BETATRON
BETATRON — elektronlarning induktsion tezlatgichi. Oddiy transformatorga uxshab tokka ulanadi, ikkilamchi g’altak o’rnida “teshik kulcha” shaklidagi vakuum kamerasi joylashgan. Vakuum kamerasida elektronlar manbai—injektor o’rnatilgan. Vakuum kamerada injektordan chiqqan elektronlar aylana bo’ylab harakatlanganda elektr maydon ta’sirida impulsi ortadi. Betatronda elektronlar energiyasini 300 MeV gacha orttirish mumkin. Betatronda hosil qilingan tezlanishdan ko’pincha sinxrotronlarda elektronlar energiyasini 2-5 MeV gacha yetkazishda foydalaniladi. Sinxrotronlarda orbita radiusi tezlikka mutanosib o’zgarganidan kamera o’lchamlari ortiqcha kattalashmasligi uchun elektronlarni Betatron rejimida tezlatish maqsadga muvofiq. Betatron yordamida jismlar tarkibidagi elementlar tahlil qilinadi. Tezlatilgan elektronlar yoki gammanurlanish yadro fizikasida, ilmiy tadqiqot ishlarida, tibbiyotda nurlanish terapiyasi va tashhis (diagnostika)da, texnikada, defektoskopiya maqsadlarida ishlatiladi. Keyingi vaqtlarda katta energiyaga ega bo’lgan elektronlarni keskin sekinlashtirib olinadigan gammanurlanishdan moddalardagi juda oz miqdordagi “begona” birikmalarni radioaktivlash yo’li bilan tahlil qilishda muvaffaqiyatli foydalanilmoqda. Ayniqsa, 25 MeV energiyaga ega bo’lgan elektron tezlatgichlar bunday ishlarda ancha qo’l kelmoqda.