BAHRI BAYT

BAHRI BAYT (Arabcha, bahr — vazn va bayt so’zidan) — ijodiy musobaqa. Bunda maxsus qoida bilan navbatma-navbat bayt aytib tortishishadi. Bahri baytning 2 turi bor: 1) qatnashuvchilardan biri aytgan baytning oxirgi so’zi qaysi harf bilan tugagan bo’lsa, ikkinchisi birinchi so’zni xuddi shu harf bilan boshlab bayt aytadi. Masalan: Kimga qildim bir vafo, kim yuz jafosin ko’rmadim, Ko’rguzub yuz mehrkim, dardu balosin ko’rmadim. Men vafosi va’dasidin shodmen. Ul vafo, bilmonki, qilmas yo qilur. Bahri baytda mavzu va mazmun birligi shart emas, ammo aytilgan bayt yoki misra takrorlanmasligi kerak; 2) qatnashuvchilardan biri ikkinchisiga qayerga borgani, kimnikiga qo’ngani, qo’noq joyda kimni ko’rgani. qanday ovqat yegani va qanday qo’shiq aytgaii yoki eshitgani haqida so’roq beradi. Javob beruvchi so’roqqa biror joyning nomini aytadi. Keyingi har bir so’roqqa o’sha joy nomining oxirgi harfi bilan boshlanadigan jumla yoki qo’shiq bilan javob qaytaradi. Tortishuv tomonlardan biri yengilgunga qadar yoki muayyan vaqt mobaynida shu tartibda davom etadi.