“BIZNES-VESTNIK VOSTOKA”

“BIZNES-VESTNIK VOSTOKA”, “BVV” (“Sharq biznes xabarlari”) — ishbilarmon va tadbirkorlarning haftalik gazetasi. Toshkentda 1991 yil avgustdan rus tilida nashr etiladi. O’zbekiston Respublikasining iqtisodiyoti, savdo, moliya tizimi, korxonalar, tashkilotlar, firmalar, shuningdek tijorat sohasida ish yurituvchilar faoliyatini yoritadi. Asosan, ishbilarmonlik, tijorat xabarlari va ko’plab reklamalar, maslahatlar, jumladan, O’rta Osiyo tovar bozori haqida ma’lumotlar, O’rta Osiyo davlatlaridagi iqtisodiy islohotlar, xususan, iqtisodiyotga oid me’yoriy qonun hujjatlariga sharhlar beradi. Birja byulletenlari, ma’lumotlarini chop etadi. Sharq va G’arb, uzoq va yaqin xorij mamlakatlari iqtisodiyotining muhim qirralari, mamlakatlararo hamkorlik munosabatlari, O’zbekistonning eng yaxshi firmalari va ishbilarmonlari haqida materiallar beradi. “BVV” Internet aloqa tizimidan foydalanadi. Adadi 10 mingdan ortiq nusxa (2001). MDH va Boltiqbo’yi mamlakatlarida ham o’z obunachilariga ega.