BELGOROD
BELGOROD — Rossiya Federatsiyasidagi shahar, Belgorod viloyati markazi. Severskiy Dones daryosi bo’yida. Yirik temir yo’l tuguni. Aholisi 315,2 ming (1999). 1237 yildan ma’lum. Sanoatining eng muhim tarmoqlari: binokorlik materiallari ishlab chiqarish (tsement zavodi, Asbestosement, bo’rohak kombinatlari), mashinasozlik (energetika, kimyo, asbobsozlik, elektrotexnika, radioelektronika sanoati). Oziq-ovqat, kimyo, mebel sanoati korxonalari, o’lkashunoslik va badiiy muzeylar, “Kursk jangi” muzey-dioramasi, yirik issiqlik elektr markazi bor. Belgorod orqali Shebelinka — Moskva gaz quvuri o’tadi. 3 oliy o’quv yurti, 2 teatr, telemarkaz bor.