BESHARIQ TUMANI

BESHARIQ TUMANI — Farg’ona viloyatilagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Farg’ona viloyatining O’zbekiston va Furqat tumanlari, Tojikistonning Konibodom va Asht tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,77 ming kilometr kvadrat. Aholisi 149 ming kishi (2000). Beshariq tumanida 1 shahar (Bsshariq) va 8 qishloq fuqarolari yig’ini (Aydarxon, Beshariq, Vatan, Rapqon, Tovul, Yakkatut, Qashqar, Qorajiyda) bor. Markazi— Beshariq shahri. Tabiati. Relyefi pasttekislik, qir, Toshloq va qumli chala cho’llardan iborat. Janubi g’arbida qum barxanlari, sharqida Markaziy Farg’onaning So’xIsfara massivi bor. Yer yuzasi shimolga Nishab. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -2°, iyulniki 28°. Yiliga 200 millimet yog’in tushadi. Janub qismiga ko’proq yog’in yog’adi. Bahorda g’arbdan sharqqa kuchli (ba’zan sekundiga 30 metr tezlikda) shamol esadi. Vegetatsiya davri 205 kun. Tumanning shimolda Sirdaryo, Janubda Isfara daryosi oqadi, g’arbida Qayroqqum suv ombori bor. Beshariq tumani yerlari Katta Farg’ona kanalidan sug’oriladi. Tuman hududidan So’xIsfara kollektori o’tgan. Tuman qir qismining tuprog’i sershag’al, tekislik qismining tuprog’i esa sug’oriladigan bo’z tuproq. Shuvoq, sho’ra, yantok, qamish, ko’g’a, oq miya, qizil miya, yulg’un, saksovul o’sadi.Yumronqoziq, quyon, echkemar, bo’ri, tulki, har xil ilonlar yashaydi. Tuman yerlarida faqat sug’orib dehqonchilik qilish mumkin. Aholisi, asosan o’zbeklar; ruslar, tojiklar, qirg’izlar, tatarlar va boshqalar ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga o’rtacha 193 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 20 ming kishi, qishloq aholisi 129 ming kishi (2000). Xo’jaligi. Tumanda paxta tozalash zavodi, tibbiyot paxtasi tayyorlaydigan, yigiruv-to’quv va mebel fabrikalari, paxta chiqindisidan karton ishlaydigan va past nav paxtani qayta ishlab tozalaydigan mahalliy sanoat kombinati bor. Tumanda 138 kichik korxona va 2 kooperativ korxona mavjud. Bulardan eng muhimlari: metall qopqoqlar tayyorlovchi, xalq iste’moli mollari chiqaruvchi “Navbahor”, “Bahor” kichik korxonalaridir. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 21,6 ming gektar, shu jumladan 12,3 ming gektar yerga paxta, 0,09 ming gektar yerga sabzavot, 0,9 ming gektar yerga beda, 0,76 ming gektar yerga makkajo’xori, 0,04 ming gektar yerga sholi ekiladi. Beshariq tumanida 3 jamoa xo’jaligi, 4 shirkatlar uyushmasi, 1 xo’jaliklararo korxona, parrandachilik fabrikasi, 148 fermer xo’jaligi va Qo’qon o’rmonchilik xo’jaligining filiali bor. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 46,7 ming qoramol, 32,5 ming qo’y va echki. 54,4 ming parranda bor. Beshariq tumani g’arbidan Toshkent—Qo’qon temir yo’l o’tadi. Yaqin temir yo’l stantsiyasi—Rapqon tuman markazidan 2 kilometr. 1999/2000 o’quv yilida 47 umumiy ta’lim maktabida 33,8 ming o’quvchi, 2 litseyda 236 o’quvchi ta’lim oldi. 9 kinoteatr, 46 ommaviy kutubxona, 24 klub, madaniyat uyi, muzey, 866 o’rinli 5 kasalxona, poliklinika va 54 tibbiy punkti bo’lib, ularda 165 vrach, 654 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi. 1932 yildan “Beshariq tongi” tuman gazetasi chiqadi (adadi 2500).