BEKOBOD
BEKOBOD — Toshkent viloyatidagi shahar (1954 yildan). Toshkentdan 189 kilometr Janubda, Dalvarzin cho’lining Janubi sharqida. Tojikiston Respublikasi chegarasi yaqinida. Temir yo’l stantsiyasi. Sirdaryoning har ikkala sohilida, shimoli Sharq va Janubi sharqdan tog’ tizmalari bilan o’ralgan. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28 — 30°, yanvarniki -2, -3°. Yiliga 300 millimetrdan ziyod yog’in tushadi. Aholisi 85,4 ming kishi (2000), asosan o’zbeklar; shuningdek rus, tatar, koreys, qozoq, tojik va boshqalar ham yashaydi. Bekobod yaqinidan Dalvarzin va Do’stlik kanallari boshlanadi. Bekobod O’zbekiston Respublikasining industriya markazlaridan biri. 1942 yil metallurgiya zavodi qurila boshladi. O’rta Osiyodagi bu yagona qora metallurgiya markazi 1944 yil dastlabki po’lat va 1946 yil birinchi prokat berdi. Tsement kombinati, temir-beton buyumlari (sug’orish novlari va boshqalar), qum-shag’al, g’isht, paxta, sut va non zavodlari, go’sht kombinati va boshqalar bor. Shahar yaqinida 1943 yil Farhod GES qurilgan. Bekobodda industriya texnikumi, tibbiyot bilim yurti, 17 umumiy ta’lim maktabi, 2 musiqa va sport maktablari, 11 ommaviy kutubxona, 1 klub, 4 madaniyat uyi, metallurgiya madaniyat saroyi. muzey, 7 kasalxona bor (2000).