O’ZBEKISTON RUS AKADEMIK DRAMA TEATRI

O’ZBEKISTON RUS AKADEMIK DRAMA TEATRI — Toshkentdagi ko’hna teatrlardan biri. 1934 yil 21 oktyabrda “Interventsiya” (L.Slavin) spektakli bilan ochilgan. Teatr asoschilari V.A. Chirkin (badiiy rahbar), M.K. Vulkonskiy (direktor). E.V. Rostov (rejissyor), aktyorlardan A.S.Zagarov, E.L.Lenina, A.M.Shestakov, N.S.Firsov, L.M.Petrova, O.I.Andreyeva, O.I.Gerasimova, P.S.Davidov, G.N.Zagurskaya, Z.A.Radeskaya, A.P.Rozantsev, N.G.Ayachaturov va boshqalar teatrning dastlabki ijodkorlaridir. 1936-99 yillar teatr M. Gorkiy nomi bilan yuritilgan. 1967 yildan akademik teatr. 1999 yildan hozirgi nomda. Teatr o’z nomidan kelib chiqib, M.Gorkiy asarlarni sahnalashtirishga e’tibor berdi (“Tubanlikda”, “Dushmanlar”, “Meshchanlar”, “Yegor Bulichyov va boshqalar”, “So’nggilar”, “Quyosh bolalari” va b). 2-jahon urushi yillari “Batalon g’arbga boradi”, “Rus kishilari”, “Oleko Dundich”, “General Brusilov” singari spektakllar qo’yildi. Urushdan keyin teatr jamoasi Toshkent san’at intini tugatgan yoshlar bilan mustahkamlandi. O’sha davrda M.Mansurov, K.Yefremova, V.Aleksandrova, E.Zlobin, D.Alekseyev, N. Alekseyeva, P. Drozdov, V. Rusinov, N.Myagkova teatrning eng mashhur aktyorlari bo’lgan. Ularga E.Yavorskiy, M.Lyubanskiy, R.Tkachuk, V.Resepter, I. Ledogorov kelib qo’shilgan. 50-yillar teatr ijodiy faoliyatida keskin burilish bo’ldi, yangi rejissura, yangi izlanishlar, yangicha ish uslubi natijasida jamoa yangi teatr shakllari asosida ijod qildi. “Chin inson qissasi” (B.Polevoy), “Qandala” (V.Mayakovskiy), “Qashshoq qalb tarixi” (M.Gorkiy), “Irkutsk voqeasi” (A.Arbuzov), “Shohi so’zana” (A.Qahhor), “Paranji sirlari”, “Maysaraning ishi” (Hamza), “Hamlet” (U.Shekspir), “Zulmat hokimiyati” (L.Tolstoy) kabi spektakllar bilan teatr o’z mavqeini mustahkamladi. Dramaturgik asar dunyosiga chuqur kirish bilan o’y va fantaziyalarning aniqligiga erishish, fikr dolzarbligi va ahamiyatiga alohida ahamiyat berish natijasi o’laroq mumtoz asarlardan “Jinoyat va jazo”, “Chayka”, “Don Karlos”, “Revizor”, “Yuksiz sayyoh” hamda “Lamanchalik kishi”, “Xatolar komediyasi”, “Momo yer”, “Valentin va Valentina”, “Avlobar bekasi”, “Uch pullik opera” kabi spektakllar yuzaga keldi. Mustaqillikdan so’ng kuchli aktyorlar guruhi shakllandi, maktab-teatr studiyasi talabalaridan unumli foydalanish, turli mamlakatlar mualliflarining asarlarini sahnalashtirish yo’lga qo’yildi: “Grafinya Yuliya” (A.Strinberg), “Hamma bog’da” (E.Olbi), “Buyuk magiya” (E.De Filippo), “Jorj Danden yoki jinni qilingan yer” (J.Moler), “Xizmatkorlar” (J.Jene), “Har to’kisda bir ayb” (A.Ostrovskiy), “Mehmonxona bekasi”, “Arlekino” (K.Goldoni), “Gogolni o’ynaymiz…”(N.Makyavelli), “Ayollar tangosi” (V.Aslanova) va boshqalar. V.Rusinov, N.Myagkova, N.Sundukova, E.Dmitriyeva, O.Ovchinnikova, L.Stoskaya, G.Lukovnikova, V.Kudashkin, O.Volodina, S.Arxipov, D.Abdulina, O.Vasilev, I.Kiryanov, A.Koshelev, K.Moshchenko, I.Nenashev, A.O’rmonov, L.Xo’jayeva, T.Hoshimova va boshqalar teatrning yetakchi aktyorlaridir (2005). Teatrning badiiy rahbari — V.M.Shapiro. Vladimir Ostrovskiy.