“BAHOR” ANSAMBLI
“BAHOR” ANSAMBLI, Mukarrama Turg’unboyeva nomidagi “Bahor” xalq raqs ansambli — “O’zbekraqs” birlashmasidagi jahonga mashhur ansambl. 1957 yil tashkil etilgan. Ansamblning asoschisi va birinchi badiiy rahbari Mukarrama Turg’unboyeva (1979 yilgacha), shuningdek B. Aliyev, Q. Dadayev ham tashkilotchilardan. Keyingi badiiy rahbarlari:Qunduz Mirkarimova (1979 – 88), Ravshanoy Sharipova (1988 — 90), Ma’mura Ergasheva (1990 yildan). Musiqa rahbari Baxtiyor Aliyev (1965 yildan). 1964 yildan O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan ansambl. 1979 yildan M. Turg’unboyeva nomida. “Bahor” ansambli ijrochilarining asosini Toshkent xoreografiya bilim yurtini tamomlagan qizlar va Toshkent davlat konservatoriyasi. O’zbekiston musiqa maktablarini tugatgan jo’rnavoz sozanda. Xonandalar tashkil etadi. Z. Rahmatullayeva, D. Kerimova, N. Atamanova, T. Yunusova, A. To’laganova, D. Abdullayeva, N. Bashirova, E. Rasulxo’jayeva, K. Rahmatullayeva, N. Alimboyeva kabi raqqosalar, B. Aliyev, R. Hamdamov, E. Karimov, Q. Dadayev, R. Akbarbekov, O’. Rizayev, S. To’xtasinov, B. Xoliqov, K. Nosirov, K. Komilov singari sozandalar hamda O. Matyoqubov, B.Yo’ldoshev va boshqa xonandalar ansamblning dastlabki ijodkorlaridir. Ansambl repertuarida 200 dan ortiq yakka va ommaviy raqslar bor. “Bahor” ansambli o’zbek xalqining ko’p asrlar mobaynida to’plangan an’anaviy raqs madaniyati bilan jahon zamonaviy raqslari yutuqlarini mujassamlantirgan. U tarixiy-etnografik va zamonaviy xalq raqslari asosida yangi mazmun kasb etuvchi sahna raqslari ijod etdi. “Zang”, “Davra”, “Katta o’yin”, “Tanavor”, “Lazgi”, “Munojot” kabi o’zbek mumtoz raqslari shular jumlasidandir. Ansambl repertuarini yanada boyishi, jahonga tanilishida 60-yillarning oxiri va 70-yillarda ansamblga kelib qo’shilgan M. Ergasheva, G. Foziljonova, O’. Muhamedova, G. Jo’rayeva, F. Nizomitdinova, D. Ziyoxonova, R. Nizomova, R. Sharipova, V. Romanova, G. Hamroyeva, M. Haydarova, D. Yunusovalarning xizmatlari kattadir. “Bahor” ansambli o’z dasturini O’zbekistonning turli hududlariga xos yangi-yangi raqslar bilan ham boyitmoqda. Farg’ona, Namangan, Andijon, Buxoro, Toshkent, Samarqand, Xorazm raqslari qatorida O’zbekistonda istiqomat qiluvchi barcha xalqlar va qoraqalpoq xalqining raqslari ansambl dasturidan o’rin olgan. “Bahor valsi”, “Diddor”, “Farg’ona ruboiysi”, “Gulnoz”, “Namanganolmasi”, “Andijon polkasi”, “Piyola” singari Farg’onacha uslubda yaratilgan raqslar, shuningdek “Samarqand beshqarsagi”, “Buxoro davrasi”, “Xorazm lazgisi”, “Qirq qiz”, “Nilufar”, “Oq oltin”, “Dugonalar”, “Sho’xi pari”, “Nozanin”, “Guldasta” kabi raqslar tomoshabinlarga manzur. Mehnat shavqi aks etgan “Pilla”, “Paxta bayrami” raqs syuitalari va “Gulsara”, “Namangancha”, “Rohat”, “Pomir raqsi” qizlarning eng sevgan raqslaridir. “Yetti Sayyora”, “Samarqand bahori”, “Quda-andalar”, “Cho’pon”, “Qo’g’irchoq” kabi syujetli raqslar ansambl repertuarining xilma-xilligini oshirdi. Jamoa repertuaridan hind, Pokiston, birma, yapon, koreys, Arab, turk, afg’on, Kuba, Venger, Vetnam, Chex kabi jahon xalqlarining raqslari munosib o’rin olgan. Ansamblning ko’pgina raqslari qo’shiq bilan ijro etiladi. Qo’shiqlarni xonandalar (Ahmadjon Shukurov, Xayrulla Lutfullayev va boshqalar) dan tashqari qizlarning o’zlari ham sozandalar bilan aytadilar. “Intizor”, “Uloq”, “O’zbegim” kabi qizlar lapari mashhur. Keyingi yillarda “Bahor” ansamblining “Besh go’zal”, “To’yona”, “O’zbekiston qizlari”, “Navro’z”, “Mukarramaxonim o’ynasa”, “Bahor nashidasi”, “Erkalab”, “O’zbekiston istiqloli”, “Majnuntol” kabi ommaviy va kompozitsiyali raqslari shuhrat qozondi. Ansambl raqslarini sahnaga qo’yganlar: Mukarrama Turg’unboyeva, Galiya Izmaylova, G’affor Vallomatzoda, Isoxor Oqilov, Qunduz Mirkarimova, Amina Dilboziy, Ma’mura Ergasheva va boshqalar. “Bahor” ansambli 1996 yildan “O’zbekraqs” birlashmasida faoliyat ko’rsatadi. Ansamblda 60 kishi qatnashadi (2000). Toshkentda Mustaqillik maydonida o’z kontsert zaliga ega. Yetakchi artistlari: Rushana Sultonova, Gulnora Nizomova, Roza Adamboyeva, Yelena To’xtayeva, Olima Yokubova (raqqosalar), N. To’raxo’jayev, I. Hamdamov, K. Mirzayev, M. Foziljonov (sozandalar), Erkin Ro’zimatov (xonanda). Ansambl Liviya, Marokash, Jazoir, Tunis, Hindiston, Singapur, Malayziya, Pokiston, Afg’oniston, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi mamlakatlarda gastrolda bo’lgan. Moskvada bo’lib o’tgan jahon yoshlari va talabalari 6-festivali, Leypsigda o’tkazilgan xalq raqslari 8-festivali (1971) laureati. Muhsin Qodirov, Mohina Ashirova.