BELGLAR

BELGLAR — 1) Sena va Reyn daryolari oralig’ida yashagan shimoliy Sharqiy Gall qabilalari. Rimliklarga dastlab Yuliy Tsezar yurishlari munosabati bilan ma’lum bo’lgan. Qadimda Jasur xalq sanalgan (Strabonning xabar berishicha, 300000 kishilik qo’shin tuza olganlar); Rimliklarga qattiq qarshilik ko’rsatganlar; miloddan avvalgi 57 — 46 yillarda Tsezar legionlari tomonidan bo’ysundirilgan. Belglarning mashhur qabilalari: Remlar, nervilar, bellovaklar, svessonlar, ambianlar, morinlar, menapiyalar, kaletlar, veliokasslar, viromanduylar, aduatuklar, eburonlar, treverlar, atrebatlar, toksandralar, sekvonlar. Avgust davrida (miloddan avvalgi 16 yil) Belgika provintsiyasi barpo etilgan. Gumanistlar tomonidan 16-asrda qayta istilohga kiritilgan Belgika atamasidan Belgiya nomi kelib chiqqan; 2) qadimda Yevropaning qit’a qismidan Janubiy Angliyaga ko’chib o’tgan kelt qabilalari.