradi, yana bir qarasang, toju taxtini himoya qilish uchun mo’g’ullardan yordam so’raydi, ularga qo’shilib, Vatan ozodligini shior qilgan turkiy amirlarga, o’z safdoshlariga qarshi shamshir o’qtaladi. Nima bo’lganda ham, Amir Qazag’on avlodi o’lkada birinchi bo’lib, toju taxtni Chingizxon avlodidan halollab olgan edi. Temurbek, shu jihatdan Amir Qazag’onni juda qattiq hurmatlagan, uning o’limidan keyin ham, garchand noshud bo’lsa-da, Amir Husaynni taxtga ravo ko’rgan, qo’llab-quvvatlagan edi.

Davlat boshqaruvi oyini jihatdan Turkiston taxti Amir Qazag’on avlodiga mansub edi. Amir Husayn 1360 yildan to 1370 yilga qadar o’zining bunday ulug’, mas’uliyatli ishga yaroqsizligini eng tuban darajada namoyon etmaganicha, Amir Temur taxt da’vosini qilmagan. Mamlakat ayonlarining, atoqli ruhoniylarning fatvosi bilan u hukmdorlikni qabul qiladi. Uzoqni o’ylaydigan, yurtning bir butunligini maqsadi deb bilgan Amir Temur uchun, o’zidan keyin taxtga keladigan odam shu talablarga javob bera olishi kerak edi. Davlat boshqaruvida, toju taxt poygasida nimalar bo’lmaydi, qanday otlar yiqilib, qanday otlar o’zmaydi, deysiz. Agar Turkiston taxti Muhammad Jahongir Mirzoga nasib etgudek bo’lsa, unga kelib chiqish sababidan e’tirozlar mutlaqo bo’lmasdi – u ona tomondan Turkistonning qonuniy hukmdori bo’lgan Amir Qazag’onga ulashar edi. Qolaversa, butun millatni yakjilov qilishni, qudratli turkiy davlatni barpo etishni maqsad qilgan. Amir Temur Jahongir Mirzoni Oltin O’rda xonlariga nabira bo’ladigan Xonzoda Begimga uylantirib, o’z davlati sarhadlarini siyosiy va jug’rofiy ma’noda Dashti Qipchoqqa qadar kengaytirishga qonuniy zamin hozirlagan edi.

Bunday nufuz Amir Temurning boshqa farzandlarida nisbatan kamroq edi. Yo’qsa, Muhammad Jahongir Mirzo vafotidan keyin shijoatli shahzoda Umarshayx Mirzoni, botir va chapdast Amironshoh Mirzoni yoxud Shohruh Mirzoni, ulardan birini valiahd qilib saylashi mumkin edi. Sohibqiron valiahd bobida fikrini o’zgartirmagan. Jahongir Mirzo o’limidan so’ng, uning o’rniga o’g’li Muhammad Sulton Mirzoni, u ham bu olam bilan vidolashgach, Jahongir Mirzoning ikkinchi o’g’li, Yahyo G’ulomov aytganidek, Xonzoda Begimdan tug’ilgan Pir Muhammad Mirzoni o’z o’rniga qoyim maqom – valiahd qilib belgilaydi. Tarixning yechilmagan jumboqlari ko’p. Sohibqiron Amir Temur kelinlar tanlash bobidagi muammoga davlat manfaati nuqtai nazaridan yondashgan ekan, valiahd – o’zidan keyin mamlakatni kim boshqaradi, saltanatga kim egalik qiladi – bunga ham ana shu arshinda yondoshgan, desam xato bo’lmaydi. Sohibqiron qaysi bolasini yomon ko’rgan? Bunga salbiy javobni Ibn Arabshohdan ham topolmaysiz. Balki, Amironshohni dersiz. Yo’q, bunday xulosaga asoslar yo’q. Balki Shohruh Mirzo kanizakdan tug’ilgani uchun unga pastroq nazar bilan qaragan bo’lsa kerak, degan xayolga borarsiz. Shohruh Mirzoning kanizakdan tug’ildi, deyilishi fors muarrixlarining uydirmasi, xolos. Uning onasi Tog’ay Turkon Xorazm hukmdori Husayn So’fining qizi bo’lib, Amir Husayn unga uylangan va 1370 yilda u Amir Temur haramiga to’rt ayolning biri bo’lib qabul qilinganligi to’g’risida so’zladim. Sohibqiron hayotligida Shohruh Mirzo hech bir jihatdan kamsitilmagan.

Muhammad Jahongir Mirzo 20 yillik umrining 12-14 yilini davlat ishlariga bag’ishladi. Undan Muhammad Sulton va Pir Muhammad Mirzo ismli ikki o’g’il qoldi. Umarshayx Mirzo va Jahongir Mirzo xotin-xalaji haqida aytilganlardan kelib chiqadigan bir mulohaza shundaki, Amir Temurning farzandlari ayshu ishratga, hashamatga, sharobxo’rlikka asti ruju qilmaganlar. O’sha davrning o’ziga to’q mo’min-musulmoni sharoit ahkomi imtiyoziga ko’ra to’rtta xotin olish huquqiga ega edi. Har ikkala shahzoda ham haramida uchtadan xotin bilan kifoyalangan. Otalari yanglig’ umrlarining ko’p qismi ot ustida, jangu jadallarda kechgan shahzodalarning tarbiyasi kayfu safoga emas, Vatan va uning ozodligiga qaratilgan edi. Sohibqiron bu ishga jonini tikkani kabi o’g’illar ham shu yo’lda fidoyilar qilib tarbiyalangandi. Shu sababli ham oila arqoni mustahkam, ildizi chinorniki singari baquvvat edi.

Jahongir Mirzoning bevaqt o’limi nafaqat uning otasini, aka-ukalarini, xeshu akroblarini, shuningdek, butun arkoni davlatni, Sohibqironning eng yaqin safdoshlarini ham qattiq qayg’uga soladi. Bu saltanat uchun, Sohibqiron qurmoqchi bo’lgan yagona, qudratli turkiy davlat rejasi uchun bemisl yo’qotish bo’lgan edi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Amir Temurning bolalikdan eng yaqin do’sti Sayfiddinbekning o’sha vaqtdagi holatini shunday tasvir etadi: “Shu voqeadan keyin Sayfiddinbekning qahri qattiq dunyo ishlariga ishonchi qolmadi, hamma narsadan qo’lini yuvib, ruxsat oldi-da, Ka’baga jo’nab ketdi”. Jahongir Mirzoning o’limidan keyin Sohibqironning o’zini o’nglab olishi, uning metin irodasi bilan bog’liq edi. Amir Temur o’g’li vafotidan keyin 29 yil umr ko’rdi. U, nihoyatda qaysarlik, birso’zlik bilan yaxlit turkiy davlat g’oyasini umri oxiriga qadar amalga oshirishni, o’zidan so’ng ham shu maqsadning ijobat topishini o’ylab ish tutadi. Shu boisdan davlat boshqaruvini o’zidan keyin Jahongir Mirzoning ikki o’g’liga Muhammad Sulton va Pir Muhammad Mirzolarga bag’ishladi. Lekin har uch nomzodda ham uning aytgani bo’lmadi, Jahongir Mirzo, undan so’ng Muhammad Sulton bevaqt olamdan ko’z yumdilar. Pir Muhammadning valiahdligi nomiga tan olingan bo’lsa-da, amalda hokimiyat talashlarida chekkaga chiqazilib qo’yildi.

Leave a Reply