BAHOUDDIN MUHAMMAD IBN MUAYYAD AL-BOG’DODIY
BAHOUDDIN MUHAMMAD IBN MUAYYAD AL-BOG’DODIY (12-asr) — tarixchi olim. Xorazmning Bog’dod qishlog’ida tug’ilib, Xurosonning Niso shahrida yashagan. Xorazmshoh Takash (1172 — 1200) uni saroy xizmatiga taklif qiladi va munshiylar devoniga boshliq qilib tayinlaydi. Bahouddin Muhammad devon boshilik davrida yiqqan turli vasiqa va hujjatlar, boshqa davlatlar bilan bo’lgan yozishmalarni do’stlarining iltimosi va podshohning buyrug’i bilan to’plab, ularga “Attavassul ilattarassul” (“Yozishmalarni qo’lga kiritish”) nomini beradi. Bu asarda 1182 va 1184 yillardagi voqealar, davlat va devon ishlariga oid muhim tarixiy ma’lumotlar bor. Leyden va Parij kutubxonasidagi bu asar qo’lyozmasini 1936 yil Tehronda Ahmad Baxmanyor birinchi marta nashr etgan.