BESHIKTERVATARLAR

BESHIKTERVATARLAR (Mantoptera, Mantodea)—hasharotlar turyaumi. Tanasi yirik va cho’ziq. Boshi tanasidan aniq ajralib turadi, juda harakatchan. Boshining ikki yonida yirik fasetkali ko’zlari joylashgan. Og’iz organlari kemiruvchi tipda. Old ko’krak bo’g’imi juda uzun. Oldingi oyoqlari yirik va uzun, tutuvchi, ichki tomonida yirik tikanlari bor. Boshqa oyoqlari yuguruvchi. Qanotlari yaxshi rivojlangan, to’rsimon. Oldingi qanotlari nisbatan ingichka va qalin bo’lib, tinch holatda keng orqa qanotlari ustida elpig’ichsimon taxlanib turadi. Qorni cho’ziq, yumshoq, 10 bo’g’imli. Xavf xatar tug’ilganida yoki o’lja poylayotganida oldingi oyoqlari va tanasining oldingi qismini dast ko’tarib tebranib turadi. Shu sababdan “beshiktervatar” deb atalgan. Urg’ochisi erkagiga nisbatan yirikroq, tuxumlarini kuzda o’simliklarning shoxlariga, toshlar yoki boshqa narsalar ustiga to’p-to’p qilib maxsus tuxum xaltasi (ooteka)ga qo’yadi. Bahorda tuxumdan chiqqan lichinkalar chala o’zgarish orqali rivojlanadi, 5-8 marta tullab voyaga yetadi. Yil davomida bitta avlodi rivojlanadi. Beshiktevatarlar yirtqich, lichinkalari mayda hasharotlar (shira bitlari, qandalalar, pashshalar, jizildoqlar va boshqalar), voyaga yetgan davrida chigirtkalar, chirildoqlar, arilarni tutib yeydi. Oziq tanqisligida o’z turi individlariga ham hujum qiladi. Ov qilayotgan Beshiktevatarlar o’z joyini boshqalardan qo’riqlaydi. Beshiktevatarlar juda foydali, lekin ularni har xil hasharotlar, qushlar (chug’urchuq, chumchuqlar), o’rgimchaksimonlar tutib yeydi. Dushmanlardan saqlanish uchun Beshiktevatarlarning himoya vositalari: mimikriya, niqoblanish rangi yaxshi rivojlangan. 2000 ga yaqin turi ma’lum, asosan tropik va subtropik mintaqalarda tarqalgan. O’rta Osiyoda va xususan O’zbekistonda 20 ga yaqin turi bor. Beshiktevatarlar turkumi empuzalar (Empusidae) va asl Beshiktevatarlar oilalariga bo’linadi. Patmo’ylov empuza (Empusa pennicornis) yirik (50-60 millimetr) hasharot bo’lib, boshida konussimon uzun o’simtasi bor, erkagining mo’ylovi patsimon, cho’l va tog’oldi mintaqalarida yashil o’tlar orasida uchraydi. Asl Beshiktevatarlar 5-6 urug’ni o’z ichiga oladi. O’rta Osiyoda 3 turi uchraydi. Oddiy Beshiktevatarlar (Mantis religiosa) yirik (50-60 millimetr), yashil yoki ba’zan qo’ng’ir-sarg’ish tusda bo’ladi. Daraxt beshiktervatari (Hierodula temidentata) O’rta Osiyo faunasi uchun endemik, oddiy Beshiktervatardan ustki qanotida oq dog’i (ko’zcha) bo’lishi bilan farq qiladi. Daraxt, buta va tokzorlarda yakka-yakka bo’lib, yashirin hayot kechiradi. Kulrang yoki kaltaqanot beshiktervatar (Bolivaria brachyptera) cho’l va quruq tog’oldi mintaqasida keng tarqalgan. O’tlar va butalar orasida 2000 metrgacha balandlikda uchraydi. Quruq toshloq tog’ yon bag’irlarida Armene urug’iga mansub eng mayda Beshiktevatarlar, xususan A. pusilla uchraydi.