BEDARAK YO’QOLGAN DEB TOPISH
BEDARAK YO’QOLGAN DEB TOPISH — fuqarolarning huquqiy taqdirini hal qiluvchi yuridik fakt. Agar fuqaroning qaerdaligi haqida uning yashash joyida bir yil davomida ma’lumotlar bo’lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq, sud bu fuqaroni bedarak yo’qolgan deb topishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 33-moddasiga binoan, yo’qolgan shaxs to’g’risida oxirgi ma’lumotlar olingan kunni aniqlash mumkin bo’lmasa, bedarak yo’qolgan deb hisoblash muddati yo’qolgan shaxs to’g’risida oxirgi ma’lumotlar olingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan, bu oyni belgilash mumkin bo’lmagan taqdirda esa — keyingi yilning 1 yanvaridan boshlanadi. Bedarak yo’qolgan deb topilgan fuqaroning mol-mulkini doimiy suratda boshqarib turish zarur bo’lsa, bu mol-mulk sudning qaroriga muvofiq vasiylik va homiylik organi tomonidan belgilanadigan va ushbu organ bilan tuziladigan ishonchli boshqaruv to’g’risidagi shartnoma asosida ish olib boradigan shaxsga topshiriladi. Ushbu mol-mulkdan bedarak yo’qolgan shaxs qonunga muvofiq boqishi kerak bo’lgan fuqarolarga ta’minot beriladi va uning soliklar va boshqa majburiyatlar bo’yicha qarzlari to’lanadi. Vasiylik va homiylik organi yo’qolgan fuqaroning qaerdaligi to’g’risida ma’lumot olingan kundan boshlab bir yil o’tganga qadar ham uning mol-mulkini muhofaza qiluvchi shaxsni belgilashi mumkin. Shaxsni bedarak yo’qolgan deb topishning 34 – moddada nazarda tutilmagan oqibatlari qonun bilan belgilanadi. Bedarak yo’qolgan deb topilgan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turar joyi aniqlangan taqdirda, sud uni bedarak yo’qolgan deb topish haqidagi qarorni bekor qiladi. Sudning qarori asosida fukaroning mol-mulkini boshqarish bekor qilinadi (O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi 34 — 35 moddalari).