BEPUSHTLIK

BEPUSHTLIK, tug’maslik, tug’dira olmaslik — voyaga yetgan organizmning nasl (avlod) qoldirishga ojizligi. Odamda — bir maromda (normal) jinsiy hayot kechirib, bo’yida bo’lishdan saqlanish vositalari (kontratsepsiya) dan foydalanmay, kamida 2 yil birga turib farzand ko’rmaslik Bepushtlik hisoblanadi. Bepushtlik erkaklarda ham, ayollarda g’am uchraydi. Erkaklardagi Bepushtlik — tug’dira olmaslikka jinsiy a’zolarning tug’ma nuqsoni, yalliglanish kasalliklari yoki ularning shikastlanishi, jinsiy maylning sustligi, shuningdek endokrin sistema faoliyatining o’zgarishi, urug’ suyuqligi (sperma)da spermatozoidlar (jinsiy hujayralar) bo’lmasligi yoki ularning urug’lantira olish xususiyatining yo’qligi sabab bo’ladi. Ayollardagi Bepushtlik — tug’maslikka bachadon, tuxum yo’llari, tuxumdon va naylarning yallig’lanishi, so’zak, jinsiy a’zolar sili; ichki sekresiya bezlari (tuxumdon, kalqonsimon bez, buirak usti bezi va boshqalar) faoliyatining buzilishi, balog’atga yetish davrida infektsion kasalliklar bilan og’rish natijasida Markaziy nerv sistemasida ro’y bergan jiddiy o’zgarishlar, jinsiy a’zolarning yetilmay qolishi — infantilizm sabab bo’lishi mumkin. Yallig’lanishi tufayli bachadon naylarining bitib qolishi, teshigining juda torayib ketishi sababli ayol tuxum hujayrasi erkak jinsiy hujayrasi (spermatozoid) bilan uchrasha va urug’lana olmaydi yoki urug’langan tuxum hujayraning bachadonga o’tishi kiyinlashadi. Bepushtlikda er-xotin tibbiy ko’rikdan o’tkaziladi. Bepushtlikni iloji boricha barvaqt aniqlab, sabablari bartaraf qilinsa yaxshi natijaga erishish mumkin. Bepushtlikni vrach davolaydi. Yallig’lanish jarayoni bilan bog’liq bo’lgan Bepushtlikda fizioterapiya va kurortlarda davolanish ayniqsa muhim. Endokrin sistemasidagi o’zgarishlar tufayli Bepushtlik ro’y berganda fizioterapiya, kurortlarda davolanish bilan birga gormonal doridarmonlar ham buyuriladi. Bepushtlikning oldini olishda jinsiy a’zolarning yallig’lanish kasalliklarini o’z vaqtida aniqlab davolash, abortga yo’l qo’ymaslik, shaxsiy va jinsiy ozodalik tartiblariga qat’iy amal qilish lozim.