BIZERTA

BIZERTA — Tunis shimolidagi shahar. Bizerta viloyatining ma’muriy markazi. Aholisi 95 ming kishidan ziyod. O’rta dengizga kanal bilan tutashgan Bizerta ko’li sohilidagi yirik port, temir yo’l stantsiyasi. Mamlakatning savdo-sanoat markazi. Bizertada dastlab finikiyaliklar, so’ngra qad. rimliklar, 698 yildan arablar, 1535 — 72 yillarda ispanlar hukmronlik qilgan. 1881 — 1956 yillarda Frantsiya protektorati va 1963 yilgacha yirik harbiy-dengiz bazasi bo’lgan. Neftni qayta ishlash zavodi, rangli metallurgiya, tsement, kemasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Hunarmandchilik (gilam, to’r to’qish) rivojlangan. Bizerta orqali chetga temir rudasi, qo’rg’oshin, tsement, zaytun moyi va boshqa qishloq xo’jalik mahsulotlari chiqariladi.